«Men muhtaram oliy rahbarimiz hech qanday qonuniy asos va sababsiz o‘ldirilgan Erondan keldim» — Pezeshkiyon
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida AQSH va Isroilni ochiqchasiga genotsid hamda ikkiyuzlamachilikda aybladi. U o‘z nutqini boshlashi bilan AQSH delegatsiyasi vakili zalni tark etdi. Isroil delegatsiyasi ham bu ma’ruzani boykot qildi.
© BMTEron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida so‘zlagan nutqida Isroil va AQSHni keskin qoralab, Eronning tinchliksevar siyosati va o‘z-o‘zini mudofaa qilish huquqini ta’kidladi.
«Biz terrorchi emasmiz, biz terrorizm qurbonimiz»
Mas’ud Pezeshkiyon o‘z nutqini AQSH prezidentining ayblovlariga javob berishdan boshladi.
«Xonimlar va janoblar, men kecha sizlarning e’tiboringizga havola qilish uchun bir nutq tayyorlagan edim. Biroq Qo‘shma Shtatlar prezidenti bizni terrorchilar deb atadi. Holbuki, aynan biz terrorizm qurboni bo‘lganmiz», — deya ta’kidladi Eron rahbari.
Pezeshkiyon BMT minbarida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning suratini ko‘rsatdi. Shuningdek, u Erondagi maktabga berilgan zarba oqibatida halok bo‘lgan bolalar tasvirlarini ham namoyish qildi.
«Ular olimlarimizni, erkak-ayollarimizni va go‘daklarimizni o‘ldirdi, shahid qildi. Aslida hech qanday jinoyat qilmagan, gunohsiz bolalarni qurbon qildi. Asl terrorchilar, terrorchilarni tayyorlaydigan va himoya qiladiganlar esa bugun bizga shunday tamg‘a yopishtirmoqda», — dedi u.
Isroilning G‘azodagi harakatlari va suiqasdlar
Eron prezidenti Isroilning G‘azodagi harakatlarini «ochiqdan-ochiq genotsid» deb atadi va 80 mingdan ortiq begunoh tinch aholi o‘ldirilganini ta’kidladi. Shuningdek, u Ismoil Honiyaga qilingan suiqasdni eslatib o‘tdi.
«Ular chegaradosh hududlarga suqulib kirib, xalqaro huquq me’yorlarini oyoqosti qilgan holda universitetlarimiz, tibbiyot markazlarimiz, maktab va shifoxonalarimizni, infratuzilma obyektlarimizni nishonga olishdi. Men prezidentlik vazifasiga kirishgan kunim — inauguratsiya marosimida ular Eron hududida Ismoil Honiyaga suiqasd qildi. Isroil istalgan viloyat va shahardagi xohlagan mahallani nishonga olib, xuddi haqiqiy terrorchilar kabi qotilliklarni amalga oshirmoqda», — dedi Pezeshkiyon .
Eronning mudofaa siyosati va yadro dasturi
Pezeshkiyon Eronning harbiy qudrati faqat mudofaa maqsadlariga xizmat qilishini va mamlakat tinchlik maqsadlaridagi yadro texnologiyasidan voz kechmasligini yana bir bor ta’kidladi.
«Eron o‘ziga va o‘z kelajagiga nisbatan tahdidlarning oldini olish uchun qudratli bo‘lishi shart. Biz o‘z kuchimizdan hukmronlik yo‘lida foydalanishni istamaymiz va o‘z xavfsizligimizni boshqalarning hayoti hisobiga qurmaymiz. Aynan shuning uchun ham biz mudofaa maqsadlarida harbiy qudratga egamiz, biroq biz buni ochiq aytamiz: mamlakatimizni himoya qilish uchun hech kimdan ruxsat yoki rozilik so‘ramaymiz. Biz taraqqiyot uchun energiyaga intilyapmiz. Yillar davomida ular bizning yadroviy texnologiyalarimizga sentrifugalar, xalqaro sanksiyalar va boshqa yorliqlarni yopishtirib kelishdi. Biroq bizning mamlakatimiz uchun tinchlik maqsadlaridagi yadro texnologiyasi tabiiy taraqqiyotimizning ajralmas bir qismidir.
Bemorlarimiz uchun bu — shifo va davo. Qishloq xo‘jaligi sektori uchun bu — oziq-ovqat xavfsizligi. Sanoatning o‘sishi, taraqqiy etishi va elektr energiyasi ta’minoti uchun muhim bo‘lgan yadroviy texnologiyalarning faqatgina sanoqli davlatlarning monopoliyasida bo‘lishini Eron hech qachon qabul qilmaydi», — dedi u.
