Logo

Senat Markaziy bank mustaqilligini kengaytiruvchi qonunni ma’qulladi

Bugun 16:523 daqiqa

Qonun pul-kredit siyosati, bank nazorati va to‘lov tizimlarini tartibga solishda Markaziy bankning mustaqil qaror qabul qilish vakolatlarini kengaytiradi. Shuningdek, regulyatorning ayrim normativ-huquqiy hujjatlarini soddalashtirilgan tartibda 10 ish kunida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish belgilanmoqda.

Senat Markaziy bank mustaqilligini kengaytiruvchi qonunni ma’qulladi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 2-oktabr kuni Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishdagi mustaqilligini kengaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi.

Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevga ko‘ra, o‘zgartishlar pul-kredit siyosati, bank nazorati va to‘lov tizimlarini samarali tartibga solish hamda moliya bozoridagi favqulodda holatlarga tezkor javob berish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun «Markaziy bank to‘g‘risida», «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida», «Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida» va «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish kiritadi.

Tekshiruv tartibi o‘zgaradi

Yangi tartibga-ko‘ra, Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini tekshirish Senat qarori asosida yoki qonunchilikda bevosita nazarda tutilgan hollarda amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, Markaziy bank normativ-huquqiy hujjatlarini Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ularning O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi tekshiriladi.

Markaziy bank yuridik xizmatining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lgan ayrim hujjatlar soddalashtirilgan tartibda 10 ish kuni ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bu tartib prudensial normativlar, korporativ boshqaruv, ichki audit, risklarni boshqarish va aholining qarz yukiga oid talablarga ham taalluqli bo‘ladi.

Boshqa vakolatlar

Qonun Markaziy bank normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini Savdo-sanoat palatasi bilan majburiy kelishish talabini bekor qiladi. Senat muhokamasida biznes-ombudsman bilan majburiy kelishish amaliyotidan ham voz kechilishi aytildi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov banklar va moliya tashkilotlari tadbirkorlik subyektlari bo‘lsa-da, ular moliyaviy resurslarni qayta taqsimlashda alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.

«Bu kelishuvni bekor qilish tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvga olib kelmaydi va tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi», — dedi u.

Yangi normalar ayrim Markaziy bank hujjatlarini umumiy uch oylik kechiktirishsiz kuchga kiritish imkonini ham beradi.

XVJ va Jahon banki tavsiyalari

Qonun Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon bankining Moliya sektorini baholash dasturi (FSAP) doirasida berilgan tavsiyalar inobatga olingan holda ishlab chiqilgan. Baholash 2024 yil oxiri — 2025 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, Sanjar Nosirovga ko‘ra, bu O‘zbekiston moliya tizimining ilk kompleks baholashi hisoblanadi.

Uning ta’kidlashicha, xalqaro ekspertlar mamlakatda amalga oshirilayotgan moliyaviy islohotlarning samaradorligi va ularning xalqaro me’yorlarga muvofiqligini tahlil qilgan. Baholash yakunida O‘zbekistonga hisobot va tegishli tavsiyalar taqdim etilgan.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari ushbu tavsiyalarning bajarilishini bank sektorining investitsiyaviy jozibadorligi bilan ham bog‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro investorlar mamlakat moliya bozorini baholashda FSAP natijalari va moliya tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligiga e’tibor qaratadi.

«Xalqaro darajada faoliyat yuritadigan bunday investorlar uchun FSAP baholash natijalari va tizimimizning xalqaro me’yorlarga qay darajada mos kelishi juda muhim», — dedi u.

Nosirovning qayd etishicha, Markaziy bank faoliyatini tekshirish tartibini aniqlashtirish va uning normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish jarayonini soddalashtirish FSAP tavsiyalaridan kelib chiqqan. Bu o‘zgartishlar bank nazorati samaradorligini oshirish va regulyatorning vakolatlarini aniq belgilashga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid