Logo

MB asosiy stavkasi: iqtisodchilar ertangi qaror haqida nima deydi?

Bugun 11:254 daqiqa

29-iyul kuni Markaziy bank asosiy stavka bo‘yicha qaror qabul qiladi. Vaqt.uz iqtisodchilarning ertangi yig‘ilish bo‘yicha prognozlarini jamladi.

MB asosiy stavkasi: iqtisodchilar ertangi qaror haqida nima deydi?

Ertaga Markaziy bank asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi qarorini e’lon qiladi. Vaqt.uz an’anaga muvofiq, qaror qabul qilinishidan oldin iqtisodchilarning kutilmalari va fikrlarini jamladi.

«0,5 bandga pasaytirish ehtimoli har doimgidan yuqoriroq» — Otabek Bakirov

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bu safar asosiy stavkaning 0,5 foiz bandiga pasaytirilishi ehtimoli yig‘ilishlarga nisbatan yuqoriroq. O‘zgartirmay qolishi yoki 1 foiz bandiga pasaytirilishi ehtimoli kamroqdek ko‘ringan.

Bakirovning ta’kidlashicha, yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha vazifalarning qo‘yilayotgani, milliy valuta kursining barqarorligi, yozgi mavsumiy deflyatsiya davrining boshlanganligi, energiya tariflari oshirilishining qisqa muddatli ta’siri kuz oylarida sezila boshlashi, kreditlash sur’atlarining yuqori emasligi hamda Markaziy bankning o‘tgan yig‘ilishdagi ishoralari aynan shunday kutilmalarni shakllantirmoqda.

«Stavkaning transmissiya mexanizmi hali juda zaif» — Behzod Hoshimov

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning fikricha, Markaziy bank bu gal ham asosiy stavkani o‘zgartirmaydi.

Uning ta’kidlashicha, hozircha stavkani oshirish yoki pasaytirishga shoshilinch ehtiyoj yo‘q. Bunga sabab esa O‘zbekistonda asosiy stavkaning real iqtisodiyot va inflatsiyaga ta’sirini ta’minlaydigan transmissiya mexanizmi hali yetarlicha kuchli emas. Bundan tashqari, ma’muriy narxlar hamda bozordan tashqari ajratilgan kreditlarning ulushi yuqoriligicha qolmoqda.

«O‘zbekistonda stavkaning real iqtisodiyot va inflatsiyaga o‘tishi, ya’ni transmissiya mexanizmi hali juda zaif. Ma’muriy narxlar va bozordan tashqarida berilgan kreditlarning ulushi katta. Shu bois inflatsiyaga ta’sir nuqtai nazaridan qaraganda, stavkani biror bandga qimirlatishdan ko‘ra fiskal siyosat, tarif siyosati va transmissiyani mustahkamlovchi strukturaviy islohotlar ancha muhimroq. Agar tanlash kerak bo‘lsa, talab kuchli, inflatsiya qayta tezlashayotgan paytda tushirish ishonchni zaiflashtirishi mumkin», — deydi Behzod Hoshimov.

«Asosiy stavkani pasaytirish uchun asoslar mavjud, lekin inflyatsion xatarlar saqlanib qolmoqda» — Mirkomil Xolboyev

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning fikricha, bu safargi asosiy stavka bo‘yicha qaror Eron va AQSH o‘rtasidagi keskinlikning yana kuchayishi hamda energiya resurslari narxlari oshishi ortidan global noaniqliklar kuchaygan sharoitda qabul qilinadi.

Uning ta’kidlashicha, may oyida o‘tgan yildagi energiya narxlari oshirilishining bazaviy ta’siri yo‘qolishi hisobiga yillik inflatsiya 5,5 foizgacha sekinlashgan edi. Biroq iyun oyida energiya tariflarining navbatdagi oshirilishi natijasida inflatsiya yana 6,4 foizgacha tezlashdi. Shu bilan birga, energiya narxlari o‘sishining oylik inflatsiyaga ta’siri 0,38 foiz bandni tashkil etgan. Umumiy inflatsiya oshganiga qaramay, bazaviy inflatsiya 5,7 foiz darajasida o‘zgarmay qolgan.

photo_2026-07-28_11-23-35

Manba: Mirkonomika

Natijada, iyun oyida asosiy stavka bilan umumiy inflatsiya o‘rtasidagi ijobiy farq 7,6 foizni, asosiy stavka bilan bazaviy inflatsiya o‘rtasidagi farq esa 8,3 foizni tashkil etgan. Bundan tashqari, energiya tariflari oshgan bo‘lsa-da, aholi inflyatsion kutilmalari 10,1 foiz darajasida saqlanib qolgan va asosiy stavka bilan bu ko‘rsatkich o‘rtasidagi farq yil boshiga nisbatan 1,1 foiz bandga oshib, 3,9 foizni tashkil qilgan.

