Putin bilan «yaqin aloqalarga» egaligi aytilgan Usmanov Yevropa sanksiyalaridan chiqariladi
Yevropa Ittifoqining 27 davlati elchilari rossiyalik milliarderlar Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishga kelishib oldi.

Yevropa Ittifoqining 27 ta davlati doimiy vakillari rossiyalik tadbirkorlar Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Bu haqda yevropalik diplomatlarga tayanib, «Reuters» agentligi ma’lum qildi.
Xabar qilinishicha, agar yaqin bir necha soat ichida Yevropa Ittifoqi hukumatlaridan birortasi ushbu qadamga e’tiroz bildirmasa, Rossiyaning Ukrainadagi urushi sababli joriy etilgan mazkur sanksiyalar bekor qilinadi.
Diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat elchilarining bu qarori minglab boshqa rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalarni uch yilga uzaytirish bo‘yicha paket kelishuvining bir qismi sifatida amalga oshirilgan. Ushbu muddat odatdagi olti yoki 12 oylik uzaytirish muddatlaridan ancha uzoqroq ekani ta’kidlanmoqda.
Usmonov va Fridmanni ro‘yxatdan chiqarish tashabbusi
Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlarida hayrat va g‘azabni keltirib chiqargan holda, joriy oyda Fransiya rossiyalik o‘zbek milliarderi Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish tashabbusi bilan chiqqan Slovakiyaga qo‘shilgan. Diplomatlarning qayd etishicha, shundan so‘ng Luksemburg rossiyalik Fridmanni ham ro‘yxatdan chiqarishni talab qilgan.
«Reuters» agentligiga o‘tgan hafta uch nafar yevropalik diplomat ma’lum qilishicha, Fransiya kamida ikki nafar Fransiya fuqarosini hibsga olgan Ozarboyjon tomonidan bosimga uchraganini bildirib, Yevropa Ittifoqini Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirgan. Biroq, keyinchalik ozarboyjonlik yuqori martabali diplomat bu da’volarni rad etgan.
O‘z navbatida, Fransiya tomoni Usmonovga nisbatan Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqi va Ittifoq hududidagi aktivlarini muzlatishni o‘z ichiga olgan sanksiyalarni bekor qilishga undaganini ochiq tasdiqlamagan.
Sanksiyalar va sud ishi
Yevropa Ittifoqi har ikki tadbirkorga nisbatan 2022 yilda sanksiyalar joriy qilgan edi. YI Usmonovga nisbatan sanksiya qo‘llashda uni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «yaqin aloqalarga» ega deya ta’riflagan.
Shuningdek, Fridman hozirda arbitraj sudiga o‘tgan ish doirasida Luksemburgdan 16 milliard dollar talab qilmoqda. Yevropa Ittifoqi diplomatlarining ta’kidlashicha, Luksemburg agar Usmonov yolg‘iz o‘zi sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilsa, Fridmanga nisbatan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini saqlab qolish bo‘yicha Luksemburgning pozitsiyasi zaiflashishi mumkinligini aytmoqda.





