Neft bozoridagi paradoks: xomashyo ko‘paydi, ammo narx tushmayapti — «Bloomberg»
G7 davlatlari zaxiralaridan 100 mln barrelgacha neft chiqarishga qaror qilgan bo‘lsa ham, neft narxi urushdan oldingi darajaga qaytmadi. Hozir uning narxi urush boshlangan paytdagidan qariyb 40 foiz yuqori. Xom neft yetkazib berishning tiklanishi dunyodagi yoqilg‘i tanqisligi, ayniqsa dizel muammosini hal qilmayapti. Yaqin Sharq va Rossiya — neftni qayta ishlash bo‘yicha dunyodagi eng yirik markazlardan ikkitasi. Ammo ulardan neft mahsulotlari eksporti hali ham cheklangan.
© MidjourneyYaqin Sharqdan neft yetkazib berish hajmi deyarli urushdan oldingi darajaga qaytdi. Ammo bir barrel neft hali ham 100 dollardan qimmat. G7 davlatlari favqulodda neft zaxiralarini ochishga qaror qilganidan keyin ham narxni tushirishning iloji bo‘lmadi.
«Bloomberg»ning yozishicha, buning beshta asosiy sababi bor: AQSH va Eron o‘rtasida mojaro yana kuchayishidan qo‘rqish, neft tashish xarajatlarining keskin oshishi, neft zaxiralarining kamayishi, dizel yoqilg‘isi tanqisligi va inflatsiyadan himoyalanish uchun neft xaridlariga qiziqishning ortishi.
Hozir neft narxi Eron bilan urush boshlangan davrdagidan taxminan 40 foiz qimmat. Yuqori narxlar inflatsiyani tezlashtirib, sanoat va iste’molchilarga bosim qilmoqda. 2-oktabr kuni G7 davlatlari va ularning hamkorlari 100 million barrelgacha neft va dizel yoqilg‘isini bozorga chiqarishini ma’lum qildi. Ammo bozor bu qarorga deyarli e’tibor bermadi.
Asosiy omil — xavotir
Bozor ishtirokchilari hali tugamagan urush istalgan paytda yana kuchayib ketishidan xavotirda. AQSH va Eron mojaroni tugatish shartlari bo‘yicha hanuz kelishuvga yaqinlashgani yo‘q. Bahordagi kabi keng ko‘lamli janglar hozir kuzatilmayapti, ammo tomonlar vaqti-vaqti bilan bir-biriga zarba bermoqda. Ayni paytda AQSH Fors ko‘rfaziga yana bir avianosets va qo‘shimcha harbiy kuchlarni yuboryapti.
Eron esa Hormuz bo‘g‘ozini nazorat qilishga harakat qilib, ayrim kemalarga hujum qilmoqda. Urushdan oldin jahon neftining qariyb 20 foizi aynan shu bo‘g‘oz orqali tashilar edi.
Yana bir muhim neft tashish yo‘li ham xavf ostida. Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Yamandagi husiylar Qizil dengizda, Bob-ul-Mandab bo‘g‘ozi orqali Saudiya kemalarining harakatiga to‘sqinlik qilishini e’lon qildi. Ayrim tankerlar hali ham bu tor bo‘g‘ozlar orqali o‘tmoqda. Ammo neft tashish logistikasi keskin qimmatlashdi. Masalan, Fors ko‘rfazidan neft tashiydigan tankerlar ba’zan bo‘g‘oz orqali bir necha marta qatnab, neftni bir kemadan boshqasiga yuklab, odatdagidan farqli yo‘nalishlardan foydalanmoqda.
Fors ko‘rfazidan Xitoyga tanker ijarasi uchun to‘lov rekord darajaga chiqib, kuniga 1,2 million dollardan oshgan. Xitoyning «Guotai Junan Futures» kompaniyasi katta tahlilchisi Chjao Syuyining ta’kidlashicha, asosiy muammo — neft yetkazib berish hajmining tiklanishi tizim to‘liq normal holatga qaytdi, degani emas. Bozor neft qancha miqdorda qazib olinayotganigagina emas, balki uni xavfsiz, ishonchli va arzon yetkazib berish mumkinmi-yo‘qmi, degan savolga ham qaraydi.
