Logo

Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar miqdori oshirilishi mumkin

Bugun 20:372 daqiqa

Senat oziq-ovqat xavfsizligi talablarini kuchaytiruvchi ikkita qonun loyihasini ma’qulladi.

Muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar miqdori oshirilishi mumkin

Oliy Majlis Senati 2-oktabr kuni oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga oid ikkita qonunni ma’qulladi. Hujjatlardan biri oziq-ovqat xavfsizligining huquqiy asoslarini belgilasa, ikkinchisi bu sohadagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.

«Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi aholini xalqaro talablarga mos, xavfsiz mahsulotlar bilan ta’minlashning yagona tamoyillarini belgilaydi. Unda tadbirkorlarning mahsulotlarni xavfsiz ishlab chiqarish, saqlash va muomalaga chiqarish bo‘yicha majburiyatlari aniqlashtirilgan.

Hujjat bilan gigiyena, yaxshi ishlab chiqarish, chorvachilik va qishloq xo‘jaligi amaliyoti kabi tushunchalar qonunchilikka kiritiladi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatli davlat organining vazifa va vakolatlari belgilab beriladi.

Qanday talablar kiritiladi?

Qonunga ko‘ra, hayvonlardan olinadigan mahsulotlar hamda xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yiladigan talablar vakolatli davlat organining rasmiy saytida e’lon qilinishi kerak. Bu talablar ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar uchun ochiq bo‘lishi nazarda tutilgan.

Senatorlarning ta’kidlashicha, yangi qoidalar aholining sifatli va xavfsiz oziq-ovqat bilan ta’minlanish huquqini kafolatlashga xizmat qiladi. Shuningdek, mahsulotlarning raqobatbardoshligi va mahalliy oziq-ovqat sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsad qilingan.

Ikkinchi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritiladi. Xususan, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish uchun qabul qilish yoki sotish, shuningdek ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shart bo‘lgan mahsulotlarni bu ma’lumotlarsiz realizatsiya qilish uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Amaldagi jarimalar

Amaldagi tartibga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan yoki yaroqlilik muddati noma’lum mahsulotlarni sotish uchun qabul qilganlik birinchi marta sodir etilganda fuqarolarga BHMning 3–10 baravari, mansabdor shaxslarga 7–10 baravari miqdorida jarima solinadi. Huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinadi.

Agar xuddi shu qoidabuzarlik bir yil ichida takrorlansa, fuqarolarga BHMning 5–10 baravari, mansabdor shaxslarga esa 10–20 baravari miqdorida jarima belgilangan. Yangi o‘zgarishlar ushbu sohadagi javobgarlik mexanizmlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid