
Samarqandda MDH xavfsizlik xizmatlari rahbarlari yig‘ilishi boshlandi
16.10.2025 | 16:1544074
Samarqand shahrida MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi ish boshladi.

2025 yilning 16–17 oktyabr kunlari Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etilgan.
Yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan tabrik so‘zi o‘qib eshittirildi. Davlat rahbari o‘z murojaatida mazkur anjuman terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik uchun muhim platformaga aylanganini qayd etdi.
Prezident mintaqa xavfsizligiga tahdid solayotgan omillar — Afg‘onistondagi beqarorlik, xalqaro terrorchi guruhlar faolligi va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikning oldini olishda ma’lumot almashish va hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev kiberjinoyatchilik va sun’iy intellektdan g‘arazli maqsadlarda foydalanish xavfi ortib borayotganini qayd etar ekan, bu sohada ham qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, axborot xavfsizligi hozirgi zamonning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Prezident global xavfsizlik bo‘yicha ham fikr bildirdi. U Yaqin Sharq va mintaqa atrofidagi ziddiyatlar iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini, shuningdek, energiya narxlari va transport loyihalariga bog‘liq muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan davlat rahbari MDHga a’zo mamlakatlar maxsus xizmatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, barqaror iqtisodiy va energetik rivojlanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni kuchaytirish zarurligini bildirdi.