Neft zaxiralari ham kamayib ketgan
Urush davrida neft zaxiralari ham ancha qisqardi. «Energy Aspects» konsalting kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, hozir dunyoda taxminan 4,3 milliard barrel neft zaxirada saqlanmoqda. Urushning birinchi to‘liq oyi bo‘lgan martdan beri zaxiralar 400 million barreldan ko‘proqqa kamaydi. Oqibatda zaxiralar so‘nggi besh yildagi eng past darajaga tushdi.
Shu bilan birga, neftga bo‘lgan talab qayta tiklandi. Narxlar keskin oshganidan keyin talab may oyida eng past nuqtaga tushgan edi. Hozir esa kunlik talab taxminan 104,8 million barrelni tashkil qilmoqda. Bu avvalgi darajadan 6,5 million barrelga ko‘p.
Neft ko‘payishi dizel muammosini hal qilmayapti
Xom neft yetkazib berishning tiklanishi dunyodagi yoqilg‘i tanqisligi, ayniqsa dizel muammosini hal qilmayapti. Yaqin Sharq va Rossiya — neftni qayta ishlash bo‘yicha dunyodagi eng yirik markazlardan ikkitasi. Ammo ulardan neft mahsulotlari eksporti hali ham cheklangan.
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush sabab Rossiyadagi ko‘plab neftni qayta ishlash zavodlaridan eksport qilish imkoniyati cheklangan. Shuning uchun boshqa mintaqalardagi zavodlar o‘z imkoniyatlarining chegarasida ishlamoqda. Ularning uskunalari haddan tashqari yuklama ostida ishlayotgani uchun kutilmagan avariyalar va to‘xtashlar xavfi ham bor. Shu sababli zavodlar barqaror neft yetkazib berish uchun yuqori narx to‘lashga ham tayyor.
Chikagodagi «Karobaar Capital» kompaniyasining investitsiyalar bo‘yicha bosh direktori Xaris Xurshidning aytishicha, dunyo neft ta’minotining bir qismini yo‘qotdi, zaxiralardan foydalanib bo‘ldi va neftni dizel hamda boshqa mahsulotlarga aylantirish imkoniyati ham cheklandi. Shuning uchun neft yetkazib berishning qayta tiklanishi muammoni bir zumda hal qilmaydi.
Yana bir sabab — moliyaviy bozor
Neft narxining yuqori bo‘lib qolishining yana bir sababi moliyaviy omillar bilan bog‘liq. Turli mamlakatlarning markaziy banklari qimmat yoqilg‘i inflatsiya bosimini kuchaytirishidan ogohlantirmoqda. Bu esa kelajakda foiz stavkalarining oshishiga olib kelishi mumkin. Treyderlarning aytishicha, obligatsiyalar daromadliligi oshgani sababli so‘nggi haftalarda neft yana inflatsiyadan himoyalanish vositasiga aylandi. Ya’ni ayrim investorlar pul qadrsizlanishidan himoyalanish uchun neft sotib olmoqda. Bu neftga bo‘lgan haqiqiy, jismoniy talab emas. Ammo u ham narxlarni yuqoriga itarmoqda.
2-oktabr kuni Xitoy neft mahsulotlari eksportini to‘xtatganidan keyin Brent nefti narxi 4 dollardan ko‘proqqa oshib, bir barrel uchun 102 dollarga yetdi. Dizel bozoridagi vaziyatni Rossiya ham yanada murakkablashtirmoqda. Ukraina dronlarining Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlari sabab Moskva dizel yoqilg‘isi eksportiga qo‘yilgan taqiqni uzaytirdi. Vaholanki, Rossiya avval dunyodagi dengiz orqali amalga oshiriladigan dizel yoqilg‘isi ta’minotining taxminan 10 foizini ta’minlar edi.





