add

Rossiya benzin narxlarining 25 foizga oshib ketishi ortidan eksportni to‘liq taqiqlamoqchi

25.06.2025 | 23:3015004

Rossiya hukumati benzin narxining rekord darajada oshgani ortidan eksportga to‘liq taqiq joriy etish masalasini muhokama qilmoqda. Bu nafaqat treyderlar, balki yirik ishlab chiqaruvchilarni ham qamrab olishi mumkin.

Rossiya benzin narxlarining 25 foizga oshib ketishi ortidan eksportni to‘liq taqiqlamoqchi
2025 yil boshidan beri Rossiyada benzin narxlari 25 foizgacha oshib ketdi. Shuning ortidan mamlakat Federal monopoliyaga qarshi xizmati (FAS) bu masalani qaytadan ko‘tarib, RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novakka takliflar tayyorlamoqda. Bu haqda «Interfaks» va Reuters manbalari ma’lum qilgan. Sankt-Peterburg tovar xomashyo birjasida AI-95 markali benzin narxi iyun oyidan beri 11 foizga oshib, 24 iyun kuni 1 tonnasi uchun 67 ming 456 rublga yetdi. AI-92 esa 12 foizga qimmatlashib, 64 ming 462 rubl bilan so‘nggi bir yildagi eng yuqori ko‘rsatkichni yangiladi. Bu ko‘rsatkichlar 2023 yil kuzidagi benzin inqirozini eslatadi. Hozircha Rossiyada treyderlar va vositachilar uchun eksport taqiqlangan, lekin yangi tartiblarga ko‘ra ishlab chiqaruvchilar ham eksport huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu qaror «Gazprom» va «Rosneft» kabi yirik kompaniyalarga ham taalluqli bo‘ladi. Tahlilchilarning aytishicha, narx oshishi benzin ishlab chiqaruvchi korxonalardagi ta’mir ishlari sabab yetkazib berish hajmining kamayishiga bog‘liq. Masalan, Astraxan va Surgutdagi zavodlar vaqtincha to‘xtab turgan, iyulda esa Kuybishev neft zavodida ta’mir rejalashtirilgan. Shu sababli, bir tomondan benzin taklifida pasayish kuzatilmoqda, ikkinchi tomondan esa zavod egalari o‘z AYOQSH tarmoqlarini ta’minlash uchun birjadan faol ravishda sotib olishga majbur bo‘lmoqda. Rossiya hukumati 2024 yil martdan boshlab benzin eksportiga cheklov joriy qilgan edi. Bu qoidalar YeOII davlatlariga eksport, shaxsiy foydalanish va humanitar yordam uchun amal qilmaydi. 2024 yil dekabrdan esa eksport faqat ishlab chiqaruvchilarga ruxsat etildi. Shu yilning yanvar–may oylarida Rossiya benzin eksporti 25 foizga oshib, 2,51 mln tonnani tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya benzin narxlarining 25 foizga oshib ketishi ortidan eksportni to‘liq taqiqlamoqchi | Vaqt.uz