Narxi o‘zgaradigan elektr energiyasi va tabiiy gaz, qarzdor qurilish kompaniyalar va Markaziy bankning «bankomat talabi» — 15-may dayjesti

Bugun 22:523 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Narxi o‘zgaradigan elektr energiyasi va tabiiy gaz, qarzdor qurilish kompaniyalar va Markaziy bankning «bankomat talabi» — 15-may dayjesti

«Yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi ma’lum qilindi

2026 yil boshidan buyon O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan «yashil» energiya hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29 foizga oshdi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 14-may holatiga quyosh elektr stansiyalari 2,3 mlrd kWh, shamol elektr stansiyalari esa 1,6 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqargan. Jami qayta tiklanuvchi manbalar hisobiga 6,1 mlrd kWh elektr energiyasi olingan.

Bu hajm orqali 1,6 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalgan va atmosferaga 3,4 mln tonnadan ortiq zararli moddalar chiqarilishi oldi olingan. Mutaxassislarga ko‘ra, ishlab chiqarilgan energiya o‘rtacha 4,4 mln xonadonning 4,5 oylik elektr iste’moliga teng. Shu bilan birga, quyosh panellari orqali ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotish tarifini 800 so‘mdan 250 so‘mga tushirish ehtimoli tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Elektromobillar ulushi oshib, mahalliy avtomobillar qisqarmoqda

O‘zbekiston avtomobil bozorida elektromobillar ulushi tez o‘smoqda. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahliliga ko‘ra, 2024 yil iyunida jami takliflarda elektromobillar ulushi 5,4 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yil apreliga kelib bu ko‘rsatkich 10 foizga yetgan. Shu bilan birga, mahalliy avtomobillar ulushi 53,7 foizdan 47 foizgacha qisqargan.

Tahlillarga ko‘ra, ikkilamchi bozorda «Cobalt» narxi barqaror qolgan, «Onix» esa qimmatlashgan. «Damas», «Labo» va «Nexia» modellarida arzonlashish kuzatilgan. Elektromobillar segmentida «BYD Seagull» 15,5–16 ming dollar, «Yuan Up» 20–21,5 ming dollar atrofida baholanmoqda. Hisobot OLX platformasidagi ochiq e’lonlar asosida tayyorlangan.

Qaysi qurilish kompaniyalari eng ko‘p soliq qarzdorligiga ega?

O‘zbekistonda 2026 yil 1-may holatiga qurilish sohasida soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 1 973 ta korxona qayd etildi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ularning umumiy qarzi 2,9 trillion so‘mdan oshgan. Qarzning 35,5 foizi esa soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan 10 ta kompaniya hisobiga to‘g‘ri keladi.

Eng katta soliq qarzi Andijondagi «New Building Trade Servis» MCHJ hisobiga to‘g‘ri kelib, kompaniyaning qarzi 364,8 milliard so‘mni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Toshkent shahridagi «Tash Building» MCHJ — 174,2 milliard so‘m va «Aziya Invest Favorit» MCHJ — 138,6 milliard so‘m qarz bilan qayd etilgan. Hududlar kesimida eng yuqori qarzdorlik Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgaradi

O‘zbekistonda 2026 yil 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlanib qoladi. Maishiy iste’molchilar uchun oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi narxi 650 so‘m, 201–500 kVt/soat oralig‘ida 900 so‘m, 501–1000 kVt/soatgacha esa 1100 so‘m etib belgilangan.

Tabiiy gaz bo‘yicha aholi uchun isitish mavsumida 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metrgacha iste’mol uchun 1 kub metr gaz 1100 so‘mdan hisoblanadi. Qarorda energiya resurslarini yetkazishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish vazifalari ham belgilangan.

Markaziy bank bankomat muammolarini tezkor hal qilishga chaqirdi

Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov xizmatlarini bankomatlar bilan bog‘liq muammolarni tezkor hal qilishga chaqirdi. Regulyatorga ko‘ra, bank kartasidan pul yechilgani holda naqd pul berilmasligi, karta bankomatda qolib ketishi yoki asossiz komissiya ushlanishi kabi holatlar fuqarolarning mulkiy manfaatlariga salbiy ta’sir qilmoqda.

Markaziy bank banklar va to‘lov servislariga muammoli murojaatlarni ustuvor tartibda ko‘rib chiqish, mijozlarga aniq ma’lumot berish va tasdiqlangan xatoliklar bo‘yicha mablag‘larni avtomatik qaytarishni tavsiya qildi. Shuningdek, bankomatlarning texnik holatini yaxshilash, eski qurilmalarni almashtirish va nosozliklarga tezkor chora ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Teglar

Mavzuga oid