Logo

Prokuror 6 yil so‘radi, himoyachilar ishning «siyosiy» ekani haqida gapirdi — Sirojiddin Odilov sudidan reportaj

Bugun 16:101 daqiqa

Kecha, 24-sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudida bloger Sirojiddin Odilov ustidan sud majlisi davom ettirildi. Sudya Abdumannon Shaydoyev raisligida o‘tayotgan jarayonning kechagi kunida davlat ayblovchisi Ma’ruf Xudoyberdiyev hamda sudlanuvchi Odilovning himoyachilari o‘z muzokara nutqlarini so‘zladilar.

Muzokarani boshlagan prokuror Odilovga qo‘yilgan ayblovlar sud tergovi va tomonlarni yuzlashtirish davomida to‘liq o‘z tasdig‘ini topganini ta’kidlab, unga nisbatan jazolarni uzil-kesil qo‘shish yo‘li bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘radi va nutqidan so‘ng zalni tark etdi.

O‘z navbatida, Odilovning advokatlari va jamoat himoyachilari sudlanuvchining mutlaqo aybsiz ekanini bildirib, ish ortida aniq siyosiy motivlar turganini ta’kidlashdi. Xususan, jamoat himoyachisi Abdurahmon Tashanov blogerning qo‘lga olinishi Farg‘onalik o‘qituvchi «Gulira’no Qosimova ishi» bo‘yicha sudlarni faol yoritgani bilan bog‘liqligi va bu haqda avvaldan ogohlantirish bo‘lganini ma’lum qildi.

Himoya tomoni, shuningdek, tergov jarayonida yo‘l qo‘yilgan qator jiddiy qonunbuzarliklar — tintuvning noqonuniy o‘tkazilgani, advokatlar huquqi cheklangani va guvohlarning ishga topshiriq asosida jalb etilganiga e’tibor qaratib, sudyadan Odilovni to‘liq oqlash hamda reabilitatsiya qilishni so‘radi.

Tomonlar muzokarasi yakunlangach, sudya ishda noma’lum muddatga tanaffus e’lon qildi. Navbatdagi majlisda Odilovning muzokara so‘zi tinglanib, hukm chiqarish uchun sud maslahatxonaga kirishi kutilmoqda.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 141

Barchasi

Mavzuga oid

Prokuror 6 yil so‘radi, himoyachilar ishning «siyosiy» ekani haqida gapirdi — Sirojiddin Odilov sudidan reportaj | Vaqt.uz