Logo

Senat Xitoy bilan abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Qonun Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi savdo, investitsiya, transport, energetika va raqamli texnologiyalar sohalarida uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilaydi.

Senat Xitoy bilan abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi © senat.uz

Senatning yigirmanchi yalpi majlisida «Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

«Dunyo» AA xabar berishicha, shartnoma 2025 yil 17-iyunda Ostona shahrida imzolangan. U «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati doirasida imzolangan birinchi ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma hisoblanadi.

Hujjat davlatlarning suveren tengligi, hududiy yaxlitligi, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish tamoyillari asosida strategik sheriklikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Hamkorlik yo‘nalishlari kengayadi

Shartnomada siyosiy muloqotni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda transport-kommunikatsiya aloqalarini kuchaytirish belgilangan.

Hujjat energetika, sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, «yashil» taraqqiyot va gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishni ham qamrab oladi.

Shartnoma doirasida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini barpo etish, transport yo‘laklarini rivojlantirish va logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston uchun ahamiyati

Senatorlar fikricha, hujjat O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirishi mumkin.

Shuningdek, shartnoma investitsiyalarni jalb qilish, eksport va tranzit salohiyatini oshirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash hamda davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar qonunni ma’qulladi.

Teglar

Mavzuga oid