Logo

Markaziy Osiyo o‘z dron sanoatini yo‘lga qo‘ymoqda

Bugun 10:006 daqiqa

Mintaqa davlatlari xavfsizlikni ta’minlashda Turkiya va Eron dronlarini tanlayapti. Qirg‘iziston «Bayraktar» apparatlarini maoshlarni qisqartirish hisobiga sotib olayotgan bo‘lsa, Tojikiston Eronning «Ababil-2» dronlarini yig‘ish bo‘yicha maxfiy dasturni ishga tushirgan. O‘zbekiston o‘zining ilk mahalliy antidroni — «Shunqor-8» loyihasini namoyish etdi, Qozog‘iston esa dunyoda birinchi bo‘lib Turkiyaning «ANKA» dronlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda.

Markaziy Osiyo o‘z dron sanoatini yo‘lga qo‘ymoqda

Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik sohasida uchuvchisiz uchish apparatlaridan tobora ko‘proq foydalanmoqda. «The Diplomat» nashrining 2026 yil 18-sentabrda e’lon qilingan maqolasida muallif Maykl S. Koffi mintaqa davlatlarining xorijiy dron ishlab chiqaruvchilarga bog‘liqligi masalasini tahlil qildi.

Muallif Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik masalalarida tarixan Rossiya texnologiyalariga tayanib kelganini eslatadi. Biroq so‘nggi yillarda Turkiyadan harbiy dronlar xaridi ko‘payganini Koffi shunchaki qaramlikning bir tashqi manbadan boshqasiga ko‘chishi sifatida baholaydi.

Maqolada dastlab Qirg‘iziston misoli ko‘rib chiqiladi. Mamlakat 2021 yil oxirida Turkiyadan «Bayraktar TB2» dronlarini sotib olgan bo‘lsa, keyinchalik o‘z arsenalini «Bayraktar Akinci», «Aksungur» va «Anka» kabi qurilmalar bilan boyitgan.

«Eurasianet» nashriga ko‘ra, 2023 yil yanvar oyida Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati matbuot kotibi Dayirbek Orunbekov yangi dronlar partiyasi olib kelinganini tasdiqlagan. Ular orasida «Aksungur» va «Anka» apparatlari borligi aytilsa-da, qurilmalar soni va shartnoma qiymati ochiqlanmagan.

Qirg‘izistonning turk dronlariga qiziqishi 2022 yildagi qirg‘iz-tojik chegarasidagi to‘qnashuvlardan so‘ng yanada ortdi. «The Diplomat» nashrining yozishicha, mazkur mojaroda «Bayraktar TB2» apparatlari qo‘llangan va shundan keyin Bishkek Turkiyaga yangi buyurtmalar bergan.

Muallif dronlarni boshqariluvchi harbiy samolyotlarga qaraganda arzonroq vosita deb hisoblaydi, lekin xarajatlar faqatgina import bilan cheklanib qolmasligini uqtiradi. Uning ta’kidlashicha, ehtiyot qismlar, sensorlar, o‘q-dorilar, texnik xizmat ko‘rsatish va yo‘qotilgan qurilmalar o‘rnini qoplash uchun ham doimiy mablag‘ talab qilinadi.

Shuningdek, nashr Qirg‘iziston yangi dronlar xaridini davlat xizmatchilarining maoshini qisqartirish hisobidan moliyalashtirganiga e’tibor qaratgan. Bu ma’lumot Prezident ma’muriyati matbuot kotibining 2023 yildagi bayonotlariga asoslanadi.

Ukraina va Rossiya tajribasi nimani ko‘rsatmoqda?

