add

Rossiyadagi ikkinchi yirik neft zavodi o‘z quvvatining 40 foizini to‘xtatdi

07.10.2025 | 08:3841524

«Kirishinefteorgsintez» zavodi dron hujumi natijasida 22,8 ming tonna neftni qayta ishlash quvvatini yo‘qotdi, ta’mir uchun kamida to‘rt hafta talab etiladi.

Rossiyadagi ikkinchi yirik neft zavodi o‘z quvvatining 40 foizini to‘xtatdi
Leningrad oblastida joylashgan «Kirishinefteorgsintez» neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) 4 oktyabr kuni dron hujumiga uchragach, o‘zining eng yirik qayta ishlash qurilmasini to‘xtatdi. Bu haqda Reuters agentligi ikki manbaga tayanib xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turgan korxona 40 foiz ishlab chiqarish quvvatini — sutkasiga 22,8 ming tonna neft qayta ishlash imkonini yo‘qotgan. Manbalar ta’kidlashicha, hujum ortidan kelib chiqqan yong‘in natijasida AVT-6 qurilmasiga zarar yetgan va uning ta’miriga kamida 3–4 hafta kerak bo‘ladi. «Kirishinefteorgsintez» (yoki qisqacha «Kinef») o‘tgan yili 17,5 mln tonna neft qayta ishlagan, bu mamlakatdagi umumiy qayta ishlash hajmining qariyb 7 foizini tashkil etadi. Korxona so‘nggi bir oy ichida ikkinchi marta dron hujumiga uchradi — 14 sentyabrdagi hodisada ham zavodda yong‘in chiqib, AT-6 qurilmasi ishdan chiqqan edi. Hozir zavod mazkur qurilmani qayta ishga tushirishga harakat qilmoqda va boshqa uskunalarni 15 foizga yuqori yuklamada ishlatishni rejalashtirgan. Reuters manbalariga ko‘ra, bu chora orqali korxona neftni qayta ishlash hajmini 70 foiz atrofida — taxminan sutkasiga 40 ming tonna darajasida saqlab qolishi mumkin. «Kinef» oktyabr oyida Ukraina dronlari zarbasiga uchragan to‘rtinchi rus NQIZiga aylandi. Ilgari «Slavneft-YANOS» (Yaroslavl), Tuapse shahridagi «Rosneft» zavodi va Orenburg viloyatidagi «Orsknefteorgsintez» ham zarbaga uchragan edi. Sentyabrda esa kamida to‘rtta zavod — jumladan Novokuybishev va Ryazan NQIZlari faoliyatini qisman yoki to‘liq to‘xtatgan. Dizel va benzin tanqisligi tufayli Rossiya hududining ko‘p qismida AYOQSHlarda navbatlar paydo bo‘ldi. Hukumat Xitoy, Singapur va Janubiy Koreyadan yoqilg‘i import qilish, shuningdek Belarusdan xaridlarni oshirish rejasini ko‘rmoqda. RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak sentyabr oxirida hukumat yig‘ilishida yoqilg‘i taqchilligi yanada kuchayishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.  

Teglar

Mavzuga oid