Logo

IT Park sentabr oyida 105 ta kompaniyani reyestrdan chiqardi

Bugun 13:052 daqiqa

Sentyabr oyining 15 kunida 105 ta kompaniya IT Park rezidentlari reyestridan chiqarildi. Yil boshidan buyon qariyb 943 kompaniyaning bunday maqomi bekor qilindi.

IT Park sentabr oyida 105 ta kompaniyani reyestrdan chiqardi © Ijtimoiy tarmoqlar

Yil boshidan buyon 943 ta kompaniya, sentabr oyining 15 kunida esa 105 ta kompaniya IT Park ishtirokchilari reyestridan chiqarildi. Bunga kompaniyalarning belgilangan majburiyatlarni bajarmagani sabab bo‘lgan, deb xabar bermoqda IT Park Uzbekistan.

Rezidentlik maqomidan chiqarilgan kompaniyalarning eng katta qismi Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Poytaxtda ularning soni 433 taни tashkil etgan.

Hududlar kesimida esa quyidagicha taqsimlangan:

●     Toshkent viloyati — 77 ta;

●     Samarqand viloyati — 68 ta;

●     Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 60 ta;

●     Farg‘ona viloyati — 56 ta;

●     Xorazm viloyati — 38 ta;

●     Sirdaryo viloyati — 36 ta;

●     Surxondaryo viloyati — 33 ta;

●     Namangan viloyati — 29 ta;

●     Qashqadaryo viloyati — 25 ta;

●     Navoiy viloyati — 24 ta;

●     Jizzax viloyati — 22 ta;

●     Andijon viloyati — 21 ta;

●     Buxoro viloyati — 21 ta.

Rezidentlar qanday talablarga rioya qilishi kerak?

IT Park rezidenti maqomi kompaniyalarga qonunchilikda belgilangan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish, shuningdek, biznesni rivojlantirish va xalqaro bozorlarga chiqishga qaratilgan qo‘llab-quvvatlash dasturlarida qatnashish imkonini beradi.

Biroq ushbu maqomni saqlab qolish uchun kompaniyalar belgilangan talablarga rioya qilishi kerak. Asosiy talablar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15-iyuldagi 589-son qarori hamda IT Park bilan tuzilgan shartnomalarda belgilangan.

Jumladan, rezident kompaniyalar:

●     tasdiqlangan faoliyat yo‘nalishlari va biznes-reja doirasida ishlashi;

●     faoliyat natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etishi;

●     har yili auditdan o‘tishi;

●     IT Park bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilishi lozim.

Belgilangan talablarning bajarilishi kompaniyaning IT Park rezidenti maqomini saqlab qolishi hamda ushbu maqom doirasidagi imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalanishda davom etishi uchun zarur.

Vaqt.uz avvalroq IT Park rezidentlarining xizmatlar eksporti 392,5 million dollarga yetgani haqida xabar bergandi. Ko‘rsatkich o‘tgan 2025 yilning mos davriga nisbatan 90,3 million dollarga oshgan.

Teglar

Mavzuga oid