
Rossiyada tug‘ilishni oshirish uchun tunda internetni o‘chirish taklif qilindi
10.06.2025 | 09:0033484
Rossiyaning Bryansk oblasti dumasi deputati Mixail Ivanov yosh oilalarning kechasi internetdan foydalanishini cheklash orqali tug‘ilish darajasini oshirish mumkinligini bildirdi. Unga ko‘ra, internet «raqamli tiyilish»ga aylantirilishi lozim va kechki 23:00 dan 02:00 gacha unga kirish taqiqlanishi kerak.

Ivanovning so‘zlariga ko‘ra, internet «oila asoslarini yemiruvchi» yangi turdagi qaramlikka aylangan. «Yoshlar muloqot va ota-onalik haqida o‘ylash o‘rniga, tun bo‘yi telefonda o‘tirar, o‘yin o‘ynash va serial ko‘rish bilan band. Bu nafaqat yomon odat, balki mamlakatning demografik xavfsizligiga tahdiddir», — dedi u.
Deputat hukumatni yoshlar orasida real muloqotni rag‘batlantiradigan sharoitlar yaratishga chaqirdi. Uning taklifiga ko‘ra, avvalgi bosqichda internetni tunlari o‘chirish bo‘yicha ixtiyoriy eksperiment tashkil etilib, provayderlar va ijtimoiy xizmatlar bu jarayonda ishtirok etishi kerak.
Shu bilan birga, Ivanov Rossiyada kuchli oilalar an’anasini tiklash zarurligini ta’kidlab, buning uchun vaqtlicha internetni cheklash «millat kelajagi uchun katta to‘lov emas», dedi.
Mavzu Rossiya parlamentida avval ham ko‘tarilgan. Senator Olga Yepifanova yoshlar orasidagi internetga bo‘lgan muhabbat «individualizm va egoizmni oshiradi» va oilaviy qadriyatlarga zarar yetkazishini aytgan.
Rossiya tug‘ilish darajasi bo‘yicha SSSR parchalanganidan beri eng jiddiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda tug‘ilganlar soni 1,222 mln kishini tashkil etdi — bu 1999 yildan beri eng past ko‘rsatkich.
2025 yil yanvarda tug‘ilish koeffitsiyenti bir ayolga o‘rtacha 1,399 boladan to‘g‘ri kelgan — bu so‘nggi 18 yildagi eng past daraja hisoblanadi. Prezident Vladimir Putin 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni 1,6 ga yetkazish uchun har bir oiladan 8–10 farzand ko‘rishni so‘ragan, ammo aholi bunga tayyor emas. Odamlar urush, siyosiy beqarorlik, moliyaviy qiyinchilik va jamiyatdagi ruhiy tushkunlikni asosiy to‘siq sifatida keltiradilar.





