Nega narx tushganda ham oltin eksporti to‘xtamaydi?
Oltin narxi pasayganda uni sotish foydali emasdek tuyuladi. Ammo nima uchun oltin ishlab chiqaruvchi davlatlar eksportni to‘xtatmaydi va bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?

2026-yil oltin bozori uchun rekordlar va keskin pasayishlar yili bo‘ldi. Yil boshida bir troya unsiyasi narxi tarixiy rekord daraja — qariyb 5,6 ming dollargacha ko‘tarilgan bo‘lsa, iyun oyiga kelib 4 ming dollardan ham pastlagan. Iyul oyi o‘rtalariga kelib narxlar 4 037 dollar atrofida shakllanmoqda.
Bir qarashda bunday pasayish oltin eksport qiluvchi mamlakatlar uchun jiddiy muammoga aylanadi. Biroq O‘zbekiston misolida buning aksini ko‘rish mumkin, ya’ni mamlakat oltin narxi pasayganiga qaramay, eksportni davom ettirmoqda.
Eksport nega to‘xtamaydi?
Buning asosiy sababi ishlab chiqarish tannarxi juda pastligi bilan bog‘liq.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) dunyodagi yetakchi oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, korxonada bir unsiya oltin ishlab chiqarishning umumiy tannarxi 979 dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Rossiyadagi Polyus’dan keyin dunyoda ikkinchi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
NKMKning London fond birjasiga taqdim etgan rasmiy hujjatlariga ko‘ra, 2024-yilda kompaniyaning bir unsiya oltin ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy pul xarajati (Total Cash Cost – TCC) 828 dollarni, umumiy barqaror ishlab chiqarish xarajati (All-in Sustaining Cost – AISC) esa 979 dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2023-yilda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 745 va 866 dollarni, 2022-yilda esa 648 va 778 dollarni tashkil qilgan.

Shunga qaramay, tannarxning o‘sishi kompaniyaning rentabelligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. NKMKning 2025-yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan IFRS moliyaviy hisobotida keltirilishicha, AISC qiymati bir yilda 1 358 dollargacha oshgan. Bunga asosan royalti to‘lovlarining ko‘payishi, yoqilg‘i narxlarining qimmatlashuvi va ish haqi xarajatlarining ortishi sabab bo‘lgan. Biroq shu davrda kompaniyaning daromadi 46,4 foizga o‘sib, 10,82 milliard dollarga yetgan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilda xalqaro bozorda bir unsiya oltinning o‘rtacha narxi 3 435–3 446 dollarni tashkil etgan. Xuddi shu davrda NKMKda bir unsiya oltin ishlab chiqarishning umumiy barqaror tannarxi (AISC) 1 358 dollar bo‘lganini hisobga olsak, kompaniya har bir unsiyadan qariyb 2,1 ming dollar miqdorida daromad olgan. Yil oxirida oltin narxi 4,5 ming dollarga yaqinlashgan paytda esa bu farq 3 ming dollardan ham oshgan.
Vaqt.uz avvalroq Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025-yilda sof foyda hajmini rekord darajada oshirib, 3,5 mlrd dollarlik qiymatga ega bo‘lgani haqida yozgandi.
Bundan tashqari, NKMK dunyodagi to‘rtinchi yirik oltin ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, korxonada 47 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Bunday yirik ishlab chiqarish majmuasini vaqtincha to‘xtatish nafaqat kompaniya daromadlariga, balki davlat budjeti tushumlari, eksport hajmi va bandlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
«Arzonida ol, qimmatida sot»
So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston Markaziy banki oltin zaxiralarini boshqarishda bozor sharoitiga moslashuvchan strategiyani qo‘llayotganini ko‘rish mumkin.
Mamlakat olti oy – 2025-yil sentabridan 2026-yil martigacha bo‘lgan davrda umuman oltin eksport qilmadi. Bu davrda mamlakatning oltin-valuta zaxiralari 60,8 tonnani tashkil qilgan.
Markaziy bank esa ichki bozordan, asosan Navoiy kon-metallurgiya kombinati ishlab chiqargan oltinni xalqaro narxlarda sotib oldi. Natijada yil boshidan buyon 25 tonna oltin xarid qilinib, Jahon Oltin Kengashi (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Polshadan keyin dunyodagi ikkinchi yirik sof oltin xaridoriga aylandi.
2026-yilning aprel oyiga kelib vaziyat o‘zgardi. Xalqaro bozorda oltin narxi tarixiy yuqori darajalarga ko‘tarilgach, O‘zbekiston bir oy ichida 1,5 milliard dollarlik oltin eksportini amalga oshirdi. Bu 2025-yil sentabridan buyon qayd etilgan ilk yirik eksport hisoblanadi.
