Logo

Ayrim shifoxonalarda aholidan 200 mln so‘mdan ortiq pul asossiz olingani ma’lum bo‘ldi

Bugun 15:152 daqiqa

Uchta tibbiyot muassasasiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi. Tariflarni amaldagi tartib va talablar asosida qayta shakllantirish hamda narxlarni maqbullashtirish, 125 mln so‘mga yaqin mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Ayrim shifoxonalarda aholidan 200 mln so‘mdan ortiq pul asossiz olingani ma’lum bo‘ldi © Ijtimoiy tarmoqlar

Namangan, Samarqand va Navoiydagi tibbiyot muassasalarida fuqarolardan 200 mln so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ olingani aniqlanib, qaytarilishi belgilandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Aytilishicha, aholiga ko‘rsatilayotgan pulli tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi bo‘yicha tegishli qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilganda Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tomonidan 2026-yilning fevral, mart va aprel oylarida UZI apparati orqali ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha jami 416 nafar iste’molchidan navbatdagi qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagan holda 34,3 mln so‘m mablag‘ asossiz olingani aniqlangan.

Qolaversa, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tuman sog‘liqni saqlash bo‘limida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida muassasa tomonidan 2024–2025-yillar davomida belgilangan tartiblarga rioya etmagan holda narxlarni oshirib belgilash natijasida bemorlarga ko‘rsatilgan pulli tibbiy xizmatlar bo‘yicha 55,7 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olingani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyati filialida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida muassasa tomonidan 2023–2025-yillar davomida belgilangan talablarga rioya etmagan holda narxlarni oshirib belgilash natijasida bemorlarga ko‘rsatilgan pulli tibbiy xizmatlarda 35 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olingani aniqlandi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Namangan, Samarqand va Navoiy viloyati hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan qonunbuzilish holatlari yuzasidan mazkur uchta tibbiyot muassasalariga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi. Shuningdek, tariflarni amaldagi tartib va talablar asosida qayta shakllantirish hamda narxlarni maqbullashtirish, 125 mln so‘mga yaqin mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dori narxlarini asossiz oshirgan uchta farmatsevtika kompaniyasi ortiqcha olingan mablag‘ni qaytargandi.

Teglar

Mavzuga oid

Ayrim shifoxonalarda aholidan 200 mln so‘mdan ortiq pul asossiz olingani ma’lum bo‘ldi | Vaqt.uz