Logo

O‘zbekistonda gaz qazib olish o‘tgan yilga nisbatan 16,3 foizga kamaydi

Bugun 08:002 daqiqa

Yil boshidan buyon mamlakatda neft, ko‘mir va gaz kondensati qazib olish hajmi ham qisqardi. Shu bilan birga, avtobenzin, dizel yoqilg‘isi, elektr energiyasi va portlandsement ishlab chiqarish o‘sdi.

O‘zbekistonda gaz qazib olish o‘tgan yilga nisbatan 16,3 foizga kamaydi

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–avgust oylarida tabiiy gaz, neft, gaz kondensati va ko‘mir qazib olish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari xabar berdi.

2026-yilning dastlabki sakkiz oyda 24,2 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olindi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 16,3 foizga kam. 2024-yilga nisbatan pasayish 19,6 foizni tashkil etdi.

Neft qazib olish 425 ming tonnani tashkil qilib, bir yilda 2,2 foizga, gaz kondensati 648,3 ming tonnaga tushib, 14,8 foizga qisqardi. 2024-yilga nisbatan bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 12,4 va 21,8 foizga kamaygan.

Yoqilg‘i ishlab chiqarish o‘sdi

Qazib olishdagi pasayishga qaramay, ayrim yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarishda o‘sish qayd etildi. Jumladan, yanvar–avgust oylarida 811,3 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi.

Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 4,6 foiz ko‘p. Biroq ko‘rsatkich 2024-yildagi 898,3 ming tonnadan 9,7 foiz pastligicha qolmoqda.

Dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 834,3 ming tonnaga yetdi. Bu bir yilda 6,1 foizga,-2024 yilga nisbatan esa 17,3 foizga ko‘p. Portlandsement ishlab chiqarish ham 14,1 mln tonnani tashkil etib, bir yilda 2,2 foizga oshdi.

Ko‘mir qazib olish esa 4,4 mln tonnani tashkil qildi. Bu 2025-yilga nisbatan 10,2 foiz kam, ammo 2024-yilning yanvar–avgust oylaridagi daraja bilan bir xil.

Elektr ishlab chiqarish oshdi

Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi sakkiz oyda 7,3 foizga oshib, 60,5 mlrd kWhga yetdi. Asosiy o‘sish kichik tadbirkorlik subyektlari hisobiga ta’minlangan.

Ularda elektr ishlab chiqarish 32,4 foizga oshib, 20,17 mlrd kWhni tashkil qildi. Yirik korxonalarda esa aksincha, ishlab chiqarish 2 foizga kamayib, 40,36 mlrd kWhga tushdi.

Yirik korxonalarda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish ham 19,1 foizga qisqarib, 10,9 mln Gkalni tashkil etdi. Bu energetika sohasida ishlab chiqarish dinamikasi resurslar kesimida bir xil emasligini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid