Asia Alliance Bank Mayamida yirik xalqaro banklar bilan yangi kelishuvlarga erishdi
AQSHning Mayami shahrida 28-sentabrdan 1-oktabrga qadar jahon moliya industriyasining yirik tadbirlaridan biri — SIBOS 2026 forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyoning yetakchi banklari, transmilliy korporatsiyalari va texnologik kompaniyalarining qariyb 10 ming nafar vakili ishtirok etmoqda.

Forumda Asia Alliance Bank rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashib, bankning xalqaro aloqalarini kengaytirish va mijozlar uchun transchegaraviy hisob-kitob imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan qator muzokaralarni o‘tkazdi. Uchrashuvlar natijasida bank bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim kelishuvlarga erishdi.
☑️ Germaniyaning LBBW (Landesbank Baden-Württemberg) banki bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Kelishuv doirasida 7,5 mln yevro mablag‘ jalb qilinib, ushbu resurslar Asia Alliance Bank mijozlarining tashqi savdo loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
☑️ Avstriyaning Raiffeisen Bank International AG banki bilan AQSH dollarida vakillik hisobvarag‘ini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu bank mijozlarining xalqaro tranzaksiyalarini yanada tezkor va ishonchli amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
☑️ Belarusning Priorbank banki bilan Bosh kelishuvi imzolandi. Hamkorlik g‘aznachilik va moliyaviy operatsiyalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
☑️ Shuningdek, Buyuk Britaniyaning yirik xalqaro moliyaviy guruhlaridan biri Standard Chartered Bank bilan maxfiylik to‘g‘risidagi bitim — NDA imzolandi. Bu tomonlarga banklararo hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish uchun zamin yaratadi.
SIBOS 2026 doirasida erishilgan kelishuvlar Asia Alliance Bankning xalqaro moliya bozoridagi hamkorlar doirasini kengaytirib, O‘zbekiston biznesi uchun yangi moliyalashtirish va xalqaro hisob-kitob imkoniyatlarini ochmoqda.



