Neft, «Boeing» va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi: Tramp va Si Xitoyda nimalarga kelishdi va qaysi masalalar ochiq qoldi?

Bugun 19:453 daqiqa

Donald Trampning Xitoyga ikki kunlik tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni yumshatishi kerak edi, ammo muzokaralar cheklangan natijalar bilan yakunlandi.

Neft, «Boeing» va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi: Tramp va Si Xitoyda nimalarga kelishdi va qaysi masalalar ochiq qoldi? © Foto: Xinhua/Yan Yan

AQSH prezidenti Donald Tramp Xitoy raisi Si Jinping bilan muzokaralarni yakunlab, prezident samolyoti orqali Pekinni tark etdi. Muzokaralar ikki superdavlat munosabatlaridagi real o‘zgarishlardan ko‘ra ko‘proq bayonotlar bilan cheklandi.
Uchrashuvning rasmiy yakunlari ataylab noaniq shaklda taqdim etildi: AQSH prezidenti aniq tafsilotlarni ochiqlamasdan «ajoyib savdo kelishuvlari» haqida gapirdi, Xitoy hukumati esa «yangi o‘zaro tushunishlar seriyasi» degan ifoda bilan cheklandi, deb yozadi «The Wall Street Journal».
 
Nimalar e’lon qilindi?

Xitoyning AQSHdan energiya resurslari import qilishi haqida. Asosiy iqtisodiy natija sifatida Doanld Tramp Xitoy Amerika energiya resurslari importni qayta tiklashga tayyorligini aytdi.

«Ular rozi bo‘lishdi, ular Amerika Qo‘shma Shtatlaridan neft sotib olishni xohlayapti», – dedi u «Fox News» telekanaliga bergan intervyusida.


AQSH prezidenti buni dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotning energiya resurslariga bo‘lgan «to‘ymas» ehtiyoji bilan izohladi. Shuningdek, u Xitoy Amerikadan suyultirilgan tabiiy gaz ham xarid qilishni boshlashi mumkinligini istisno qilmadi. Xitoy tomoni esa hozircha bu ma’lumotlarni tasdiqlamagan.

1

«Boeing» samolyotlarini xarid qilish haqida. «Fox News» efirida Doanld Tramp sammitdagi iqtisodiy kelishuvlar ahamiyatini alohida ta’kidlab, avvalgi uchrashuvdagi o‘ttizga yaqin bitim bilan solishtirganda «bu safar ancha yirikroq» natijalar bo‘lganini aytdi.
Biroq «The Wall Street Journal» qayd etishicha, bu kutilmalar hozircha o‘zini oqlamayapti: rasman kutilayotgan 500 ta emas, faqat 200 ta «Boeing» samolyoti xarid qilinishi e’lon qilindi.

Xitoyning Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilishi mumkinligi haqida. Donald Tramp soya va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha yangi bayonotlar bo‘lishini aytdi.
AQSHning savdo vakili Jemison Grir esa agrar sektorda kelishuvlar tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

«Bu tashrif natijasida keyingi uch yil davomida har yili o‘nlab milliard dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha kelishuv imzolanishini kutyapmiz», – dedi u «Bloomberg» agentligiga.


Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy o‘z navbatida yuzlab Amerika go‘shtni qayta ishlash korxonalari uchun import litsenziyalarini uzaytirgan.
 
Tayvan, Eron va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi

Muzokaralarning birinchi bosqichi asosiy kelishmovchiliklar hech qayerga yo‘qolmaganini ko‘rsatdi: Si Jinping Donald Trampni Tayvan atrofidagi xavflar haqida ochiqcha ogohlantirdi.
Xitoy rahbariga ko‘ra, Tayvan masalasiga noto‘g‘ri yondashuv «o‘ta xavfli vaziyat»ga olib kelishi mumkin.
Eron bo‘yicha esa tomonlar pozitsiyasi, bayonotlarga qaraganda, ancha yaqin. Donald Tramp AQSH va Xitoy urushni tugatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish zaruratiga «juda o‘xshash» qaraydi, dedi.
Muzokaralarning ikkinchi kuni oldidan Xitoy tashqi ishlar vaziri ham dengiz qatnovi erkinligini ta’minlash bo‘yicha shunga o‘xshash chaqiriq bilan chiqdi.
Biroq tomonlar hozircha mojaroni hal qilish yo‘lida aniq qadamlar tashlamadi. «Barron's» yozishicha, Donald Trampning Xitoyga tashrifi jiddiy diplomatik yutuqlarsiz yakunlandi: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovi hali ham to‘liq tiklanmagan.
Bozorlar esa Yaqin Sharq neftining asosiy importchilaridan biri bo‘lgan Xitoy bu masalani hal qilishda yordam berishi mumkinligiga umid qilgan edi.
 
Nega bozorlar katta ta’sirni sezmadi?
Xitoy aksiyalari va yuan sammitning so‘nggi kunida pasaydi, Doanld Tramp hamda i Jinping uchrashuvidan keyin Xitoy fond bozori va yuan bir vaqtning o‘zida o‘sishi haqidagi umidlar esa o‘zini oqlamadi, deb xabar berdi «Bloomberg».
«BNY Mellon»ning katta strategi Vi Kun Chong buni sammitdan kelgan ijobiy signallarni AQSHdagi foiz stavkalari bo‘yicha kutilmalar bosib ketgani bilan izohladi:

«Tramp va Si o‘rtasidagi muloqot rivojlanayotgani – ijobiy signal, ammo prognozlardan yaxshiroq chiqqan makroiqtisodiy statistika tufayli AQSHdagi foiz stavkalari bo‘yicha kutilmalar o‘zgarishi bu ta’sirni yo‘qqa chiqaryapti».

2


Asosiy xulosani «American Enterprise Institute» eksperti Rayan Fedasyuk aytdi: Tramp kelishib olishni istagan ko‘plab masalalar hali amalga oshirishga tayyor emas.

«Ochig‘ini aytganda, ko‘p narsalar hali pishib yetilishi kerak», – dedi ekspert CNBCga.

Teglar

Neft, «Boeing» va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi: Tramp va Si Xitoyda nimalarga kelishdi va qaysi masalalar ochiq qoldi? | Vaqt.uz