Logo

O‘zbekistonda ichimliklardagi shakar miqdori haqida ogohlantirishlar qo‘yilishi mumkin

Bugun 14:253 daqiqa

2027-yil 1-yanvardan e’tiboran mamlakatda ishlab chiqarilgan va import qilingan barcha alkogolsiz ichimliklar qadog‘ida shakar miqdorini ko‘rsatuvchi rangli ogohlantirish belgilarini joylashtirish majburiy etib belgilanadi. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasida xalqaro tajribada sinalgan «svetofor» tizimi hamda qat’iy nazorat mexanizmlari ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda ichimliklardagi shakar miqdori haqida ogohlantirishlar qo‘yilishi mumkin © Sun'iy intelekt

O‘zbekistonda 2027-yildan e’tiboran barcha alkogolsiz ichimliklar qadog‘ida shakar miqdorini ko‘rsatuvchi majburiy ogohlantirish belgilarini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ayni mazmundagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan va muhokamalar 14-oktabrga qadar davom etadi.

Yangi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ichki bozorda oziq-ovqat xavfsizligini nazoratga olish, shuningdek, aholi, xususan, yosh avlod o‘rtasida ortiqcha shakar iste’moli bilan bog‘liq ommaviy kasalliklarning oldini olishga qaratilgan. Kutilayotgan yangi tartibga ko‘ra, 2027-yilning 1-yanvaridan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan va import qilingan alkogolsiz ichimliklarning old qismida umumiy yuzaning kamida 15 foizini egallovchi rangli ogohlantirish yozuvlari tushirilishi shart. Xalqaro tajribada o‘zini oqlagan «svetofor» mexanizmiga muvofiq, har 100 millilitr mahsulotda:

  • 5–8 gramm shakar bo‘lsa — sariq fonda «o‘rtacha»;

  • 8–11 gramm bo‘lsa — to‘q sariq fonda «yuqori»;

  • 11 grammdan oshganda esa — qizil fonda salomatlikka zarar yetkazishi mumkinligi haqida qat’iy ogohlantirish joylashtiriladi.

Shuningdek, mahsulotning to‘liq tarkibi, kaloriyasi va kunlik iste’mol me’yori maxsus QR-kod orqali taqdim etilishi talab qilinadi. Islohotni to‘laqonli va og‘ishmay amalga oshirish uchun qat’iy institutsional mexanizmlar ham ko‘zda tutilgan:

2027-yil yakuniga qadar jarayonni monitoring qiluvchi yagona raqamli platforma yaratiladi;
2027-yil 1-martga qadar alkogolsiz ichimliklarni laboratoriya tahlilidan o‘tkazish bo‘yicha yagona metodika tasdiqlanadi.

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi 2027-yil 1-sentabrga qadar mazkur metodika asosida akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda shakar miqdorini aniqlash amaliyotini yo‘lga qo‘yadi. Har chorak yakunida tarkibida shakar miqdori belgilangan miqdordan oshib ketgan alkogolsiz ichimliklar reyestri yuritiladi va rasmiy veb-saytlarda joylashtirib boriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qo‘mitasi hamda manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklarni monitoring qilishning yagona raqamli platformasini 2027-yil 1-dekabrga qadar ishlab chiqadi va bosqichma-bosqich ishga tushiradi. Bojxona qo‘mitasi 2028-yil 1-yanvarga qadar import qilinayotgan alkogolsiz ichimliklar tarkibidagi shakar miqdorini elektron deklaratsiyalash tizimini joriy etadi. Tarkibida shakar miqdori ko‘rsatilmagan holda tamg‘alangan mahsulotlarni O‘zbekistonga kiritilmasligini ta’minlaydi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2027-yil 1-yanvardan boshlab ta’lim muassasalari hududida tarkibida shakar miqdori ko‘rsatilmagan holda tamg‘alangan alkogolsiz ichimliklar savdosining bosqichma-bosqich cheklanishini ta’minlaydi.

Shakar miqdori yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklarni belgilash va nazorat qilish tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash prezidentning «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmonida belgilangandi.

Ma’lumot uchun, zamonaviy tibbiyot xulosalariga ko‘ra, suyuq shakarning inson organizmiga ta’siri qattiq oziq-ovqatlardagidan ko‘ra ancha tajovuzkordir. Suyuq holda qabul qilingan shakar miyaga to‘qlik hissini bermaydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri jigarga metabolik zarba berib, tezlik bilan yog‘ga aylanadi. Bu jarayon hujayralarning insulinga sezgirligini yo‘qotadi (insulinga rezistentlik) va yakunda 2-toifa qandli diabet, semirish hamda yoshlar o‘rtasida yurak-qon tomir kasalliklari epidemiyasi xavfini keskin oshiradi.

Sanoat ichimliklari tarkibidagi fruktoza qiyomi inson miyasida dofamin ishlab chiqarilishini rag‘batlantirib, psixoaktiv moddalarga xos qaramlikni paydo qilayotgan bir sharoitda, qadoqdagi ochiq qizil yozuvlar iste’molchilarning impulsiv emas, balki ratsional qaror qabul qilishiga turtki beradi. Shakarli ichimliklarning xavfini qadoqning o‘zida vizuallashtirish orqali davlat sog‘liqni saqlash tizimi zimmasidagi kelgusi moliyaviy va ijtimoiy yukni sezilarli darajada yengillashtirishni ko‘zlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid