Toshkent metropolitenida haftaning qaysi kunlarida eng ko‘p yo‘lovchi harakatlanishi ma’lum bo‘ldi

Bugun 12:001 daqiqa

Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar oqimi keskin oshib, bir kunlik xizmat ko‘rsatish hajmi 1 million 117 ming nafarga yetdi.

Toshkent metropolitenida haftaning qaysi kunlarida eng ko‘p yo‘lovchi harakatlanishi ma’lum bo‘ldi © Javhar Chorshanbiyeva

«Toshkent metropoliteni» DUK ma’lum qilishicha, 2026 yil may oyida metro xizmatlaridan foydalanuvchilar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada ko‘paygan. Metropolitendan eng ko‘p yo‘lovchilar haftaning payshanba va juma kunlari foydalanmoqda.

Bir yillik solishtiruv

2025 yil 8-may kuni Toshkent metropolitenidan 986 ming 916 nafar yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2026 yil 7-may kuni bu ko‘rsatkich 1 million 105 ming 883 nafarga yetgan. Natijada bir yil ichida 12 foizlik o‘sish qayd etildi.

Shuningdek, 2025 yil 15-may kuni metro xizmatlaridan 953 ming 220 nafar yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2026 yil 14-may kuni ushbu raqam 1 million 44 ming 736 nafarni tashkil qildi. Bu esa 9,6 foizlik o‘sish demakdir.

Joriy oydagi eng yuqori natija

May oyidagi eng yuqori natija 2026 yil 8-may kuni qayd etildi. O‘sha kuni Toshkent metropoliteni bir sutka davomida 1 million 117 ming 61 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 80,5 foizga yuqori bo‘lgan.

Mutaxassislar fikricha, yo‘lovchilar sonidagi o‘sish shaharda jamoat transporti infratuzilmasining kengayishi, metro yo‘nalishlari qamrovining oshishi hamda aholining tez va qulay transportga bo‘lgan ehtiyoji bilan izohlanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid