O‘zbekiston uy-joy bozorida o‘sish sekinlashdi

Aprel oyida uy-joy bozorida faollik pasaygan bo‘lsa-da, narxlar va savdo hajmida ijobiy dinamika saqlanib qoldi.

O‘zbekiston uy-joy bozorida o‘sish sekinlashdi © vaqt.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil aprel oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori tahlilini e’lon qildi.

Hisobotga ko‘ra, oy davomida mamlakat bo‘yicha 23,3 mingta uy-joy bitimi rasmiylashtirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 foizga kam.

Mutaxassislar mart oyida kuzatilgan yuqori faollikni apreldan joriy etilgan eskrou hisob-kitob tizimi bilan izohlamoqda. Shunga qaramay, yil boshidan beri bozorda o‘sish saqlanib qolgan. Xususan, yanvar–aprel oylarida uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 125 mingdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 34,8 foizga ko‘paygan.

Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida qayd etildi. Bu hududda bitimlar hajmi 50 foizga oshgan. Andijon viloyatida o‘sish 42 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Toshkent shahrida uy-joy savdosi yil boshidan beri 46 foizga ko‘paygan.

Qurilish hajmi ortmoqda

Tahlilda qayd etilishicha, bozor faolligi qurilish sur’atlarining oshishi bilan ham bog‘liq. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha 15,9 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 2,8 foiz yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Eng yuqori qurilish hajmi Toshkent viloyatida kuzatilgan. U yerda foydalanishga topshirilgan uy-joy maydoni qariyb 2 million kvadrat metrga yetgan. Andijon viloyatida 1,33 million kvadrat metr, Toshkent shahrida esa qariyb 1 million kvadrat metr uy-joy topshirilgan.

Qayd etilishicha, 2026 yilda mamlakat bo‘yicha 140 mingta yangi turar joy qurish rejalashtirilgan.

Narxlar o‘sishi davom etmoqda

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 8,5 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida — 20 foiz, Surxondaryo viloyatida — 16,5 foiz va Buxoro viloyatida — 16,3 foiz darajasida qayd etilgan.

Toshkent shahri hanuz eng qimmat uy-joy bozori bo‘lib qolmoqda. Aprel oyida ikkilamchi bozorda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 1150 dollarga yetgan. Birlamchi segmentda esa narxlar yanada tez o‘smoqda. Ayniqsa, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek va Bektemir tumanlarida yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilgan.

Teglar

Mavzuga oid