Biznesni rivojlantirish banki «Biznes 24/7» raqamli banking platformasini ishga tushirdi
U tadbirkorlarga asosiy bank operatsiyalarini masofadan turib amalga oshirish imkonini beradi.

Biznesni rivojlantirish banki yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yangi «Biznes 24/7» raqamli banking platformasini ishga tushirdi. Yangi platforma bankning biznes mijozlariga xizmat ko‘rsatishdagi asosiy raqamli kanallaridan biriga aylanadi.
U tadbirkorlarga asosiy bank operatsiyalarini masofadan turib amalga oshirish — hisobvaraqlarni boshqarish, to‘lovlarni o‘tkazish, pul mablag‘larining harakatini nazorat qilish va boshqa bank xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.
Bugungi kunda «Biznes 24/7» foydalanuvchilari soni 25 mingga yetdi. Platforma orqali mijozlar bank bo‘limiga tashrif buyurmasdan hisobvaraqni onlayn ochish, kredit yoki depozit rasmiylashtirish, zarur ma’lumotnomalar va hisobotlarni olish, hisobvaraqlarni boshqarish hamda to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin. Tizimda ayrim pul o‘tkazmalari va operatsiyalarni 24/7 rejimida amalga oshirish mumkin. Bu tadbirkorlarga bank bo‘limlarining ish vaqtiga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘z biznes moliyasini boshqarish imkonini beradi.
«Biznes 24/7»ning ishga tushirilishi Biznesni rivojlantirish bankining raqamli transformatsiyasi doirasidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, tadbirkorlar bank bo‘limiga bormasdan onlayn foydalanishi mumkin bo‘lgan bank xizmatlari sonini oshirishga qaratilgan. Platformani ishlab chiqishda mijoz tajribasi, xizmatlardan foydalanish jarayonini soddalashtirish hamda kundalik bank operatsiyalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan amallar sonini qisqartirishga alohida e’tibor qaratildi.
Kelgusida «Biznes 24/7» funksional imkoniyatlari yangi raqamli mahsulotlar va xizmatlar bilan boyitib boriladi. Biznesni rivojlantirish banki tadbirkorlarga bank xizmatlaridan foydalanishni yanada qulay va tezkor qilish maqsadida asosiy bank jarayonlarini onlayn formatga o‘tkazishda davom etmoqda.

