Logo

Qo‘shma Shtatlar, Daniya va Grenlandiya kelishuvga erishdi

Kecha 23:005 daqiqa

Grenlandiyaning maqomi bo‘yicha AQSH va Daniya o‘rtasidagi oylab davom etgan ziddiyatlardan so‘ng, tomonlar Arktika xavfsizligi bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishdi. Mazkur bitim Vashingtonga oroldagi harbiy vakolatlarini keskin kengaytirish ikonini beradi.

Qo‘shma Shtatlar, Daniya va Grenlandiya kelishuvga erishdi

AQSH, Daniya va Grenlandiya 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasi doirasida Grenlandiya xavfsizligi bo‘yicha uch tomonlama kelishuvga erishdi. Hujjat AQSHning oroldagi harbiy ishtirokini kengaytirish, mavjud «Pituffik Space Base» bazasi faoliyatini modernizatsiya qilish va yana ikkita mudofaa hududini tashkil etishga yo‘l ochadi.

Kelishuvga muvofiq, Grenlandiya ustidan suverenitet Daniyada saqlab qolinadi. Hujjatda Daniya Qirolligining suvereniteti va hududiy yaxlitligi, shuningdek, Grenlandiya xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi tan olinishi alohida qayd etilgan. Shu bilan birga, mazkur bitim AQSHga Grenlandiyadagi harbiy imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

Kelishuv nimani nazarda tutadi?

AQSH, Daniya va Grenlandiya o‘rtasidagi yangi hujjat 1951 yilda tuzilgan AQSH–Daniya mudofaa bitimini o‘zgartiradi va to‘ldiradi. Uning asosiy maqsadi — Arktika va Shimoliy Atlantika mintaqasida xavfsizlikni kuchaytirishdan iborat bo‘ladi.

Hujjatga ko‘ra, AQSH Grenlandiya hududidan harbiy maqsadlarda foydalanish ko‘lamini kengaytiradi. Xususan, Amerika harbiy samolyotlariga Grenlandiya osmonidan uchib o‘tish va uning hududiga qo‘nish, AQSH davlat kemalariga esa hududiy suvlarda harakatlanish hamda suv osti orqali kirish huquqi beriladi. Shuningdek, kelishuv AQSHga hozirda ishlab turgan «Pituffik Space Base» bazasini modernizatsiya qilish va kengaytirish imkonini taqdim etadi.

Grenlandiyada yangi bazalar paydo bo‘ladi

«Reuters» agentligi ma’lumotiga ko‘ra, AQSH janubdagi Narsarsuak hududida joylashgan, Sovuq urush davriga oid sobiq bazani qayta tiklamoqchi. Ikkinchi obyekt esa sharqiy sohildagi Mestersvig hududida tashkil etiladi. «Al Jazeera» telekanali bu ikki manzilni yangi harbiy bazalar sifatida ko‘rsatgan. Narsarsuakda AQSHning «Bluie West One» bazasi joylashgan bo‘lib, u 1950 yillarda yopilgan. Mestersvigdan esa hozirda Daniyaning «Sirius Dog Sled Patrol» maxsus kuchlari foydalanib kelmoqda.

Kelishuv matnida bu obyektlar «Defense Areas», ya’ni mudofaa hududlari sifatida belgilangan. Hujjatda, shuningdek, kelgusida qo‘shimcha mudofaa hududlari tashkil etilishi mumkinligi ham ko‘zda tutilgan.

Biroq yangi obyektlarga qancha harbiy xizmatchi joylashtirilishi va ular qachon to‘liq ishga tushishi kelishuvda aniq ko‘rsatilmagan. «Reuters» ham bu borada aniq muddat va harbiylar soni ochiqlanmaganini xabar qilgan.

AQSH Grenlandiyada avval ham bazaga ega edi

Yangi kelishuv AQSHning Grenlandiyaga ilk bor harbiy maqsadda kirib kelayotganini anglatmaydi — Vashington orolda avvaldan o‘z harbiy obyektiga ega edi.

«Pituffik Space Base» AQSHning Grenlandiyadagi amaldagi asosiy harbiy-kosmik obyekti hisoblanadi. «Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, Sovuq urush davrida AQSH orolda 17 ta harbiy obyekt va 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchisini saqlagan. Bugungi kunda esa asosiy faol obyekt sifatida faqat «Pituffik» qolgan edi.

Boshqa davlatlarga cheklovlar qo‘yiladi

Kelishuv nafaqat AQSHning vakolatlarini kengaytiradi, balki boshqa davlatlarning Grenlandiyadagi harbiy va ayrim iqtisodiy faoliyatlariga ham jiddiy cheklovlar o‘rnatadi.

