Trampning tahdidlari O‘zbekistongacha yetib keldi
AQSH tomonidan Eronga qarshi boshlangan «Iqtisodiy quvg‘indi» kampaniyasi Markaziy Osiyo davlatlarini og‘ir tanlov qarshisida qoldirdi.
© ReutersJoriy yilning 24-avgust kuni AQSH moliya vaziri Skott Bessent Eronga qarshi «Iqtisodiy quvg‘indi» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Mazkur kampaniya Eronning iqtisodiy, savdo va moliyaviy aloqalarini, xususan, qo‘shni davlatlar bilan hamkorligini uzib qo‘yishga qaratilgan. Bu siyosat doirasida AQSH dastlab Eron aviakompaniyalariga nisbatan sanksiyalar kiritgan bo‘lsa, 23-sentabrdan e’tiboran ularga xizmat ko‘rsatuvchi aviatashuvchilar, banklar va yer usti xizmatlari ko‘rsatuvchi kompaniyalarning dollardagi hisobraqamlari bloklanadi.
«Axios» nashrining 9-sentabrda xabar berishicha, AQSH davlat kotibi Marko Rubio Amerika elchixonalariga qator xorijiy davlatlar hukumatlariga rasmiy nota yuborishni topshirgan. Hujjatda Eron bilan savdo-sotiqni to‘xtatish, unga aloqador kompaniyalarni aniqlash va AQSH ma’lumotlariga ko‘ra, Islom inqilobi muhofizlari korpusiga («IIPMK») aloqador bo‘lgan Eronning «Melli» va «Saderat» banklarining barcha bo‘limlarini yopish talab qilingan. Buni amalga oshirmaganlarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo‘llash va dollar tizimidan uzib qo‘yish bilan tahdid qilinmoqda. Abu-Dabi, Maskat, Gonkong, Doha, London va Berlin, shuningdek, Markaziy Osiyoning bir nechta poytaxtlaridagi AQSH vakolatxonalari bu bo‘yicha maxsus ko‘rsatma olgan. Biroq gap aynan qaysi poytaxtlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.
Markaziy Osiyo davlatlari AQSH ma’muriyatining bu ogohlantirishiga qanday munosabat bildirgani hozircha noma’lum, ular bu mavzuda izoh berishdan o‘zini tiymoqda. Biroq fakt shuki: so‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlari janubiy yo‘nalishlarga, xususan, Eron portlariga faol qiziqish bildirib kelmoqda — Tehron bilan tegishli kelishuvlar imzolangan va infratuzilmaga sarmoya kiritish rejalashtirilgan.
Janubga yo‘l: Markaziy Osiyoning Eron portlaridagi manfaatlari
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Turkmaniston orqali Eronga chiquvchi temiryo‘l tarmog‘idan foydalanib keladi. Eron transport tarmog‘i orqali yuklar yanada janubga — Fors va Ummon ko‘rfazlaridagi portlarga, u yerdan esa Janubiy Osiyo va boshqa mintaqalar bozorlariga yo‘l olishi mumkin. 2026 yilning iyun oyi oxirida Qozog‘iston mazkur yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi qadamni tashladi: Bandar-Abbosdagi Shahid Rajoiy portida o‘z transport-logistika terminalini qurish yuzasidan Eron bilan bitim imzoladi. Loyiha 27 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, shundan ikki yili qurilishga, 25 yili esa terminaldan foydalanishga sarflanadi.
O‘zbekiston ham o‘z tovarlarini tranzit qilishda Eron hududidan keng foydalanadi. Turkmaniston Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri temiryo‘l orqali bog‘langan bo‘lib, mintaqaning janub bilan quruqlikdagi aloqalarida muhim rol o‘ynaydi. Tojikiston esa Eron va Afg‘oniston bilan birgalikda Mashhad orqali o‘tuvchi transport yo‘lagini rivojlantirmoqda. O‘z navbatida, Qirg‘iziston Tehron bilan Bandar-Abbosda logistika markazini yaratish hamda «Bandar-Abbos — O‘sh» yo‘nalishini ochish masalasini muhokama qilgan.
Eron janubida Markaziy Osiyo davlatlarining rejalari bilan bevosita bog‘liq ikkita yirik port joylashgan: Fors ko‘rfazidagi Bandar-Abbos hamda Ummon ko‘rfazi sohilida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan tashqarida joylashgan Chobahor porti.