Shuningdek, yadro quroliga ega bo‘lgan Isroil nazoratdan chetda qolayotgani, Eron esa tinch maqsadlardagi dasturi uchun sanksiyalarga uchrayotgani adolatsizlik ekanini bildirdi:
«Isroil G‘azoda 70 mingdan ortiq begunoh insonni shafqatsizlarcha o‘ldirdi. Eron esa muzokaralar stoli atrofida o‘tirgan bir paytda bombardimon qilindi. Isroilda bombalar, ommaviy qirg‘in qurollari bor, u yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga a’zo emas, o‘zining sharmandali tarixi davomida biror marta ham nazorat tekshiruvlariga ruxsat bermagan. Shunga qaramay, mintaqaning istalgan poytaxtini istagan vaqtda bombardimon qilishi uchun unga barcha zarur vositalar taqdim etilmoqda. Takror aytaman: yadro quroli Isroilda, lekin nazoratchilar Eronda. Isroil qotillik qiladi, lekin sanksiyalar Eronga qo‘llaniladi. Bu shunday bir fojiaki, buni eshitgan odam bor-yo‘g‘i achchiq kulishi mumkin, xolos. Ular o‘ldirmoqda, bizga esa sanksiyalar qo‘llanib, biz jazolanmoqdamiz».
Falastin masalasi va mintaqaviy xavfsizlik
Nutq davomida Falastin masalasi xalqaro hamjamiyatning «ochiq yarasi» ekani va bu muammo hal etilmasdan turib, Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligi qayd etildi.
«Falastin uchun adolat ta’minlanmas ekan, G‘arbiy Osiyoda barqaror tinchlik o‘rnatish mumkin emas. Dunyoda bosqinchilik, tajovuz va adolatsizlik davom etar ekan, bunga qarshilik ham davom etaveradi», — dedi Eron rahbari.
Pezeshkiyon Eron qo‘shnilari bilan xavfsizlik masalasida hamkorlik qilishga tayyorligini va mintaqaviy muammolar tashqi kuchlar aralashuvisiz hal etilishi kerakligini aytdi.
«Eron butun dunyoga do‘stlik qo‘lini cho‘zmoqda. Biz zaifligimiz uchun emas, balki o‘z kuch-qudratimiz va matonatimizga bo‘lgan teran ishonchimiz tufayli dunyoni hamkorlikka va sheriklikka chaqirmoqdamiz», — deya ta’kidladi u.
Trampga murojaat: «Biz muloqotga tayyormiz»
Pezeshkiyon nutqining eng muhim qismlaridan biri AQSH bilan muzokaralarga bag‘ishlandi.
U Donald Trampga murojaat qilib, Eron muloqot va diplomatiyaga tayyorligini, biroq kuch ishlatish tahdidlari ostida muzokara olib borishni qabul qilmasligini bildirdi.
«Kecha Qo‘shma Shtatlar prezidenti tomonidan aytilgan so‘zlarga qaytadigan bo‘lsak, xalqaro huquq, muloqot, diplomatiya va asosiy insoniy me’yorlar bo‘yicha mutaxassislar shuni yaxshi tushunadiki, bizning mamlakatimiz sha’niga aytilgan barcha gaplar Birlashgan Millatlar Tashkilotining mohiyatiga, ustaviga va ruhiga butunlay ziddir. U shuni bilishi kerakki, sanksiyalar, tobora kuchayib borayotgan bosim va zo‘ravonliklar qarshisida Eron xalqining qarshilik ko‘rsatish irodasi faqat va faqat kuchayadi.
Biz hech qachon boshimizni egmaymiz va tiz cho‘kmaymiz. Janob Tramp va bizga nisbatan zo‘ravonlik qilmoqchi bo‘lganlar shuni tushunib yetsinlarki, Eron kuch ishlatish tilini qabul qilmagan holda, muloqotga, diplomatiyaga va muzokaralarga tayyor», — deya xulosa qildi Eron prezidenti.
AQSH delegatsiyasi zalni tark etdi
Eron prezidenti o‘z nutqini boshlashi bilan AQSH delegatsiyasining bir vakili zalni tark etdi. Isroil delegatsiyasi ham bu ma’ruzani boykot qildi.
22-senyatbr kuni Tramp Tehron bilan muzokaralarga boshchilik qilayotgan kuyovi Jared Kushner va Stiv Uitkoff Eron rasmiylari bilan uch soatlik uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qildi.
«Ularning uchrashuvi juda yaxshi va o‘ta mahsuldor bo‘ldi», — dedi Tramp jurnalistlarga.
U kelishuvga erishish yo‘lida «katta siljish» borligiga ishonishini qo‘shimcha qildi. Keyinroq Tramp muzokaralar davom etayotganini va oxir-oqibat kelishuvga erishilishiga ishonishini aytdi.
Bu bayonotlar Tramp BMT delegatlari oldidagi nutqida Eronni yo‘q qilish bilan yana bir bor tahdid qilganidan so‘ng yangradi.
«Eron bilan ularga qayta tiklanish va avvalgidan-da qudratliroq mamlakat yaratish imkonini beradigan bitim tuziladimi? Yoki men Islom Respublikasini yo‘q qilamanmi? Buni tezda amalga oshirib, ularga boshqa odamlarni o‘ldirish va mamlakatlarni vayron qilish uchun hech qachon imkon bermasligim kerakmi?» — dedi Tramp.





