Logo

«O‘zbekiston o‘z tanlovini amalga oshirdi — bu ochiqlik». Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zladi

Bugun 09:324 daqiqa

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT minbaridan turib, O‘zbekiston 2035–2036 yillarda Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surayotganini e’lon qildi.

«O‘zbekiston o‘z tanlovini amalga oshirdi — bu ochiqlik». Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zladi © BMT

AQSHning Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT minbaridan nutq so‘zladi. Ma’ruza davomida O‘zbekistonning 2035–2036 yillarda BMT Xavfsizlik kengashiga doimiy bo‘lmagan a’zolikka nomzodi ilgari surilishi e’lon qilindi hamda tashkilotni zamonaviy talablarga moslashtirish zarurligi ta’kidlandi.

«Bizning tanlovimiz — ochiqlik va inson qadri»

Global keskinlik va urushlar fonida davlatlar muayyan tanlov qarshisida qolayotganini ta’kidlagan Saida Mirziyoyeva, O‘zbekistonning pozitsiyasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Bugun insoniyat oson bo‘lmagan davrni boshidan kechirmoqda. Butun dunyoda urushlar davom etyapti. Siyosiy keskinliklar kuchayib, o‘zaro ishonch yo‘qolmoqda. Tengsizlik ortib boryapti. Shunday bir vaqtda mamlakatlar tanlov qarshisida turibdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston o‘z tanlovini amalga oshirdi — bu ochiqlik. Qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlar. Dunyo bilan samarali muloqot. Ochiqlik esa hech qachon zaiflik degani emas», — dedi Mirziyoyeva.

Uning ta’kidlashicha, davlatlarning haqiqiy kuchi uning harbiy yoki iqtisodiy salohiyati bilan o‘lchanmaydi.

 «Biz ta’lim olishga, kasb egallashga va o‘z kelajagini o‘zi belgilashga qaror qilgan yoshlarni tanlaymiz. Chunki davlatning haqiqiy kuchi uning harbiy yoki iqtisodiy salohiyati bilan o‘lchanmaydi. Mamlakatning qudrati, eng avvalo, inson qadr-qimmati, huquq va manfaatlarini qanchalik himoya qila olishi bilan belgilanadi», — deya ta’kidladi Administratsiya rahbari.

BMT islohotlari va Xavfsizlik kengashiga nomzodlik

Shuningdek, Mirziyoyevaning nutqida bugungi kunda hech bir davlat, qanchalik qudratli bo‘lmasin, global muammolarni yolg‘iz o‘zi hal qila olmasligi ma’lum qilindi.

«Shuning uchun bizga Birlashgan Millatlar Tashkiloti har qachongidan ham ko‘proq kerak. Bizga qarorlarni shunchaki qabul qiladigan emas, balki ularni ijro eta oladigan BMT kerak. Bizga har bir mamlakatning ovozi eshitiladigan BMT kerak», — deyiladi nutqda.

O‘zbekiston BMT Xavfsizlik kengashi tarkibini zamonaviy voqeliklar asosida kengaytirishni qo‘llab-quvvatlashi bildirildi. Qayd etilishicha, kelasi yili mamlakat Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston 2035 va 2036 yillar uchun BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surgani aytildi.

«Shu ruhda O‘zbekiston 2035–2036 yillar uchun Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini ilgari surdi. Biz sizning qo‘llab-quvvatlashingizga ishonamiz», — dedi Saida Mirziyoyeva.

Iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy statistika

Nutq davomida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mezoni — odamlarning hayoti yaxshilanayotgani bilan o‘lchanishi ta’kidlanib, so‘nggi 10 yillikdagi statistik ko‘rsatkichlar keltirildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston aholisining xarid qobiliyati ikki barobarga oshgan, iqtisodiyot 50 milliard dollardan 147 milliard dollargacha o‘sgan va 150 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoya jalb qilingan.

«Eksport hajmi qariyb uch barobarga oshdi. Kambag‘allik darajasi 4 foizga tushdi va qariyb 10 million kishi kambag‘allikdan chiqarildi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan qariyb 45 foizga o‘sdi. O‘rtacha umr ko‘rish 66 yoshdan 75 yoshdan oshdi. Onalik va bolalar o‘limi to‘rt barobarga kamaydi», — deya raqamlarni keltirdi PA rahbari.

Shuningdek, oktabr oyida Samarqand shahrida bolalar farovonligi masalalari bo‘yicha xalqaro hamjamiyat ishtirokida yirik tadbir o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Markaziy Osiyo va Afg‘oniston masalasi

Yaqin vaqtlargacha Markaziy Osiyo hal etilmagan chegara bahslari, suv resurslarini boshqarish muammolari va boshqa ko‘plab nizolar fonida tilga olingani, biroq bugungi kunda mintaqadagi muhit to‘liq o‘zgargani e’tirof etildi.

«Biz bir-birimizga xavf manbai emas, balki hamkor sifatida qaray boshladik. Afg‘oniston masalasiga ham yondashuv shunday. Afg‘onistonni faqat xavf manbai sifatida ko‘rish muammoni hal qilmaydi. Ko‘p millatli afg‘on xalqini o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirish ham yechim emas», — dedi Saida Mirziyoyeva.

Orol fojiasi va sun’iy intellekt

Ma’ruzada ekologiya va texnologiyalar mavzusiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Orol dengizining qurishi tabiiy ofat emasligi, balki o‘nlab yillar davomida qabul qilingan noto‘g‘ri qarorlar va tabiatga nisbatan adolatsiz munosabat natijasi ekani aytildi.

«Yangi O‘zbekiston ushbu muammo ko‘lamini kamaytirish uchun dengizning qurigan tubida yashil hududlar barpo etmoqda. Biz zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilyapmiz. 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz. Biz Orol dengizi shunchaki ekologik fojia ramzi bo‘lib qolishini istamaymiz. U ekologik yechimlar maydoniga aylanishi kerak. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027–2036 yillarni daraxtlarni ko‘paytirish va o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi deb e’lon qildi. Ushbu rezolyutsiyani amaliy natijalar bilan mustahkamlash vaqti keldi», — dedi Administratsiya rahbari.

Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida sun’iy intellekt masalasiga ham to‘xtaldi.

Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt inson huquqlari, xavfsizlik, teng imkoniyatlar va javobgarlikdan ayro bo‘lmasligi lozim. Texnologik taraqqiyot odamlarni o‘zgarishga majbur qilmasligi, aksincha, inson hayotini yaxshilashga xizmat qilishi kerak. O‘zbekiston bu borada xalqaro muloqotni kuchaytirish tarafdori.

Shuningdek, mamlakatda majburiy va bolalar mehnati to‘liq barham topgani, oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani hamda bugungi kunda O‘zbekiston parlamentining 39 foizini ayollar tashkil etishi qayd etildi. Toshkent xalqaro moliya markazida ingliz huquqi tamoyillariga asoslangan alohida xalqaro tijorat sudi tashkil etilayotgani ham ma’lum qilindi.

Saida Mirziyoyeva nutqining so‘ngida O‘zbekiston xalqi va Prezidenti tinchlik, ishonch va inson qadri ustuvor bo‘lgan dunyoni barpo etishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini e’lon qildi.

Teglar

Mavzuga oid