
O‘zbekistonda eng ko‘p tug‘ilish qayd etilgan hududlar ma’lum qilindi
Hududlar kesimida eng ko‘p tug‘ilishlar Samarqand, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan. Shuningdek, 2025 yilning 9 oyida O‘zbekistonda tuzilgan nikohlar soni ma’lum bo‘ldi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda 664,6 ming nafar bola dunyoga keldi. Bu ko‘rsatkich mamlakat demografik o‘sishining barqarorligi saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida eng ko‘p tug‘ilish Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu hududda 80 ming 903 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Ikkinchi o‘rinda Qashqadaryo viloyati bo‘lib, bu yerda 75 ming 116 ta tug‘ilish qayd etilgan. Farg‘ona viloyati esa 74 ming 614 ta ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichlari qayd etilgan boshqa hududlar qatoriga Surxondaryo (61 ming 128 ta), Andijon (60 ming 131 ta) va Namangan (57 ming 881 ta) viloyatlari kiradi. Shuningdek, Toshkent viloyatida 49 ming 7 ta, Toshkent shahrida esa 47 ming 703 ta tug‘ilish holati kuzatilgan.
Qolgan hududlarda tug‘ilishlar soni nisbatan kamroq bo‘lgan. Xorazmda 33 ming 11 ta, Buxoroda 32 ming 624 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 29 ming 523 ta holat qayd etilgan. Jizzaxda 28 ming 484 ta, Navoiyda 18 ming 594 ta va Sirdaryoda esa 15 ming 879 ta tug‘ilish ro‘yxatga olingan.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida mamlakat bo‘yicha jami 177 ming 17 ta nikoh qayd etilgan. Oylar kesimida eng ko‘p nikoh sentabr oyiga to‘g‘ri kelib, ushbu oyda 30 ming 577 ta nikoh tuzilgan. Avgust oyida 27 ming 304 ta, iyul oyida esa 23 ming 861 ta nikoh qayd etilgan.





