Fuqarolarga hokim qarorlari ustidan bevosita sudga shikoyat qilish huquqi berilishi mumkin
Prezidentga qilingan taqdimotga ko‘ra, sudga murojaat qilish uchun belgilangan 6 oylik muddat qayta ko‘rib chiqilib, 4 xil da’vo shakli joriy etiladi.
© crypto.runfyers.comO‘zbekistonda fuqarolarga mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari ustidan bevosita ma’muriy sudga shikoyat qilish huquqi beriladi. Shuningdek, sudga murojaat qilishning to‘rt turdagi da’vo shakli joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga ma’muriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot davomida ma’lum qilindi.
«Yangi yondashuvlar, eng avvalo, fuqarolarning buzilgan huquqlarini amalda tiklash, davlat organlari faoliyati ustidan sud nazoratini kuchaytirish hamda ma’muriy sudlarning vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan», — deyiladi xabarda.
Taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, sudga murojaat qilish uchun belgilangan amaldagi olti oylik muddat qayta ko‘rib chiqiladi. Endilikda fuqarolarga davlat organi tomonidan qonunbuzilish holati sodir etilganligini tan olish yuzasidan sudga muddatsiz murojaat qilish imkoniyatini yaratish taklif etildi. Hozirgi tartibga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarining buzilgan huquqlarini tiklash uchun ma’muriy sudlarga faqat bitta shaklda murojaat qilish imkoniga ega bo‘lsa, yangi islohotlar natijasida huquq buzilishidan oldin uning himoyasini proaktiv tarzda ta’minlash sharoiti yaratiladi.
Sud qarorlarini ijro etmagan mansabdorlar ustidan prokuraturaga xabar beriladi
Sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan choralar ham nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, davlat organining mansabdor shaxsiga sud qarorini ijro etmagani uchun jarima qo‘llanilganlaridan keyin ham qaror takroran ijro etilmasa, sud qonuniy chora ko‘rish uchun prokurorga xabar beradi.
Bundan tashqari, ma’muriy sudlarning vakolatlari yanada kengaytirilib, ularga fuqarolar va tadbirkorlarga ta’sir choralarini qo‘llashda davlat organlari diskretsion vakolatlardan qonuniy va asosli foydalanganini tekshirish vazifasi yuklanadi. Ta’kidlanishicha, bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasida belgilangan mutanosiblik prinsipining amalda to‘laqonli ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davlat rahbari sohani rivojlantirishning navbatdagi bosqichida joriy etilishi kutilayotgan 15 ga yaqin yangi huquqiy institutlar inson huquqlari qo‘pol buzilgan hollarda ularni sud orqali samarali tiklash va davlat idoralari mas’uliyatini oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidlab, bildirilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan.