Logo

OTB O‘zbekistonda yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish uchun 50 ming dollar ajratmoqchi

Bugun 12:533 daqiqa

Osiyo taraqqiyot banki Markaziy va G‘arbiy Osiyodagi yettita davlatning raqamli transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 mln dollar grant ajratishni tasdiqladi. Mazkur dasturdan O‘zbekiston ham o‘rin olgan.

OTB O‘zbekistonda yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish uchun 50 ming dollar ajratmoqchi © Ijtimoiy tarmoqlar

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Ozarboyjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan mintaqaviy dasturni qo‘llab-quvvatladi. Dastur doirasida yetti davlatga jami 1 mln dollar texnik ko‘mak ajratiladi.

Mablag‘lar OTBning Texnik ko‘mak maxsus jamg‘armasi hisobidan yo‘naltiriladi. Dastur 2026-yil sentabrdan boshlab 4-yil davom etadi. 

Dasturni OTBning Raqamli sektor ofisi Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti hamda bankning mamlakatlardagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

O‘zbekiston uchun 50 ming dollar ajratiladi

O‘zbekiston uchun 50 ming dollar, ya’ni jami grantning 5 foizi ajratiladi. Bu mablag‘ mamlakatda yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish loyihasini tayyorlashga sarflanadi.

O‘zbekistonda yarimo‘tkazgich sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan. Toshkentdagi Eltech Industrial texnoparkida Germaniyaning Infineon Technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda mikroprotsessor modullari ishlab chiqaradigan korxona qurilmoqda. Qiymati 15 mln dollarga baholangan loyihaga hozirgacha 7 mln dollar investitsiya kiritilgan.

Korxona to‘liq quvvatda ishlaganda mikrosxemalar, SIM-kartalar va to‘lov kartalarini ishlab chiqaradi. Yiliga 5 mln dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot tayyorlash va 6 mln dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.

Bu yo‘nalishdagi hamkorliklar boshqa davlatlar bilan ham kengaymoqda. O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan birgalikda Toshkentda Markaziy Osiyodagi ilk yarimo‘tkazgichlar klasterini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Loyiha doirasida yarimo‘tkazgich ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan nodir metallar va litiy kabi xomashyolarni chuqur qayta ishlash ham ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Malayziya tajribasi asosida yarimo‘tkazgichlar muhandisligi bo‘yicha 300 dan ortiq talaba, magistr va doktorant maxsus dasturlarga jalb qilingan.

Mablag‘larning asosiy qismi Tojikiston va Qozog‘istonga beriladi

Grantning eng katta qismi Tojikiston va Qozog‘istonga beriladi. Ikki davlatga jami 500 ming dollar, ya’ni umumiy mablag‘ning 50 foizi ajratiladi. Shundan Tojikistonga 300 ming dollar, Qozog‘istonga esa 200 ming dollar to‘g‘ri keladi. 

Tojikistonda mablag‘ maktablarni internetga ulash imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos tayyorlashga sarflanadi. Qozog‘istonda esa sun’iy intellekt infratuzilmasi, ma’lumotlar bazalari va kiberxavfsizlik bo‘yicha investitsiya ehtiyojlari o‘rganiladi.

Ozarboyjon va Armanistonga 150 ming dollardan, Pokistonga 100 ming dollar, Qirg‘izistonga  esa 50 ming dollar ajratiladi.

Qirg‘izistonda mablag‘ «Sanarip Ordo 2» tashabbusi doirasida sun’iy intellektdan davlat boshqaruvida foydalanishni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Ozarboyjon, Armaniston va Pokistonda esa raqamli sektor bo‘yicha diagnostika o‘tkazilib, investitsiya loyihalari portfeli tayyorlanadi.

Shuningdek, dastur orqali qishloq va chekka hududlarda raqamli tafovutni qisqartirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish hamda ishonchli ma’lumot almashinuvi tizimlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Sun’iy intellekt va geofazoviy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham dastur yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jahon elektronika ishlab chiqarishidagi yetakchi mamlakatlar haqida xabar bergan edik. Unda Xitoy 58,8 foiz ulush bilan birinchi o‘rinda ekani, Tayvan, Janubiy Koreya va Yaponiya bilan birga bu to‘rt davlat jahon ishlab chiqarish quvvatlarining 80,5 foizini egallashi qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid