Logo

«Binance» Yevropa nazoratiga tushdi

Bugun 21:552 daqiqa

Yevropa Ittifoqi regulyatorlari litsenziyasi bo‘lmagan holda hududda faoliyat yuritayotgan «Binance» kriptobirjasidan izoh so‘ramoqda.

«Binance» Yevropa nazoratiga tushdi

Yevropa Ittifoqi rasmiylari dunyodagi eng yirik kriptobirjalardan biri — «Binance»ning YIdagi faoliyatini tekshirmoqda. Bu haqda Reuters «Financial Times» xabariga tayanib ma’lum qildi.

Gap «Binance»ning Yevropa Ittifoqida kriptoxizmatlar ko‘rsatishni davom ettirayotgani haqida ketmoqda. Kompaniyaning yangi MiCA qoidalari asosida litsenziya olish bo‘yicha arizasi rad etilganidan keyin YIdagi faoliyatini qisqartirishi kerak edi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, kripto kompaniyalari 2026 yil iyun oxiriga qadar tegishli litsenziyani olishi kerak bo‘lgan. Litsenziyasiz kompaniyalar iyul oyidan boshlab Yevropa Ittifoqidagi faoliyatini tartibli ravishda tugatish choralarini ko‘rishi lozim edi.

«Binance» qanday asosdan foydalanmoqda?


Regulyatorlar «Binance»ning «reverse solicitation» deb ataladigan huquqiy istisnodan foydalanayotganini o‘rganmoqda.
Ushbu mexanizmga ko‘ra, Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi moliyaviy kompaniyalar mijozning tashabbusi bilan xizmat so‘ralgan holatlarda YI hududidagi foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Biroq Yevropa qimmatli qog‘ozlar va bozorlar boshqarmasi — ESMA bu istisno juda tor doirada qo‘llanishi kerakligini bildirgan. Regulyatorga ko‘ra, undan MiCA talablarini chetlab o‘tish uchun foydalanish mumkin emas.

Ayrim Yevropa regulyatorlari «Binance»dan qo‘shimcha ma’lumot so‘ragan. Agar kompaniyaning javoblari ularni qanoatlantirmasa, jarima kabi choralar qo‘llanishi mumkin.

«Binance» nima dedi?


«Binance» o‘z faoliyati yuritadigan yurisdiksiyalarda amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilishini bildirdi.


Kompaniya, shuningdek, MiCA litsenziyasini olish ustida ishlayotganini ma’lum qildi.


«Binance» avval ham Yevropa Ittifoqida qolish va yangi litsenziya olish yo‘lini izlashini bildirgan edi. Kompaniyaning Yevropa bo‘yicha rahbari Gillian Linch iyun oyida «Binance Yevropadan ketmayapti» degan edi.

Teglar

Mavzuga oid