Logo

O‘zbekistonda ishlamaydigan oila a’zolari uchun ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyati yaratiladi

Bugun 19:132 daqiqa

2027 yildan rasmiy daromadga ega bo‘lganlar ishlamaydigan yaqin qarindoshlari uchun soliq to‘lashi mumkin. Bunda mablag‘lar mehnat staji hisobiga o‘tib, kelgusida pensiya olish uchun yig‘ib boriladi. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi ham to‘liq avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi.

O‘zbekistonda ishlamaydigan oila a’zolari uchun ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyati yaratiladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda aholini ijtimoiy muhofaza qilish va pensiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi tartib hamda qator yengilliklar belgilanmoqda. Prezident qaroriga ko‘ra, 2027 yil 1-yanvardan boshlab rasmiy daromadga ega vatandoshlar o‘zlarining ishlamaydigan yaqin qarindoshlari uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash huquqiga ega bo‘ladi.

Bunda har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12 foizi (amaldagi hisobda 163 ming 200 so‘m) miqdorida to‘lov amalga oshirilsa, uyda o‘tirgan oila a’zosining kelajakda pensiya olishi uchun mehnat staji uzluksiz yig‘ilib boradi.

2026 yil 1-oktabrdan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlovchilar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar belgilangan ijtimoiy soliqni to‘lasa, 1 yillik mehnat staji elektron tizimda avtomatik ravishda hisoblanadi.

Avtomatik pensiya tayinlash

Qog‘oz hujjatlar yig‘ish amaliyoti butkul bekor qilinib, pensiyalar fuqaroning arizasisiz (proaktiv tarzda) rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, 2026 yil 1-noyabrdan korxona tugatilishi natijasida ishsiz qolganlarga belgilangan muddatdan 2 yil avval pensiya tayinlanadi, 2027 yil 1-yanvardan esa boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi ham to‘liq avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi.

Ma’lumot uchun, Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan ijtimoiy soliq fuqarolarning keksayganda pensiya va nafaqalar olishini kafolatlovchi to‘lov bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mehnat stajiga aylanadi.

Avvalroq Pensiya jamg‘armasi vakillari mehnat migrantlari uchun pensiya badalini xorijdan to‘lash imkoniyati yaratilishi haqida xabar bergandi. Ayni vaqtda O‘zbekiston fuqarolari ko‘p mehnat qilayotgan Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar bilan ham pensiya ta’minoti bo‘yicha shunday kelishuvlarni amalga oshirish masalasi ustida ish olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid