OKMK Moody’s agentligidan «Ba2» darajasida, «barqaror» prognoz bilan kredit reytingini oldi
Reyting O‘zbekistonning suveren reytingi bilan bir darajada belgilangan va xorijiy valutadagi majburiyatlar bo‘yicha mamlakatdagi eng yuqori daraja hisoblanadi.

«Olmaliq kon metallurgiya kombinati» AJ Moody’s agentligidan «Ba2» darajasida, «barqaror» prognoz bilan kredit reytingini va «Ba3» darajasidagi mustaqil kredit bahosini (BCA) oldi.
Reyting O‘zbekistonning suveren reytingi («Ba2»/prognoz «barqaror») bilan bir darajada belgilangan va xorijiy valutadagi majburiyatlar bo‘yicha mamlakatdagi eng yuqori daraja hisoblanadi.
Shu bilan birga agentlik kombinatning mustaqil kredit bahosini (Baseline Credit Assessment, BCA) «Ba3» darajasida belgiladi. Mazkur ko‘rsatkich davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash omillarini hisobga olmagan holda kompaniyaning o‘z moliyaviy va operatsion salohiyatiga asoslangan kredit qobiliyatini aks ettiradi.
OKMK O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatidagi Moody’s tomonidan kredit reytingiga ega bo‘lgan birinchi kompaniya bo‘ldi. Bu mamlakat sanoatining yetakchi korxonalari uchun xalqaro kapital bozorlariga chiqish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Agentlik kombinatning davlat bilan mustahkam aloqalari, yirik resurslar bazasi, mahsulot turlari bo‘yicha diversifikatsiya va tannarx bo‘yicha qulay mavqei, shuningdek ishlab chiqarish hajmlarining o‘sishini ta’minlovchi investitsiya dasturining amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Reklama