Biroq eksport hajmi avvalgi yilga nisbatan ancha kam bo‘lgan. Masalan, 2025-yilning yanvar–aprel oylarida 5,48 milliard dollarlik oltin sotilgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,5 milliard dollar (qariyb to‘rt baravar kam) ni tashkil etdi.
Oltindan tushgan daromadlar inflatsiyani ham oshirishi, ham jilovlashi mumkin
Oltin eksportidan tushadigan daromadlar davlat budjeti uchun katta moliyaviy imkoniyatlar yaratadi. Biroq bu jarayonning ikkinchi tomoni ham bor. Agar qo‘shimcha daromadlar oqilona boshqarilmasa, ular iqtisodiyotda inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkin.
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) ham O‘zbekiston bo‘yicha 2025-yilgi Article IV missiyasi yakunlarida aynan shu xavfga e’tibor qaratgan. Jamg‘arma ekspertlariga ko‘ra, oltin narxining keskin o‘zgarishi davlat budjetiga bevosita ta’sir qiladi. Narxlar yuqori bo‘lgan davrda hukumat kutilganidan ko‘proq daromad oladi, narxlar pasayganda esa aksincha, budjet tushumlari qisqaradi. Agar davlat xarajatlari ham aynan shu tebranishlarga mos ravishda o‘zgarib borsa, iqtisodiyotdagi makroiqtisodiy beqarorlik yanada kuchayishi mumkin.
Bu mexanizm qanday ishlaydi?
Jarayon oddiy zanjir asosida yuz beradi.
Avvalo, jahon bozorida oltin narxi oshadi. Natijada mamlakatning oltin eksportidan tushadigan daromadi ham ortadi. Davlat budjetiga rejalashtirilganidan ko‘proq mablag‘ kelib tushadi. Iqtisodiyotda bu holat «revenue overperformance», ya’ni kutilganidan yuqori budjet tushumi deb ataladi.
Qo‘shimcha mablag‘lar hisobiga davlat investitsiya loyihalari, ijtimoiy dasturlar yoki budjet xarajatlarini kengaytirishi mumkin. Natijada iqtisodiyotga ko‘proq pul kiradi, aholining va korxonalarning xarid qobiliyati oshadi.
Talabning taklifga nisbatan tezroq o‘sishi esa narxlarning ko‘tarilishiga olib keladi. Iqtisodiyotda bu talab inflatsiyasi (demand-pull inflation) deb ataladi.
Bunday vaziyatda inflatsiyani jilovlash vazifasi Markaziy bank zimmasiga tushadi. Regulyator odatda foiz stavkalarini yuqori darajada ushlab turish yoki ortiqcha likvidlikni sterilizatsiya qilish orqali iqtisodiyotdagi pul massasini nazorat qilishga harakat qiladi.
2026-yilning birinchi choragida aynan shunday holat kuzatildi.
Global bozorda oltin narxining yuqori bo‘lishi hisobiga davlat budjeti daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35 foizga oshdi. Xarajatlar esa 22 foizga ko‘paydi. Natijada davlat budjetida 7,7 trillion so‘m profitsit shakllangan.

Shu sababli XVJ hukumatga davlat xarajatlarini oltin narxiga bevosita bog‘lab qo‘ymaslikni, ya’ni yuqori daromadlar davrida ham ehtiyotkor fiskal siyosat yuritishni tavsiya qilgan.
«Gollandiya kasalligi» xavfi nimada?
Oltin narxining uzoq muddat yuqori bo‘lib qolishi yana bir xavfni yuzaga chiqaradi. Bu iqtisodiyotda «Gollandiya kasalligi» (Dutch disease) deb ataladigan hodisadir.
Mazkur nazariya ilk bor 1970-yillarda Niderlandiyada tabiiy gaz eksportining keskin oshishi ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarni izohlash uchun qo‘llanilgan.
Uning mohiyati shundaki, resurs eksportidan kelayotgan katta valuta oqimi milliy valutani mustahkamlaydi yoki qat’iy kurs sharoitida ichki narxlarning o‘sishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda boshqa eksport tarmoqlari — masalan, mashinasozlik, to‘qimachilik yoki tayyor sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari xalqaro bozorda raqobatbardoshligini yo‘qota boshlaydi.
Natijada iqtisodiyot bir resursga ko‘proq tayanib qoladi. Agar keyinchalik ushbu resurs narxi keskin pasaysa, mamlakat iqtisodiyoti ham jiddiy zarar ko‘rishi mumkin.
