Logo

O‘zbekiston avgust oyida oltin sotmadi

Bugun 13:151 daqiqa

Mamlakatda oltin eksporti o‘tgan yilga qaraganda uch barobarga kamaydi. 2025-yilning dastlabki sakkiz oyida 8,3 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan bo‘lsa, 2026 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 2,8 mlrd dollarni tashkil etdi.

O‘zbekiston avgust oyida oltin sotmadi © iStock

O‘zbekiston 2026-yil yanvar–avgust oylarida 22 mlrd 867 mln dollarlik tovar va xizmatlar eksport qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 795 mln dollarga yoki 3,4 foizga kam.

Eksportdagi pasayishga asosiy ta’sir oltin savdosining keskin qisqarishi bilan bog‘liq. Joriy yilning dastlabki sakkiz oyida 2,8 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan. O‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 8,32 mlrd dollarga teng bo‘lgan.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida mamlakat umuman oltin eksport qilmagan. Sakkiz oy davomida qimmatbaho metall faqat aprel va iyul oylarida sotilgan. Bu ikki oydagi eksport qiymati mos ravishda 1,5 mlrd va 1,3 mlrd dollarni tashkil etgan.

Zaxiralarda oltin ko‘paydi

1-sentabr holatiga O‘zbekiston xalqaro zaxiralari 72,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. Uning 64,92 mlrd dollari oltin hissasiga to‘g‘ri keladi. Zaxiralardagi oltin miqdori 14,11 mln troy unsiya yoki qariyb 438,6 tonnani tashkil etgan.

Yil boshida bu ko‘rsatkich 12,6 mln unsiya yoki 391,9 tonna atrofida edi. Sakkiz oyda zaxiralardagi oltin hajmi qariyb 46,7 tonnaga ko‘paygan. Bundan tashqari, jahon bozorida oltin narxining o‘sishi ham zaxiralarning dollardagi qiymati oshishiga ta’sir qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilning birinchi yarmida oltin hisobga olinmagan eksport hajmi 29,4 foizga oshib, 6,5 mlrd dollarni tashkil etganligi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston avgust oyida oltin sotmadi | Vaqt.uz