Logo

«Hammasi joyida» — Xalqaro qidiruvga berilgani aytilgan «Anorbank» aksiyadori atrofidagi xabarlarga bank va regulyator izoh berdi

Bugun 22:493 daqiqa

«Anorbank» aksiyadori xalqaro qidiruvga berilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, aholi orasida bank faoliyatiga oid turli savollar va xavotirlar paydo bo‘ldi. Holatga nisbatan bank va Markaziy bank munosabat bildirdi.

«Hammasi joyida» — Xalqaro qidiruvga berilgani aytilgan «Anorbank» aksiyadori atrofidagi xabarlarga bank va regulyator izoh berdi © Kollaj

O‘zbekistonlik moliyachi va «Anorbank»ning asosiy aksiyadorlaridan biri Qahramonjon Olimov xalqaro qidiruvga berilgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda bank mijozlari orasida turli savollarni keltirib chiqardi. Bank va Markaziy bank vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.

18-sentabr kuni Rossiyaning «The Insider» nashri Olimov O‘zbekistonda sirtdan hibsga olingani va xalqaro qidiruvga berilgani haqida xabar berdi. Nashr bu ma’lumotni unga yaqin manbaga tayanib e’lon qilgan.

«The Insider» ma’lumotlariga ko‘ra, Olimov 2025 yil yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani da’vo qilingan. Endi uning o‘zi ushbu odam o‘g‘irlashni tashkil etganlikda gumon qilinayotgani aytilmoqda. Nashr bu ish bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar hozircha ochiqlanmaganini ham qayd etgan.

Shuningdek, nashr bu voqeani Olimovning sobiq ish beruvchisi va biznesdagi raqibi Botir Rahimov («Botir Alyuminiy» taxallusi bilan mashhur, «Kapitalbank» asoschisi) bilan uzoq yillik moliyaviy nizosi bilan bog‘lagan. Unga ko‘ra, Rahimov Olimovdan 200 million dollardan ortiq kompensatsiya talab qilgan.

«The Insider» ta’kidlashicha, Olimov Rahimovni moliyaviy da’volaridan voz kechishga majburlash uchun uning o‘g‘irlanishini tashkil qilganlikda gumon qilinmoqda. Ayni paytda bu ma’lumotlar O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan rasman tasdiqlanmagan.

«Aksiyadorning shaxsiy masalalarini bank faoliyati bilan aralashtirish noto‘g‘ri» — «Anorbank» rasmiy munosabati

Bu xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalishi ortidan «Anorbank» ham vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Bank aksiyadorlardan birining shaxsiy masalalari uning kapitali, boshqaruvi va operatsion faoliyatiga aloqador emasligini ta’kidladi.

«Anorbank»ning ma’lum qilishicha, ushbu masala bo‘yicha bankka hech qanday rasmiy tasdiq yoki so‘rov kelib tushmagan. Turli manbalarda tarqalayotgan ma’lumotlar esa vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanmagan.

Bank hozirda odatdagi ish tartibida faoliyat yuritayotganini, barcha bank operatsiyalari, mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda mijozlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlari belgilangan tartibda bajarilayotganini bildirdi.

Anorbank mijozlar va jamoatchilikni tekshirilmagan hamda anonim manbalar tarqatayotgan ma’lumotlarga tanqidiy yondashib, faqat rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlangan axborotga tayanishga chaqirdi.

«Hammasi joyida» — Markaziy bank izohi

Markaziy bank «X» platformasida so‘rovlarga izoh qoldirib, «Anorbank» odatdagi tartibda faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.

 «Hammasi joyida. «Anorbank» odatdagi tartibda ishlamoqda: omonat, kredit, to‘lov va boshqa xizmatlar uzluksiz davom etmoqda», — deyiladi Markaziy bank izohida.

Regulyatorning ta’kidlashicha, alohida aksiyador bilan bog‘liq holat bankning kundalik operatsion faoliyati va moliyaviy barqarorligini bevosita belgilamaydi.

«Bank mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarib, faoliyatining uzluksizligini ta’minlamoqda», — deya qayd etgan Markaziy bank.

«Anorbank»ning moliyaviy ko‘rsatkichlari qanday?

2026 yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, «Anorbank»ning aktivlari 21,4 trln so‘m, majburiyatlari esa 19,8 trln so‘mни tashkil etgan.

Bankning likvidlik ko‘rsatkichlari Markaziy bank tomonidan belgilangan minimal talablardan yuqori bo‘lgan. Jumladan, yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlardagi ulushi 16,9 foizни tashkil etgan, minimal talab esa 10 foiz etib belgilangan.

Shuningdek, likvidlikni qoplash me’yori (LCR) 116 foiz, sof barqaror moliyalashtirish me’yori (NSFR) 128 foizни tashkil etgan. Har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha minimal talab 100 foizга teng.

Bankning regulyativ kapital monandligi koeffitsiyenti 13 foiz bo‘lgan. Bu ham belgilangan 12 foizlik minimal talabdan yuqori.

Bundan tashqari, Markaziy bankning bank tizimi bo‘yicha taqqoslama ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-avgust holatida «Anorbank» aktivlari 20,2 trln so‘mни tashkil etgan. Aktivlar hajmi bo‘yicha bank bir yil ichida tizimdagi banklar orasida 17-o‘rindan 14-o‘ringa ko‘tarilgan.

Shu davrda bankning depozit portfeli 16,2 trln so‘mга yetib, bir yil ichida 44 foizga oshgan. Bank tizimi bo‘yicha depozitlarning o‘rtacha o‘sishi esa 34 foizни tashkil etgan. Depozit portfeli hajmi bo‘yicha «Anorbank» 13-o‘rindan 12-o‘ringa, davlat ulushi bo‘lmagan banklar orasida esa 6-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tarilgan. Umuman olganda, keltirilgan ko‘rsatkichlar «Anorbank»ning likvidligi, kapitali va depozit bazasi bo‘yicha ijobiy dinamikaga ega ekanini ko‘rsatadi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 206

Barchasi

Mavzuga oid