Maqolada Markaziy Osiyo uchun namuna sifatida Rossiya va Ukrainaning dronlardan foydalanish tajribasi ham tahlil qilingan. Qayd etilishicha, Rossiya urushning ilk bosqichida Erondan «Shahed-136» rusumli dronlarni sotib olgan bo‘lsa, keyinchalik ularni o‘z hududida ishlab chiqarish va tuzilishini takomillashtirishni yo‘lga qo‘ygan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqarish jarayonida ayrim qurilmalar modernizatsiya qilinib, ularning reaktiv dvigatellari, radiolokatsiyaga qarshi qoplamalari va boshqaruv tizimlariga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Ukraina esa qurolli to‘qnashuvlar boshida Xitoyning «DJI Mavic», Turkiyaning «TB2» va AQSHning «Switchblade» tizimlaridan foydalangan. Vaqt o‘tishi bilan mamlakatda dronlarni mahalliylashtirish va ularni jang maydonidagi real sharoitlarga moslashtirish jarayoni boshlangan.

Shu bilan birga, maqolada zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari oldida dronlarning zaif tomonlari borligiga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, 2026 yildagi AQSH va Eron o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarda Qo‘shma Shtatlar o‘zining «MQ-9 Reaper» taktik dronlaridan 45 tasini yo‘qotgani, bu esa mazkur flotning qariyb 25 foizini tashkil etishi bildirilgan.

«The Washington Post» gazetasi ham 2026 yil 13-avgustdagi sonida AQSH kamida 45 ta «MQ-9 Reaper» dronidan ayrilgani haqida xabar berdi. Nashr bu ko‘rsatkich urushga qadar mavjud bo‘lgan flotning qariyb to‘rtdan bir qismiga tengligini tasdiqlagan.

Tojikiston ham xorijiy texnologiyalarga murojaat qilmoqda

Maqolada Tojikistonning dronlarni o‘zlashtirish borasidagi qadamlari xorijiy hamkorlik nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Xususan, 2022 yilda Tojikistonda Eronning «Ababil-2» dronlarini ishlab chiqarish yoki yig‘ish bo‘yicha dastur tasdiqlangani eslatib o‘tilgan.

Kelishuvni imzolash marosimida Eron generali Muhammad Bag‘eriy va Tojikiston mudofaa vaziri Sherali Mirzo ishtirok etgan. Biroq «The Diplomat» ushbu loyihaning keyingi taqdiri va amalga oshirilgan ishlar ko‘lami haqida ochiq ma’lumotlar juda kamligini ta’kidlaydi.

Tojikistonda «Ababil-2» dronlarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv 2022 yilning may oyida rasman e’lon qilingan bo‘lib, o‘shanda Eronning «Tasnim» agentligi Dushanbe yaqinida shunday korxona ish boshlagani haqida xabar bergan edi.

Qirg‘izistonda dron markazi va kollej ochilishi rejalashtirilmoqda

Mahalliy salohiyatni yuksaltirish misoli sifatida Qirg‘izistonning «Nanospace» kompaniyasi faoliyati keltiriladi. 2026 yilning may oyida mazkur kompaniya Bishkek yaqinidagi Tosh-Do‘bo hududida uchuvchisiz texnologiyalar institutini ochish rejasini e’lon qilgan.

Qirg‘izistonning «24.kg» agentligi 11-may kuni Tosh- Do‘boda «Nanospace» tadqiqot markazi hamda dron texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlovchi kollej ochilishini xabar qilgan. International Meta-Scientific University bilan hamkorlikda tashkil etiladigan ushbu dargohda 60 nafar talaba tahsil olishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha hali boshlang‘ich bosqichda ekanini eslatgan nashr, operatorlar tayyorlash va kichik dronlarni yagona tarmoqqa birlashtirish texnologiyalarini rivojlantirish «Nanospace» tashabbusining asosiy yo‘nalishlari ekanini alohida ta’kidlagan.

O‘zbekistonda «Shunqor-8» apparati namoyish etildi

Mintaqadagi mahalliy ishlanmalarga yana bir misol tariqasida O‘zbekistonda yaratilgan «Shunqor-8» antidron-interseptori (tutuvchi apparat) tilga olinadi. Qurilma 2026 yilning yozi oxirida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada O‘zbekiston Innovatsion texnologiyalar markazining yangi loyihasi sifatida keng ommaga taqdim etilgan.

