
Samarqandda Agroinspeksiya xodimi qamoqqa olindi
13.10.2025 | 12:5017232
Ayblanuvchi fermer xo‘jaligidagi 50 sotix yerda unumdorlikka zarar yetkazilgan holatni yashirish, ya’ni chora ko‘rmaslik evaziga pora talab qilgan.

Samarqand viloyatida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining yetakchi mutaxassisi fermerdan pora olgan vaqtida ushlandi. Bo‘ haqda DXX xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mansabdor shaxs Samarqand tumanidagi fermer xo‘jaligida yer unumdorligiga yetkazilgan zarar yuzasidan chora ko‘rmaslik evaziga 3 ming AQSH dollari talab qilgan. U avval 500 dollarni olgan, qolgan 2500 dollarni esa tezkor tadbir paytida qabul qilib olayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fuqaro ijaraga olgan 50 sotix yer maydonida agrotexnika qoidalariga rioya qilmagani sababli yer unumdorligiga zarar yetkazilgani aniqlangan. Shu holatni yashirish uchun inspeksiya xodimi fuqarodan pora talab qilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, bunday harakatlar jinoyat hisoblanadi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ehtiyot chorasi sifatida «qamoqqa olish» belgilangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.