Hujjatga ko‘ra, NATOga a’zo bo‘lmagan davlatlar Grenlandiyada harbiy inshoot qurishi yoki doimiy harbiy kuch joylashtirishi uchun Daniya, Grenlandiya va AQSHning roziligini olishi shart bo‘ladi.

Shuningdek, kelishuv NATOga a’zo bo‘lmagan, NATO hamkori yoki YI a’zosi bo‘lmagan davlatlar va investorlarning Grenlandiyadagi ayrim strategik sohalarda nazorat, sezilarli ta’sir yoki maxfiy ma’lumotlarga kirishini cheklaydi

Grenlandiya ustidan nazorat kimda qoladi?

Kelishuvning eng muhim bandlaridan biri — bu suverenitetning saqlab qolinishidir.

Daniya hukumati o‘z rasmiy bayonotida hujjat Daniya Qirolligining suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek, grenlandiyaliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini to‘liq hurmat qilishini bildirdi. Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen ham kelishuv mahalliy xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tan olishini ta’kidlagan.

Yangi bitim Grenlandiyani AQSH hududiga aylantirmaydi. Uning asosiy mazmuni faqatgina xavfsizlik va harbiy hamkorlik shartlarini yangilashdan iborat.

Qarama-qarshilikning mantiqiy yechimi

Bu hujjat AQSH va Daniya o‘rtasida Grenlandiya masalasida bir necha oy davom etgan sovuq munosabatlardan so‘ng imzolandi.

AQSH prezidenti Donald Tramp avvalroq Grenlandiyani AQSH nazoratiga olish va sotib olish niyati haqida bir necha bor ochiq gapirgan edi. «Al Jazeera» nashri mazkur kelishuvni aynan o‘sha oylab davom etgan qarama-qarshilikning mantiqiy yechimi sifatida baholamoqda.

Daniya va Grenlandiya tomoni esa muzokaralar davomida suverenitet masalasi ular uchun eng asosiy va qat’iy shart ekanini bildirgan. Yakuniy kelishuv matnida suverenitet va o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga doir bandlarning kiritilishi ham shundan dalolat beradi.

Kelishuv Rossiya va Xitoy omili bilan qanday bog‘lanmoqda?

AQSH tomoni ushbu hujjatni Arktikada xavfsizlikni ta’minlash zarurati bilan bog‘lamoqda. Kelishuv matnida ham Arktikada xavfsizlik vaziyati o‘zgarayotgani va mintaqada qo‘shimcha choralar ko‘rish kerakligi qayd etilgan.

«Al Jazeera» esa Grenlandiyaning strategik geografik joylashuvi va Arktikada Rossiya hamda Xitoy bilan bog‘liq raqobatning keskinlashib borayotganini ushbu bitimning asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘rsatadi. Hujjatda NATOga kirmaydigan davlatlarning harbiy hozirligi va ayrim «nozik» sarmoyalariga cheklovlar belgilab qo‘yilgan.

Shunday bo‘lsa-da, bu bandlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya yoki Xitoyga qarshi qaratilgan alohida sanksiya yoxud harbiy harakatlar rejasi keltirilmagan. Boisi, kelishuvda aniq davlatlar emas, balki umumiy ravishda «NATOdan tashqari davlatlar» degan jumla ishlatilgan.

Kelishuv qachon kuchga kiradi?

Kelishuv joriy yilning 22-sentabr kuni imzolandi, ammo u darhol kuchga kirmaydi.

Daniya hukumatining ma’lum qilishicha, hujjat amaliyotga tatbiq etilishi uchun dastlab zarur milliy parlament protseduralaridan o‘tishi shart. Kelishuv matnida ham u Daniya va Grenlandiya tomonidan zarur parlament jarayonlari yakunlangani haqida diplomatik nota almashilgan sanadan e’tiboran kuchga kirishi belgilangan.

Hujjatning yana bir o‘ziga xos tomoni shundaki, unda amal qilish muddati ko‘rsatilmagan. Ya’ni kelishuvning yakuniy sanasi yo‘q va u faqat tomonlarning o‘zaro roziligi asosidagina o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Grenlandiya mustaqil bo‘lsa, nima bo‘ladi?

E’tiborlisi, kelishuvda Grenlandiyaning kelajakda mustaqil davlat bo‘lish ehtimoli ham alohida inobatga olingan.

Hujjatga ko‘ra, agar Grenlandiya o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidan foydalanib, mustaqillikka erishsa, uning hukumati NATO tarkibida qolishni ta’minlashi hamda amaldagi kelishuv bo‘yicha Daniyaga berilgan barcha huquq va majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi shart bo‘ladi. Mazkur band hujjat nafaqat Grenlandiyaning hozirgi siyosiy maqomiga, balki uning kelajakdagi ehtimoliy mustaqilligiga ham oldindan moslashtirilganini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid