
«Moskva rejalari Markaziy Osiyoga qaratilgan» — Aleksandr Stubbdan ogohlantirish
Finlandiya prezidentiga ko‘ra, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari geosiyosiy bosimlar oldida eng himoyasiz hududlar hisoblanadi.

Hozirgi global geosiyosiy vaziyat sobiq SSSR tarkibiga kirgan davlatlar uchun jiddiy xatarlar tug‘dirmoqda. Bu haqda Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb «Washington Post» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning davlat siyosati va mafkurasi hali-hamon hududiy kengayish g‘oyalariga tayanadi.
Stubbning fikricha, Kreml siyosatida «rus dunyosi» konsepsiyasi muhim o‘rin tutadi. Ushbu g‘oya yagona rahbar atrofida markazlashgan davlat tuzilishi, umumiy til va diniy qadriyatlar asosida birlashishni nazarda tutadi.
Nega Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz eng zaif nuqtalar?
U Yevropa davlatlarining asosiy e’tibori Polsha, Finlandiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari xavfsizligiga qaratilganini eslatdi. Biroq, Stubbning baholashicha, bugungi geosiyosiy sharoitda Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo eng yuqori xavf ostida qolmoqda. Sababi, mazkur hududlar NATOning xavfsizlik mexanizmlari bilan himoyalanmagan va tashqi ta’sirlarga nisbatan zaif.
Finlandiya yetakchisi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha bor Sovet Ittifoqining parchalanishini XX asrning eng yirik geosiyosiy fojiasi deb ataganini eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat Moskvaning strategiyasida bevosita o‘z aksini topmoqda.
Kreml tashviqoti va suverenitetga nisbatan tahdidlar
So‘nggi oylarda Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarida sobiq ittifoq respublikalarining suverenitetiga tahdid soluvchi fikrlar tobora ko‘paymoqda. Ayniqsa, teledasturlar orqali qo‘shni davlatlarga nisbatan tahdidli va mensimaslik ruhidagi chiqishlar tez-tez yangramoqda.
Xususan, «Vladimir Solovyov bilan oqshom» ko‘rsatuvi efirida siyosatshunos Sergey Mixeyev postsovet hududidagi mamlakatlar Rossiya tomonidan «taltaytirib yuborilgani» da’vo qilgan.
Undan avvalroq Solovyovning o‘zi ham Rossiya Ukraina tashqarisida ham «maxsus operatsiyalar» o‘tkazishi mumkinligi haqida ochiqchasiga aytgan va amalda bir qator sobiq SSSR davlatlariga nisbatan chegaralar daxlsizligi tamoyilini shubha ostiga qo‘ygan.





