Logo

Fransiyada o‘g‘irlangani aytilgan «Anorbank» rahbari odam o‘g‘irlash ishida ayblanmoqda

Bugun 16:514 daqiqa

«The Insider» ma’lumotiga ko‘ra, Qahramonjon Olimov sirtdan hibsga olinib, xalqaro qidiruvga berilgan.

Fransiyada o‘g‘irlangani aytilgan «Anorbank» rahbari odam o‘g‘irlash ishida ayblanmoqda

O‘zbekistonlik moliyachi, «Anorbank»ning asosiy aksiyadori hisoblangan Qahramonjon Olimov xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda «The Insider» nashri xabar berdi.

Olimov 2025 yilning yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani da’vo qilingan edi. Biroq endilikda uning o‘zi mazkur odam o‘g‘irlash jinoyatini tashkil etganlikda ayblanmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Olimov O‘zbekistonda sirtdan hibsga olingan va unga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan.

Bu haqda nashrga Olimovga yaqin manba xabar bergan.

«The Insider»ning ta’kidlashicha, mazkur ish yuzasidan rasmiy ma’lumotlar hozircha ochiqlanmagan. Nashr manbasiga кўра, Olimov Fransiyadagi o‘g‘irlanish holatini o‘zi sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa — jinoyat tashkilotchisi sifatida o‘zining sobiq ish beruvchisi hamda iqtisodiy nizolardagi raqibi Botir Rahimovni ko‘rsatish bo‘lgan.

Olimov va Rahimov o‘rtasidagi kelishmovchilik biznes aktivlari ustida kelib chiqqan. «The Insider» nashrining yozishicha, Rahimov sobiq xodimidan 200 million dollardan ortiq kompensatsiya talab qilib, uni o‘ziga tegishli biznes aktivlarini o‘zlashtirib yuborganlikda ayblagan.

Parijdagi o‘g‘irlik

Olimov 2025 yilning yozida Parij markazida o‘g‘irlab ketilganini bildirgan edi. Uning da’vo qilishicha, jinoyatchilar uni dastlab noma’lum manzilga, keyinchalik Nitssa shahri yaqinidagi villaga olib borgan. U yerda uni kaltaklashgani, turli qiynoqlarga solishgani va 10 million dollar talab qilishganini aytgan.

Olimovning so‘zlariga ko‘ra, u 5 million dollarlik tilxatni imzolab, 200 ming dollar to‘lashga rozilik bergach, ozod qilingan. Shundan so‘ng u Parijga qaytib, politsiyaga ariza bilan murojaat qilgan.

Biroq 2025 yilning noyabr oyida «The Insider» hamda Fransiyaning «L’Express» nashrlari tomonidan o‘tkazilgan qo‘shma surishtiruv davomida Olimovning vajlariga zid keluvchi qator shubhali holatlar aniqlangan.

Jumladan, Olimov tutqunlikda saqlanganini aytgan villa aslida uning yaqin hamkorining hujjatlaridan foydalanilgan holda, vositachi orqali ijaraga olingani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, Olimov ozod qilingach, Parijga qaytishi uchun sotib olingan birinchi klass avichipta puli aynan u odam o‘g‘irlashda ayblagan shaxs — M. ning haydovchisi tomonidan to‘langani aytilmoqda.

Eng e’tiborli jihatlardan biri shundaki, Olimov politsiyaga murojaat qilganidan keyin ham gumondor M. bilan do‘stona yozishishni davom ettirgan. M. politsiya bu voqea sahnalashtirilganini fahmlagani yoki yo‘qligini so‘ragan, ammo Olimov bu savolni javobsiz qoldirgan.

«The Insider» nashrining yozishicha, bir necha kun o‘tgach, Olimov M. ga ular o‘rtasida hech qanday adovat yo‘qligini bildirib, uning hibsga olinmaganidan xursand ekanini yozgan.

Olimovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayoni esa da’vo qilingan qiynoqlardan sakkiz kun o‘tib amalga oshirilgan. Ko‘rik xulosasida unda faqat kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan yengil ko‘karish va tirnalishlar borligi qayd etilgan.

Rahimov bilan nizo qayerdan kelib chiqqan?

«The Insider» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Olimov va uning sobiq ish beruvchisi Botir Rahimov o‘rtasida bir necha yildan buyon davom etib kelayotgan moliyaviy mojaro mavjud bo‘lgan.

Rahimov 2016 yilda O‘zbekistondan Turkiyaga ketganidan so‘ng uning biznesining katta qismi Olimov boshqaruviga o‘tgan. Keyinchalik Rahimov bu kelishuvni o‘zi uchun juda noqulay deb topgan. O‘zbekistonga qaytgach esa kelishuv shartlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan va Olimovdan 200 million dollardan ortiq mablag‘ talab qilgan.

«The Insider»ning qayd etishicha, aynan mana shu yirik moliyaviy nizolar fonida 2025 yilning yozida Olimovning o‘g‘irlab ketilgani bilan bog‘liq shubhali hikoya paydo bo‘lgan.

Ishning bir uchi elektr stansiyasi loyihasiga ham borib taqaladi

«The Insider» nashri o‘z surishtiruvida Olimov bilan bog‘liq yana bir yirik loyiha — Сuрхондарё viloyatidagi bug‘-gaz elektr stansiyasi haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

Qiymati qariyb 1,2 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyiha dastlab Niderlandiyaning «Stone City Energy B.V.» kompaniyasi orqali amalga oshirilgan bo‘lib, uning 2019 yilda ta’sis etilganidan to 2024 yil martigacha yagona yakuniy benefitsiari Olimov bo‘lgan.

Keyinchalik o‘tkazilgan qayta tuzish jarayonidan so‘ng ham, uning loyihadagi iqtisodiy ulushi «QuWatt B.V.» orqali saqlanib qolgan.

Bugungi kunda ham «QuWatt B.V.» to‘liq Olimovning nazorati ostida faoliyat yuritadi va u «SCE-Quvvat LLC» loyiha kompaniyasi ta’sischilari qatoriga kiradi. Ushbu loyihada uning sheriklari sifatida «EDF», «Siemens Energy» hamda Qatarning «Nebras Power» kabi yirik xalqaro kompaniyalari qatnashmoqda.

Prezident loyihani tanqid qilgan

2026 yil 27-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi elektr stansiyasi loyihasining amalga oshirilishini tanqid qilgan.

Преzidент stansiya uchun joy noto‘g‘ri tanlangani, shu sababli unga gaz olib borishning o‘zi qo‘shimcha 300 million dollar xarajat talab qilishi mumkinligini aytgan. U, shuningdek, investor bilan kelishuv shartlari yetarlicha sinchiklab o‘rganilmaganini bildirgan.

«Xuddi shu yig‘ilishda Mirziyoyev sohadagi jiddiy kamchiliklar sababli energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovni ishdan bo‘shatdi. Ikki kundan so‘ng Mirzamahmudov qo‘lga olindi va 30-iyul kuni sud uni qamoqqa olishga hukm qildi. Ozodlik radiosining o‘zbek xizmati huquq-tartibot idoralaridagi bir nechta mustaqil manbalariga tayanib xabar berishicha, sobiq vazir mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mablag‘larni o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda», — deyiladi «The Insider» materialida.

Teglar

Mavzuga oid