Logo

O‘zbekiston delegatsiyasi Netanyahuning BMTdagi nutqini boykot qildi

Bugun 22:242 daqiqa

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu BMT minbariga ko‘tarilgan vaqtda zalni tark etgan delegatsiyalar orasida O‘zbekiston vakillari ham bo‘lgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Netanyahuning BMTdagi nutqini boykot qildi

24-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 81-sessiyasi doirasida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu nutq so‘zlashni boshlagan paytda o‘nlab davlatlar delegatsiyalari zalni tark etdi. Ular orasida O‘zbekiston vakillari ham bo‘lgan. Buni «Reuters» agentligi tarqatgan fotosuratlar tasdiqlaydi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasining joylari ham bo‘sh qolgani ko‘rinadi.

«Reuters» tarqatgan kadrlarda Netanyahu minbarga ko‘tarilgan vaqtda delegatsiyalarning birin-ketin chiqib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Shu bilan birga, Netanyahu nutqi vaqtida zalni tark etgan davlatlarning to‘liq rasmiy ro‘yxati BMT tomonidan e’lon qilinmagan.

Turli manbalar tarqatgan videolarda Saudiya Arabistoni, Sudan, Tunis, O‘zbekiston, Shri-Lanka, Bangladesh, Jazoir, Eron, Malayziya, Chernogoriya va Qirg‘iziston delegatsiyalariga tegishli o‘rinlar bo‘sh qolgani ko‘rinadi. Shuningdek, Iordaniya, Liviya, Marshall orollari va Mavrikiy vakillarining o‘rinlari ham bo‘sh bo‘lgan.

Ayrim xabarlarda esa Turkiya, Eron, Pokiston, Afg‘oniston, Bangladesh, Indoneziya, Malayziya, Bruney-Darussalom, Maldiv orollari, Myanma, Shimoliy Koreya, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari nutq vaqtida zaldan chiqqani aytilgan.

«Associated Press» agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Falastinning BMTdagi missiyasi boshqa davlatlar delegatsiyalarini Netanyahu nutqi vaqtida zalni tark etishga chaqirgan. Natijada, nutq boshlanganida zalda ko‘plab o‘rindiqlar bo‘shab qolgan.

Isroil bosh vaziri esa ularni «ma’naviy qo‘rqoqlar» deb atagan.

Netanyahu BMTda nimalar dedi?

Netanyahu 40 daqiqaga yaqin davom etgan nutqida Isroilning G‘azo va Erondagi harbiy harakatlarini oqlagan. U Isroil G‘azoda genotsid sodir etayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib, mamlakat harakatlarini o‘zini himoya qilish chorasi sifatida baholagan. Shuningdek, u Eronga qarshi AQSH va Isroilning qo‘shma zarbalarini ham yoqlab chiqqan.

Isroil bosh vaziri Nyu-York meri Zohran Mamdanini, G‘arbiy Yevropa davlatlarini, shuningdek, Qatar va Turkiyani ham tanqid ostiga olgan.

Netanyahuning nutqidan oldin Nyu-Yorkdagi BMT qarorgohi yaqinida yuzlab namoyishchilar to‘plangan.

O‘zbekistonning BMTdagi ishtiroki

O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Bosh assambleyasining joriy sessiyasidagi boshqa tadbirlarda ham faol ishtirok etdi. 24-sentabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva sessiya doirasida nutq so‘zlab, O‘zbekistonning ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro muloqot tamoyillariga sodiqligini ta’kidladi. U o‘z chiqishida Markaziy Osiyo va Orol muammosi, yurtdagi islohotlar, sun’iy intellekt, qonun ustuvorligi hamda inson huquqlari masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid