add

Rossiyada tug‘ilish darajasi so‘nggi 200 yilda eng past darajaga tushdi: Putin ayollar yetishmasligidan shikoyat qildi

15.07.2025 | 14:4035984

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda ayollar soni yetishmayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, demografik muammolar tobora chuqurlashmoqda, tug‘ilish esa so‘nggi 200 yillik tarixdagi eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi.

Rossiyada tug‘ilish darajasi so‘nggi 200 yilda eng past darajaga tushdi: Putin ayollar yetishmasligidan shikoyat qildi
Demografiya masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Putin bugungi kunda ayollar yetishmayotganini aytdi. RF bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova bunga ikki demografik to‘lqin — Ikkinchi jahon urushi va 1990-yillarda ro‘y bergan iqtisodiy tanazzul ta’sir qilganini qayd etdi. Uning aytishicha, bu ikki to‘lqin reproduktiv yoshdagi ayollar soniga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 2006 yildan buyon tug‘ish yoshidagi ayollar soni 39 milliondan 34 milliongacha kamaygan. 2046 yilga borib bu raqam yana 20 foizga qisqarib, 27 millionga tushib ketishi mumkin. Shuning uchun hukumat ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlashni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilamoqda. Biroq hozircha an’anaviy qadriyatlar, ko‘p bolalilik targ‘ibi va abortlarga cheklovlar orqali aholining ko‘payishini ta’minlashning iloji bo‘lmayapti. 2025 yilning birinchi choragida tug‘ilishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yana 4 foizga kamayib, 288,8 mingga tushdi. Bu XVII–XIX asrlar chegarasidagi darajadan ham past ko‘rsatkich hisoblanadi. Aholining tabiiy kamayishi tufayli Rossiya hukumati nafaqat demografik, balki umumiy aholi soniga oid ma’lumotlarni ham yashira boshladi. 2024 yilda Rossiyada tug‘ilgan bolalar soni 1,222 millionni tashkil etdi — bu 1999 yildan buyon eng past ko‘rsatkich. Shu yilning o‘zida o‘limlar tug‘ilishdan 596,2 mingtaga ko‘p bo‘ldi — bu oyiga 50 ming, kuniga 1,6 ming inson degani. Putin 2018 yilda mamlakatdagi aholi kamayishi jarayonini to‘xtatish maqsadida «Demografiya» milliy loyihasini boshlagan edi. Ammo 2018–2023 yillar oralig‘ida o‘limlar soni tug‘ilishdan 3,4 mlnga ko‘proq bo‘ldi. 2024 yilda u yana shu maqsadni 2030 yilgacha amalga oshirish vazifasini qo‘ydi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyada tug‘ilish darajasi so‘nggi 200 yilda eng past darajaga tushdi: Putin ayollar yetishmasligidan shikoyat qildi | Vaqt.uz