Logo

O‘zbekiston TIV Latviyaning viza cheklovlari bo‘yicha izoh berdi

Bugun 13:052 daqiqa

Avvalroq Latviya o‘zbekistonliklarga viza berishni vaqtincha to‘xtatishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston TIV Latviyaning viza cheklovlari bo‘yicha izoh berdi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Latviya Ichki ishlar vazirligining O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha cheklash taklifiga munosabat bildirdi.

TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning aytishicha, taklif haqidagi xabarlar tarqalishi bilan O‘zbekiston TIVi diplomatik choralarni boshlagan. Rigadagi elchixona Latviya Bosh vaziri ofisi rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari hamda Prezident administratsiyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Shuningdek, TIV Konsullik-huquqiy departamenti Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan muloqot qilgan. O‘zbekiston tomoni taklif etilayotgan choralarning ikki tomonlama munosabatlarga ehtimoliy ta’siri bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirgan.

«Ko‘rilgan [diplomatik] choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ilgari surdi», — dedi TIV matbuot kotibi. U O‘zbekiston Latviya bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va migratsiya sohalaridagi munosabatlarni yuksak qadrlashini ta’kidladi.

Vatandoshlarga murojaat

TIV xorijda bo‘lgan yoki chet elga chiqishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini borgan mamlakatlarining qonunlariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Vazirlik milliy urf-odat va an’analarni hurmat qilish hamda o‘z xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashish zarurligini ta’kidladi.

«Ayrim shaxslar sodir etadigan huquqbuzarliklar nafaqat ularning o‘zlariga, balki xorijda qonuniy asosda o‘qiyotgan, ishlayotgan, sayohat qilayotgan yoki yashayotgan boshqa vatandoshlarimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», — dedi Fayziyev.

Eslatib o‘tamiz, Latviya ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava 29-sentabr kuni O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni muayyan muddatga to‘xtatib turishni taklif qilgandi. U bunga Latviyaga kelgan ayrim O‘zbekiston fuqarolari tomonidan, jumladan, voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar sodir etilganini sabab qilib keltirgan.

Vazirning taklifi Latviyaga jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan shaxslarning kirib kelish ehtimolini kamaytirishga qaratilgan. Biroq mazkur masala hukumat yig‘ilishi kun tartibiga kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, 4-sentabr kuni Latviyaning Yelgava shahridagi bolalar maydonchasida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinsiy xarakterdagi harakatlarda gumonlangan 1987 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan edi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 6-sentabr kuni sud qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Teglar

Mavzuga oid