Shimoliy yo‘nalishlarga muqobil yo‘l
2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirguniga qadar Markaziy Osiyo davlatlari uchun mazkur janubiy yo‘nalishlarni rivojlantirish dolzarb masala emas edi. Sababi mintaqani dunyo bozorlari bilan bog‘lovchi aksariyat savdo yo‘llari Rossiya va Belarus orqali o‘tgan. Aynan shu yo‘nalishlar orqali Qozog‘istonning neft, uran, metall va g‘alla, O‘zbekistonning paxta, oltin va to‘qimachilik mahsulotlari, Tojikistonning qimmatbaho metallari va alyuminiyi hamda Qirg‘iziston oltin eksportining salmoqli qismi tashib kelingan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlari an’anaviy shimoliy yo‘nalishlarga muqobil variantlarni faolroq qidira boshladi. Eron yo‘nalishiga bo‘lgan qiziqish savdo va yuk tashish hajmlarida ham o‘z aksini topmoqda: 2025 yilda Qozog‘iston va Eron o‘rtasidagi temiryo‘l tashuvlari 69 foizga oshdi. Ushbu yo‘nalishning ahamiyatini O‘zbekiston misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin: o‘tgan 2025 yilda mamlakat jami importining qariyb 9 foizi — 3,9 milliard dollarlik tovarlar aynan Eron orqali olib o‘tilgan.
O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda bu tranzit yo‘lagini izchil rivojlantirib kelmoqda. Xususan, 2023 yilda Toshkent Turkmaniston, Eron va Turkiya bilan multimodal yo‘lakni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. O‘zbekiston transport vazirligining 2024-yilgi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning eksport yuklarini xalqaro bozorlarga yetkazib berish 9 ta yirik temir yo‘l yo‘lagi orqali amalga oshiriladi. Ular orasida «Bandar Abbos» tranziti ham mavjud.
O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istonning strategik rejalaridan joy olgan yana bir yirik bandargoh — Chobahor porti uzoq yillar davomida «arzon, xavfsiz va ishonchli» yo‘l sifatida talqin qilinib kelindi. Biroq hozirda uning atrofida ham harbiy va sanksiya xavflari tobora ortib bormoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, AQSHning Eronga nisbatan iqtisodiy qamal siyosati «Shimol — Janub» xalqaro transport yo‘lagining Qozog‘iston va Turkmaniston orqali o‘tuvchi janubiy tarmog‘iga, shuningdek, hozirda avtotransport orqali konteyner tashish bilan cheklanib qolayotgan Ozarbayjon qismiga ham jiddiy xavf tug‘diradi.
Hozircha AQSHning Eronga qarshi sanksiyalari uchinchi davlatlar orqali bu mamlakatga kirib kelayotgan tranzit yuklariga, jumladan, bevosita Eron hududi bo‘ylab o‘tayotgan tranzit mahsulotlariga taalluqli emas. AQSHning rasmiy hujjatlarida sanksiya ro‘yxatiga kiritilmagan tovarlarning Eron hududi orqali odatiy tranziti uchun cheklovlar ko‘zda tutilmagan. Shunga qaramay, Eron bilan ishlovchi transport kompaniyalari uchun ma’lum xavflar baribir yuzaga keladi va ularning moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatlari sezilarli darajada cheklanadi.
AQSHning bosimi mintaqani Xitoyga yaqinlashtirishi mumkin
Amerikalik milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchi Jeyms Dursoning fikricha, Vashington e’lon qilgan «mutlaq murosasizlik» siyosati barcha operatsiyalarga nisbatan birdek qo‘llanilmasligi mumkin.
«Ular «mutlaq murosasizlik» haqida gapirmoqda, ammo amalda bu siyosatda baribir ma’lum tirqishlar qoladi. Menimcha, ular hamma yo‘llarni to‘liq yopib tashlashga urinmaydi, balki ikkilamchi sanksiyalarni faqat zarurat tug‘ilgandagina qo‘llaydi. Biroq shuning o‘ziyoq butun mintaqa ishini izdan chiqarishga yetadi», — deydi ekspert.
Tahlilchining baholashicha, Markaziy Osiyo davlatlari AQSHdan transport tranziti uchun ma’lum istisnolar qilinishini so‘rashiga to‘g‘ri keladi.
«Aslida Markaziy Osiyo davlatlarida tanlov imkoniyati unchalik keng emas. Shu bois ularga AQSHning yon bosishi kerak bo‘ladi: modomiki Vashington bor e’tiborini Eronga qaratgan ekan, boshqa davlatlarga bu mamlakatdan, masalan, tranzit yo‘lagi sifatida foydalanishni davom ettirishga ruxsat berishi lozim», — deya qayd etadi Jeyms Durso.
