Logo

Xo‘jaobodda 25 mln dollarlik «aqlli» suv hisoblagichlar korxonasi ishga tushirildi

Sanoat zonasi to‘liq ishga tushgach, nechta yangi ish o‘rni yaratilishi, yiliga 50 dan ortiq turdagi 200 mln dollarlik mahsulot ishlab chiqarilsa, budjetga qancha tushum ta’minlanishi, viloyatning eksport salohiyati qanchaga oshishi borasida prezidentga ma’lumot berildi.

Xo‘jaobodda 25 mln dollarlik «aqlli» suv hisoblagichlar korxonasi ishga tushirildi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi texnoparkda bo‘lib, «aqlli» suv hisoblagichlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Andijon maydoni jihatidan kichik, aholi eng zich joylashgan viloyatlardan biri. Shu bois, hududda har bir qarich yerdan samarali foydalanish, adirliklarni o‘zlashtirish va yangi sanoat maydonlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xo‘jaobod tumanida 300 million dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga tashkil etilgan «Andijon texnoparki» ana shunday yirik loyihalardan biridir. Adirliklarni o‘zlashtirish evaziga ajratilgan 100 gektar maydonda 51 ta sanoat korxonasini joylashtirish rejalashtirilgan.

Prezident matbuot xizmatining ta’kidklashicha, sanoat zonasi to‘liq ishga tushgach, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 50 dan ortiq turdagi 200 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilib, budjetga 160 milliard so‘m tushum ta’minlanadi. Viloyatning eksport salohiyati esa 50 million dollarga oshadi.

Sanoat zonasida Xitoyning «Sanchuan» kompaniyasi tomonidan «aqlli» suv hisoblagichlar ishlab chiqarish korxonasi barpo etildi. Qiymati 25 million dollar bo‘lgan loyiha to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda. Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarining 80 foizi robotlashtirilgan.

«Huawei» kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan 5G texnologiyasi asosidagi «aqlli» hisoblagichlar suv sarfi va sifati, qurilmalarning texnik holati hamda balansni onlayn kuzatish imkonini beradi.

Korxonada yiliga 15 turdagi 1 million dona «aqlli» suv hisoblagich ishlab chiqariladi. Ular suv to‘planishining oldini oluvchi maxsus konstruksiya va sovuqqa chidamli korpus bilan ishlab chiqariladi. Shuningdek, bu yerda dual ta’lim dasturi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Mahalliylashtirish darajasini 2030-yilga qadar 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda sanoat zonasida butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar joylashtiriladi.

Teglar

Mavzuga oid