Shu bois xalqaro moliya institutlari O‘zbekiston uchun oltin eksportidan tushayotgan qo‘shimcha daromadlarni joriy xarajatlarga emas, balki iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish va unumdorlikni oshirishga yo‘naltirishni muhim vazifa sifatida ko‘rmoqda.
Oltin — inflatsiyani jilovlovchi omil ham
Oltin eksportidan tushadigan daromadlar ikkinchi tomondan O‘zbekiston iqtisodiyotini tashqi xatarlardan himoya qiluvchi eng muhim moliyaviy «yostiqcha» vazifasini ham bajaradi.
Birinchi navbatda, bu milliy valuta barqarorligida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qanchalik katta bo‘lsa, Markaziy bankning valuta bozoridagi imkoniyatlari ham shunchalik keng bo‘ladi. Global bozorlarda noaniqlik kuchaygan yoki xorijiy valutaga talab oshgan vaziyatlarda aynan ushbu zaxiralar so‘m kursining keskin qadrsizlanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Bu esa inflatsiyaga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Chunki O‘zbekiston iste’mol qiladigan ko‘plab mahsulotlar — yoqilg‘i, dori vositalari, texnika, xomashyo va boshqa tovarlar import qilinadi. Agar so‘m keskin qadrsizlansa, ushbu mahsulotlarning narxi ham avtomatik ravishda oshadi. Iqtisodiyotda bu import inflatsiyasi deb ataladi.Markaziy bank inflatsiyani qanday nazorat qiladi?
Oltin eksportidan mamlakatga katta miqdorda valuta kirib kelishi iqtisodiyotdagi pul massasini ham oshiradi. Agar bu mablag‘lar nazoratsiz muomalaga chiqib ketsa, narxlarning o‘sishi tezlashishi mumkin.
Shu sababli Markaziy bank sterilizatsiya deb ataladigan pul-kredit instrumentidan foydalanadi.
Bunda regulyator tijorat banklaridagi ortiqcha mablag‘larni maxsus moliyaviy instrumentlar orqali vaqtincha o‘ziga jalb qiladi. Buning uchun asosan 7 kunlik obligatsiyalar va overnight (bir kunlik) depozitlar qo‘llaniladi.
Natijada iqtisodiyotdagi ortiqcha pul massasining bir qismi muomaladan vaqtincha chiqariladi va inflyatsion bosim kamayadi.
2026-yilning birinchi choragida bank tizimidagi kunlik o‘rtacha ortiqcha likvidlik 55,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning to‘rtinchi choragida bu ko‘rsatkich 31,8 trillion so‘m bo‘lgan.
Likvidlikning bunday tez o‘sishi fonida Markaziy bank sterilizatsiya hajmini ham sezilarli ravishda kengaytirdi. Bu, aslida, oltin eksportidan iqtisodiyotga kirib kelayotgan qo‘shimcha pul mablag‘lari inflatsiyaga aylanishining oldini olishga qaratilgan asosiy mexanizmlardan biridir.So‘m kursi nima uchun muhim?
Markaziy bank tadqiqotlari milliy valuta barqarorligi inflatsiyani nazorat qilishda qanchalik muhim ekanini ham ko‘rsatadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, so‘mning nominal kursi atigi 1 foizga qadrsizlansa, bu keyingi 10 oy davomida inflatsiyani o‘rtacha 0,2 foiz punktga oshirishi mumkin.Hozirgi vaziyat qanday?
So‘nggi ikki yilda inflatsiya bosqichma-bosqich pasayib bormoqda.
2024-yil yakunida yillik inflatsiya 9,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 7,3 foizgacha tushdi. 2026-yil iyun oyida esa inflatsiya 6,4 foiz darajasida qayd etildi.
Biroq tashqi xatarlar saqlanib qolmoqda.
Xalqaro valuta jamg‘armasi Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik va neft narxlarining oshishi fonida O‘zbekiston uchun 2026-yilgi inflatsiya prognozini 6,5 foizdan 6,8 foizgacha oshirdi.
Shunga qaramay, Markaziy bank pul-kredit siyosatini qat’iy saqlab qolmoqda. Asosiy stavka 2025-yil mart oyidan buyon 14 foiz darajasida qoldirilgan. Bu inflatsiya darajasidan yuqori bo‘lganligi sababli iqtisodiyotda real ijobiy foiz stavkasi saqlanib, narxlar o‘sishini cheklab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston oltin qazib olishda TOP-10 ta davlatga kirishi haqida yozgan edik.
Teglar





