Shavkat Mirziyoyev axaltaka otlari chempionati g‘oliblarini tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sharq marvaridi — 2026» jahon chempionati g‘oliblarini qutlab, axaltaka tulporlari butun Markaziy Osiyo madaniy merosining noyob durdonasi ekanini ta’kidladi.
© Фото: Президент матбуот хизматиO‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev axaltaka otlari bo‘yicha o‘tkazilgan «Sharq marvaridi — 2026» jahon chempionati g‘olib va sovrindorlariga tabrik yo‘lladi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, davlat rahbari musobaqa qatnashchilari va mehmonlarini yuqori natijalar bilan qutlab, ularning mahorati va milliy an’analarga sadoqatini alohida e’tirof etgan.
Tantanali marosim Ashxobod shahridagi «Ashxobod» bog‘ida bo‘lib o‘tgan. Mirziyoyev ushbu maskanni o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va mushtarak ma’naviy qadriyatlarning yorqin ramzi sifatida baholagan.
Prezident o‘z nutqida Markaziy Osiyo xalqlari hayotida ot azaldan ozodlik, jasorat, sadoqat va nafosat timsoli bo‘lib kelganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bugungi kunda ham qardosh xalqlar chavandozlik san’atini rivojlantirib, boy madaniy merosni davom ettirmoqda.
Shuningdek, Turkmanistonda ot sportini rivojlantirishga qaratilgan ishlar yuqori baholandi. Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlayotganini qayd etdi.
Prezident axaltaka tulporlari nafaqat turkman xalqining milliy iftixori, balki butun mintaqa madaniy merosining ajralmas qismi ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, Turkmanistonda o‘tkazilayotgan xalqaro forumlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar chavandozlik san’atiga qiziqishni yanada oshirmoqda.
Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonda ham milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, milliy sport turlarini rivojlantirish va nasldor yilqichilikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini bildirdi. Tabrik so‘ngida u chempionat g‘oliblari va sovrindorlariga mustahkam sog‘liq hamda yangi yutuqlar tiladi.





