O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatganlarga 105,4 mlrd so‘m subsidiya ajratildi
Avgust oyida subsidiya mablag‘larining eng katta qismi Buxoroga to‘g‘ri keldi. Aholi subsidiyani «Soliq» ilovasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olishi mumkin.
© BMT taraqqiyot dasturi2026-yilning avgust oyida 61 ming 548 kishi «Quyoshli xonadon» dasturidan foydalanib, elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan 105,4 mlrd so‘m subsidiya oladi.
Subsidiyaning katta qismi Buxoro (18,9 mlrd so‘m), Xorazm (18,3 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘istonga (12,4 mlrd so‘m) to‘g‘ri kelmoqda. Qolgan viloyatlar va Toshkent shahriga o‘rnatilgan quyosh panellarining umumiy quvvati va ularning tarmoqqa uzatgan elektr energiyasi hajmiga qarab mablag‘ taqsimlangan.
Subsidiyani «Soliq» mobil ilovasining «Keshbek va imtiyozlar» xizmatidagi «Quyoshli xonadon» bo‘limidagi «Kartaga pul o‘tkazish» oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olishi mumkin.
Dastur aholi uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratish bilan birga, mamlakatda yashil energiyaga o‘tish va elektr tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirishga qaratilgan.
«Quyoshli xonadon» dasturi 2023-yil 1-apreldan xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga shu orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har bir 1 kWh uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-sonli qarorida belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz quyosh panellarini o‘rnatish tartibi va buning afzalliklari haqida batafsil yo‘riqnoma tayyorlagandi.
Kamron Hasanov