O‘zbekistondagi ilk mahalliy antidron hisoblangan «Shunqor-8»ning mahalliylashtirish darajasi 45 foizni tashkil qiladi. Apparat soatiga 450 kilometr tezlikda harakatlanib, 1 kilogrammgacha yuk ko‘tarishi va 8–10 kilometr masofadagi yot dronlarni zararsizlantirishi mumkin.

Shuningdek, qurilma havoda 10–15 daqiqagacha parvoz qila oladi. Loyiha muallifining so‘zlariga ko‘ra, mazkur antidronning ishlab chiqarish tannarxi 20–50 ming dollar atrofida va 2–5 million dollarlik an’anaviy havo mudofaasi raketalaridan karrasiga arzon.

Qozog‘istonda «ANKA» dronlarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

Mintaqaviy ishlab chiqarish borasidagi yana bir yirik loyiha Qozog‘istonda amalga oshirilmoqda. Mamlakatda Turkiyaning «ANKA» dronlarini yig‘ish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona ochilishi kutilmoqda.

Hukumat ma’lumotlariga qaraganda, 2026 yilning may oyida «Kazakhstan Engineering» va «Turkish Aerospace» kompaniyalari o‘rtasida imzolangan kelishuv asosida Qozog‘istonda «ANKA» dronlarini yig‘ish hamda texnik xizmat ko‘rsatish liniyasini barpo etish belgilangan. Shu bilan birga, hujjatda texnologiyalar almashinuvi va mahalliy kadrlarni o‘qitish masalalari ham o‘rin olgan.

Ushbu loyiha natijasida Qozog‘iston dunyoda «ANKA» dronlarini ishlab chiqaruvchi birinchi xorijiy davlatga aylanishi kutilmoqda. Qolaversa, hamkorlik doirasida Qozog‘iston Qurolli kuchlari uchun dronlarni ta’mirlovchi va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

«The Diplomat»ning xulosasiga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi mavjud hamda istiqboldagi tashabbuslar mintaqa davlatlarida dron texnologiyalarini mustaqil o‘zlashtirish uchun yetarli imkoniyatlar borligini namoyish etadi.

Texnologiyalarni to‘liq mahalliylashtirish shart emas

Nashr Markaziy Osiyo mamlakatlari dronlarning har bir qismini mutlaqo o‘zida ishlab chiqarishi shart emasligiga urg‘u beradi. Muallif fikricha, yuqori texnologiyali sensorlar, jumladan, elektrooptik va infraqizil tizimlar borasida mahalliy korxonalarning jahon bozorida raqobatlashishi biroz murakkab kechishi mumkin.

Ayni paytda, kichik FPV dronlari hamda taktik apparatlar uchun mo‘ljallangan kameralar, navigatsiya tizimlari va boshqa butlovchi qismlar tanlovi ancha keng. Muallif navigatsiya tizimlarini mahalliy geografik sharoitlarga moslashtirish orqali yagona sun’iy yo‘ldosh tarmog‘iga bog‘lanib qolishning oldini olish mumkinligini qayd etadi.

Dronlarning tinchlik maqsadlaridagi ahamiyati

Maqolada dronlardan nafaqat harbiy maqsadlarda, balki uzoq chegara hududlarini nazorat qilish, kontrabanda va odam savdosiga qarshi kurashish, shuningdek, suv resurslarini monitoring qilish kabi vazifalarda ham keng foydalanish mumkinligi aytib o‘tilgan.

Bundan tashqari, muzliklardan oqib tushayotgan suv hajmini o‘lchash, quyi oqimdagi suv iste’molini nazorat qilish hamda Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari kabi yirik xalqaro tadbirlar xavfsizligini ta’minlash ham dronlar yordamida bajarilishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar sirasiga kiritilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Markaziy Osiyo o‘z dron sanoatini yo‘lga qo‘ymoqda | Vaqt.uz