Tahlilchilarning fikricha, AQSHning Markaziy Osiyo respublikalariga Eron bilan savdo va logistika aloqalarini uzish maqsadida o‘tkazayotgan bosimi bu mintaqada o‘z mavqeini tobora mustahkamlab borayotgan Xitoy uchun manfaatli bo‘lib xizmat qilishi mumkin. AQSH prezidenti Donald Tramp mintaqa davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, Markaziy Osiyoga jiddiy e’tibor qaratmoqda. AQSH ma’muriyatining asosiy maqsadi — strategik ahamiyati tobora ortib borayotgan va nodir yer elementlariga boy bo‘lgan ushbu mintaqada o‘z ta’sir doirasini mustahkamlash, shuningdek, bu yerda Xitoy va Rossiya ta’sirining yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Ammo ayni paytda mintaqa davlatlari Eron omili sabab AQSH bosimi ostida qolmoqda. Bunday vaziyatda esa Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy bilan ko‘proq hamkorlik qilishga moyil bo‘lib qolishi mumkin.
AQSH mintaqa davlatlari manfaatlarini ko‘zlab, Eronga qarshi sanksiyalar rejimida ayrim istisnolar qilishga rozi bo‘ladimi yoki yo‘q, bu hozircha noma’lum.
Geografik boshi berk ko‘cha
Eronning «Mehr» axborot agentligi tahririyati maqolasida ham ushbu murakkab vaziyat tilga olingan. Nashrning qayd etishicha, bir qarashda AQSHning Markaziy Osiyo davlatlaridan Tehron bilan aloqalarni uzishni talab qilishi Eronni izolyatsiya qilish siyosatining bir qismidek tuyuladi. Biroq amalda bu holat bitta fundamental muammoni yuzaga chiqaradi. O‘tmishda AQSH yakkalab qo‘yishga uringan ko‘plab davlatlardan farqli o‘laroq, Eron shunchaki alohida iqtisodiyot yoki bozor emas.
«Eronning geografik joylashuvi shundayki, uni mintaqaviy transport, energetika va savdo tarmoqlaridan chiqarib tashlash ko‘plab qo‘shni davlatlar uchun zarar keltiradi. Shu sababli Vashingtonning Eronni quruqlikdan qamal qilishga urinishi amalda Tehronni yakkalashning samarali chorasi emas, balki Markaziy Osiyo davlatlari zimmasiga qo‘shimcha chiqimlarni yuklashga urinish bo‘lib chiqishi mumkin», — deb yozadi «Mehr» nashri.
Asosiy masala shundaki, Markaziy Osiyo davlatlarining Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo hajmi ularning Xitoy, Rossiya yoki Yevropa bilan savdosiga qaraganda unchalik katta emas. Ammo Eron Islom Respublikasining bu mamlakatlar uchun ahamiyatini faqat o‘zaro savdo hajmi bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Eronning asl ahamiyati — uning tranzit yo‘nalishi va ochiq dengizlarga olib chiquvchi yo‘lak sifatidagi rolidadir.
Markaziy Osiyodagi beshta respublikaning barchasi umumiy bir geografik muammoga ega — ularning ochiq dengizga chiqish yo‘li yo‘q. Jahon bozorlariga yetib borish uchun ular boshqa davlatlar hududini kesib o‘tishga majbur. Tarixan Rossiya va Xitoy mintaqa uchun asosiy tranzit yo‘laklari bo‘lib kelgan. Ammo so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari yirik geosiyosiy o‘yinchilarga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida yangi, muqobil yo‘llarni ochishga intilmoqda.
«Mehr» nashrining xulosasiga ko‘ra, AQSHning Tehron bilan aloqalarni uzish borasida Markaziy Osiyoga qilayotgan bosimi Eronni yakkalab qo‘yishdan ko‘ra, ko‘proq mintaqa davlatlarini qiyin tanlov qarshisida qoldirmoqda. Agar Vashingtonning bu rejasi to‘liq amalga oshsa, Markaziy Osiyo mamlakatlarini geografik boshberk ko‘chadan olib chiqadigan kamsonli yo‘llardan biri ham yopiladi.
«Mana shu ziddiyat — Amerika siyosatining eng asosiy zaif nuqtasidir», — deya qayd etiladi maqolada.





