O‘zbekiston-Tojikiston tovar aylanmasini 2 mlrd dollarga yetkazish kerak — Fayziddin Qahhorzoda
Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston bilan savdo hajmi 200 million dollardan oshib, qariyb 12 foizga o‘sgan.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar aylanmasini 2030 yilgacha 2 milliard dollarga yetkazish reja qilingan. Bu haqda Tojikiston moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha o‘tkazilgan seminarda ma’lum qildi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2025 yilga kelib 700 million dollardan oshgan. Bu Tojikiston tashqi savdosining 20 foizidan ortig‘i degani. Qahhorzoda, xususan, joriy yilning yanvar oyida savdo hajmi qariyb 12 foizga o‘sgan O‘zbekiston bilan hamkorlikka to‘xtalib o‘tdi. Negaki ana shu vaqtda savdo hajmi 200 million dollardan oshdi.
Kompaniyalar qancha?
Iqtisodiy hamkorlik tizimi qo‘shma korxonalar, o‘zaro investitsiyalar, raqamli xizmatlar va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonda Tojikiston kapitali ishtirokidagi 400 dan ortiq, Tojikistonda esa O‘zbekiston kapitali ishtirokidagi 160 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritadi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaviy kompaniyalar qo‘shni bozorlarga tobora ko‘proq kirib boryapti va Markaziy Osiyoda xususiy kapitalning o‘zaro ishtiroki oshyapti. Ya’ni, xususiy kompaniyalar bir-birining bozorlariga ko‘proq sarmoya kirityapti.
Vazir O‘zbekistonda o‘z sektorida daromad bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan Tojikistonning «Alif» va Tojikistonda maishiy texnika ishlab chiqaradigan «Artel»ning O‘zbekistondagi «Avesto Electronics» loyihasini muvaffaqiyatli misollar sifatida keltirdi. Ushbu biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollardan ortiq kapitalga ega O‘zbek-Tojik investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.
Qahhorzoda shuningdek, mintaqaviy loyihalarni ham muhokama qildi. Uning urg‘ulashicha, qiymati 1,2 milliard dollarni tashkil etuvchi CASA-1000 («Markaziy Osiyo — Janubiy Osiyo») energetika loyihasi Qirg‘iziston va Tojikistondan Afg‘oniston hamda Pokistonga 1400 MVtdan ortiq elektr energiyasini uzatish uchun infratuzilma yaratadi.
«Bu Tojikiston uchun daromadlarni ko‘paytirish, yozgi gidroenergetika salohiyatidan samaraliroq foydalanish hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri energetika aloqasini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi», — deydi mulozim.
Ikkinchisi esa 2026 yil yanvar oyida Jahon banki tomonidan tasdiqlangan REMIT dasturi bo‘lib, vazir dasturning maqsadi Markaziy Osiyoda birinchi mintaqaviy el energiyasi bozorini shakllantirishdan iboratligini aytdi. Tojikiston rasmiysining aytishicha, Markaziy Osiyo mintaqaviy aloqalar dasturining to‘rtinchi bosqichi doirasida Tojikiston uchun transchegaraviy avtomobil yo‘nalishlarini rivojlantirish, yo‘llarda harakat tezligini oshirish va bojxona infratuzilmasini modernizatsiya qilishga 130 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilishi reja qilingan.
Fayziddin Qahhorzoda «Rog‘un» yoki «Qambarota» GESlari loyihalari bilan bir qatorda, xalqaro moliya tashkilotlari bilan 12 tadan ortiq turli shartnoma imzolanganini aytar ekan, kelgusi yilga borib Tojikiston energetik mustaqillikka erishishini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur loyiha mintaqada «yashil» energiyadan foydalanish, sug‘orish uchun suvdan foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyat hamda shart-sharoitlar yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, Tojikistonning tashqi savdo aylanmasi 2026 yilning yanvar–may oylarida 5,8 milliard dollarni tashkil etgandi.