Xolboyevning fikricha, stavkani pasaytirish uchun ma’lum asoslar mavjud. Biroq energiya tariflari oshishining ikkilamchi ta’siri hali to‘liq namoyon bo‘lmagan. Kelgusi oylarda bu omil inflatsiyani tezlashtirishi va inflyatsion kutilmalarni yomonlashtirishi mumkin.

Shuningdek, iqtisodiyot yuqori sur’atlarda o‘sishda davom etmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida real iqtisodiy o‘sish 8,1 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,9 foiz bandga tezlashgan. Bu esa talab omillari orqali inflyatsion bosim saqlanib qolayotganini anglatadi. Bunday sharoitda pul-kredit siyosatini yumshatish inflyatsion xatarlarni kuchaytirishi mumkin.

Iqtisodchi yana bir xavf sifatida jahon oziq-ovqat narxlarining yuqoriligini ko‘rsatadi. Uning qayd etishicha, iyun oyida biroz pasayganiga qaramay, FAO oziq-ovqat narxlari indeksi yil boshiga nisbatan 5 foiz yuqori shakllangan. Ayniqsa, go‘sht, don mahsulotlari va o‘simlik yog‘lari narxlarining sezilarli qimmatlashgani geosiyosiy keskinlik fonida oziq-ovqat inflatsiyasi xavfini oshirmoqda.

Bundan tashqari, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat hamon asosiy noaniqlik manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Xolboyevning fikricha, AQSH hujumlarni to‘xtatganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, vaziyatning qancha davom etishini oldindan aytish qiyin.

Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta Qozog‘iston Markaziy banki asosiy stavkani 0,25 foiz bandga pasaytirib, 16,75 foiz etib belgilaganini, AQSH Federal rezerv tizimi esa joriy haftadagi yig‘ilishda stavkani o‘zgartirmasligi kutilayotganini eslatdi. Yevropa Markaziy banki ham o‘tgan haftadagi yig‘ilishda stavkani o‘zgarishsiz qoldirgan.

«Umuman olganda, asosiy stavkani pasaytirish uchun asoslar mavjuddek, lekin inflatsiyaga nisbatan xatarlar saqlanib qolmoqda. O‘tgan yig‘ilishda shart-sharoitlar nisbatan yaxshi bo‘lishiga qaramasdan Markaziy bank nisbatan konservativ pozitsiyada qolib, asosiy stavkani o‘zgartirmagan edi. Bu safar esa shart-sharoitlar o‘tgan yig‘ilishga nisbatan biroz yomonlashgan. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirsa kerak», — dedi Mirkomil Xolboyev.

«Inflatsiyaning pasayishi stavkani tushirish uchun asos» — Fozil Dodiyev

Iqtisodchi Fozil Dodiyevning fikricha, inflatsiya pasayishda davom etayotgan bir paytda Markaziy bank asosiy stavkani ham bosqichma-bosqich pasaytirishi lozim.

Uning qayd etishicha, 2026 yil iyun oyi yakunida yillik inflatsiya 6,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil yakunida bu ko‘rsatkich 7,3 foiz bo‘lgan. Bu esa inflatsiya sekinlashayotganini ko‘rsatadi.

«Asosiy stavka inflatsiya darajasi pasayishi bilan tushirilishi lozim. 2026 yil iyun oyi oxirida inflatsiya darajasi 6,4 foiz bo‘lgan, 2025 yil yakuni bo‘yicha esa 7,3 foizni tashkil etgan. Ushbu tendensiya asosiy stavkani tushirish uchun asos bo‘ladi», — dedi Fozil Dodiyev.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank oxirgi marta 17-iyun kuni asosiy stavka masalasini ko‘rib chiqib, 14 foizga o‘zgarishsiz qoldirgan edi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 167

Barchasi

Mavzuga oid