add

Rossiyaning 57 ta hududi benzin tanqisligiga duch keldi

11.10.2025 | 22:5533205

Ukraina dronlari Rossiya NQIZlariga uyushtirgan hujumlar ortidan mamlakatning 57 regionida yonilg‘i ta’minotida uzilishlar yuz bermoqda.

Rossiyaning 57 ta hududi benzin tanqisligiga duch keldi
Rossiyaning kamida 57 hududi benzin va dizel yonilg‘isi bilan ta’minlashda jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi, deb yozmoqda BBC. Muammolar asosan mustaqil yonilg‘i quyish shoxobchalarida kuzatilgan. Tahlilda avgust oyidan buyon qayd etilgan barcha holatlar hisobga olingan, hatto ba’zi hududlarda vaziyat keyinchalik barqarorlashgan bo‘lsa ham. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadagi har uchinchi neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) Ukraina hujumlaridan jabr ko‘rgan. Faqat avgust oyining o‘zida 14 ta, sentyabrda — 8 ta, oktyabrning ilk 10 kunida yana 4 ta dron hujumi qayd etilgan. Reuters, Bloomberg va S&P Global Commodity Insights tahlillariga ko‘ra, kamida 10 ta yirik korxona, jumladan eksportga mo‘ljallanganlari ham, avgust–sentyabr oylarida qisman yoki to‘liq to‘xtatilgan. BBCʼning hisoblashicha, yil boshidan buyon Ukraina dronlari 38 ta eng yirik NQIZning 21 tasiga zarba bergan — bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 48 foizga ko‘p. Reuters agentligining yozishicha, avgust oyida Rossiya NQIZlaridagi ishlab chiqarish quvvati 23 foizgacha qisqargan — bu tarixdagi eng yuqori daraja bo‘lgan. Sentyabrda bu ko‘rsatkich yana oshgan. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, oktyabrda neft qayta ishlash hajmi sutkasiga 4,86 mln barrelgacha tushib, iyulga nisbatan qariyb 10 foizga kamaygan va so‘nggi besh yildagi eng past ko‘rsatkichga aylangan. Berlin Karnegi markazi tahlilchisi Sergey Vakulenkoning ta’kidlashicha, NQIZlardagi ishlab chiqarish hozircha ikki–uch hafta ichida tiklanishi mumkin, ammo keyingi vaziyat Ukraina hujumlarining davomiyligi va miqyosiga bog‘liq bo‘ladi. «Ukraina qancha dron ishlab chiqara oladi va ularni qay darajada ko‘p miqdorda qo‘llaydi — shu holat Rossiyaning yoqilg‘i bozori kelajagini belgilaydi», — deydi ekspert. Yoqilg‘i qayta ishlash hajmining qisqarishi va benzin narxining 14 yillik rekordga chiqishi ortidan ayrim hududlarda, jumladan anneksiya qilingan Qrimda, fuqarolarga yoqilg‘i sotishga cheklovlar joriy qilindi. Krizisni yumshatish uchun Rossiya hukumati benzin va dizel eksport qilinishini vaqtincha taqiqladi va boshqa davlatlardan import boshlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb yozadi «Kommersant».

Teglar

Mavzuga oid