2003 yilgi bosqindan 23 yil o‘tib AQSH qo‘shinlari Iroqni tark etdi
Vashingtonning so‘nggi harbiy bo‘linmalari 30-sentabr kuni mamlakatni tark etdi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi 30-sentabr kuni Iroqdagi «Buzilmas iroda» (Operation Inherent Resolve) missiyasi yakunlanganini ma’lum qildi. AQSH harbiylari va texnikalarining Erbil havo bazasidan chiqarilishi bilan koalitsiyaning Iroqdagi harbiy missiyasi tugadi.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ham xalqaro koalitsiyaning Iroqdagi harbiy missiyasi yakunlanganini va Britaniya harbiylari mamlakatni tark etganini bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, endi Iroq va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi xavfsizlik hamkorligi boshqa shaklda davom etadi.
2003 yil: Iroqqa bosqin
AQSH va Buyuk Britaniya boshchiligidagi koalitsiya 2003 yil 20-martda Iroqqa bostirib kirdi. bosqin oqibatida Saddam Husayn hukumati ag‘darildi.
Shundan keyin mamlakatda Koalitsiya muvaqqat ma’muriyati tashkil etildi. 2004 yil iyunida esa hokimiyat Iroqning muvaqqat hukumatiga topshirildi.
AQSH qo‘shinlarining 2003 yildan keyingi ishtiroki bir necha yil davom etdi. 2010 yilda «Iroq ozodligi» operatsiyasi rasman yakunlandi, ammo amerikalik harbiylarning bir qismi mamlakatda qoldi.
2011 yil: AQSH qo‘shinlari chiqib ketgan edi
AQSH harbiylarining asosiy qismi 2011 yil dekabrida Iroqni tark etdi. Bu bilan 2003 yilda boshlangan AQSHning Iroqdagi harbiy amaliyotlari yakunlangan edi.
Biroq oradan uch yil o‘tib, vaziyat yana o‘zgardi. 2014 yil: AQSH harbiylari Iroqqa qaytdi. 2014 yilda «Islomiy davlat» (IS) Iroq va Suriyada katta hududlarni nazorat qila boshladi. Shundan keyin AQSH boshchiligida xalqaro koalitsiya tashkil etildi.
Operation Inherent Resolve 2014 yilda «Islomiy davlat»ga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan. Koalitsiya Iroq xavfsizlik kuchlariga tayyorgarlik va harbiy yordam ko‘rsatdi hamda tashkilotga qarshi operatsiyalarda ishtirok etdi.
AQSHning 2014 yildan keyingi Iroqdagi ishtiroki 2003 yildagi bosqindan farqli ravishda Iroq hukumati bilan xavfsizlik hamkorligi va «Islomiy davlat»ga qarshi xalqaro koalitsiya missiyasi doirasida olib borildi.
12 yillik koalitsiya missiyasi yakunlandi
AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, 2014 yilda tashkil etilgan Operation Inherent Resolve doirasidagi missiya 30-sentabr kuni Iroqda yakunlandi. AQSH harbiylari va texnikalarining Erbildan chiqarilishi bilan Iroqdagi ushbu operatsiyaning so‘nggi bosqichi tugadi.
Buyuk Britaniya ham o‘z harbiylari koalitsiya missiyasi doirasida Iroqdan chiqib ketganini bildirdi. Britaniya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Iroq xavfsizlik kuchlari va kurd peshmerga kuchlari mamlakat xavfsizligi uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor.
AQSHning Iroq bilan harbiy hamkorligi to‘xtamaydi
Qo‘shinlarning chiqarilishi AQSH va Iroq o‘rtasidagi harbiy munosabatlar butunlay tugadi, degani emas. AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, koalitsiyaning qo‘shma shtabi Iordaniyaga ko‘chiriladi. U yerdan Suriyada «Islomiy davlat»ga qarshi hujumlar davom ettiriladi. Iroq bilan esa ikki tomonlama mudofaa hamkorligi yangi shaklda olib boriladi.
Buyuk Britaniya ham Iroq bilan ikki tomonlama mudofaa hamkorligini davom ettirishini bildirgan.





