Logo

«SpaceX» IPOsidagi shov-shuv bir oyda so‘ndi

Bugun 08:204 daqiqa

Kompaniya ommaviy savdoga chiqqan dastlabki oydayoq sarmoyadorlarning quvonchi tezda jiddiy xavotirga aylandi.

«SpaceX» IPOsidagi shov-shuv bir oyda so‘ndi © habrastorage.org

Ilon Mask asos solgan va rahbarlik qilayotgan ushbu kompaniya aksiyalari 12-iyun kuni fond bozoriga ilk bor chiqarilganida, sarmoyadorlar o‘rtasida haqiqiy ajiotaj ko‘tarilgan edi.

Garchi kompaniya o‘z aksiyasining boshlang‘ich narxini 135 dollardan belgilagan bo‘lsa-da, savdoning birinchi kunidayoq bu ko‘rsatkich avval 150, keyin esa 176 dollargacha ko‘tarilib, kun yakunida 160,95 dollarda to‘xtadi.

Bu esa «SpaceX» ning barcha davrlardagi eng yirik dastlabki ommaviy aksiyalar joylashtiruvi (IPO) maqomini mustahkamladi.

Keyingi haftada aksiyalar narxi yanada o‘sib, kun davomida o‘zining eng yuqori — 225 dollarlik cho‘qqisiga chiqdi. Bu esa kompaniyaning umumiy bozor qiymati bo‘yicha «Amazon» va «Microsoft» kabi gigantlarni ham ortda qoldirganini anglatar edi.

«Gap Ilon Mask haqida ketar ekan, uning har qanday loyihasi odamlarda katta qiziqish uyg‘otadi. Biroq bu safar odamlar ilk bor sun’iy intellekt mahsuloti sifatida taqdim etilayotgan loyihaga sarmoya kiritish imkoniga ega bo‘lganliklarini his qilishdi» — deydi «CFRA» investitsion tadqiqotlar firmasi tahlilchisi Kit Snayder.

Xususiy investorlarning yopiq kompaniyalarga sarmoya kiritishiga ko‘maklashuvchi «Neosteller» kompaniyasi investori Villi Li ham IPO atrofidagi bunday shov-shuvlar asosan sun’iy intellekt (SI) bilan bog‘liq bo‘lganini aytadi.

«Barcha «SpaceX» loyihasini sun’iy intellekt bilan bog‘liq voqea sifatida qabul qildi», — deydi u.

Joriy yilning boshida «SpaceX» Maskning bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan «Grok» chat-boti bilan tanilgan va yaqinda «SpaceX AI» deb qayta nomlangan «xAI» startapini sotib olgan edi. Shuningdek, kompaniya ma’lumotlar markazi quvvatlarini boshqa texnologik firmalarga ijaraga berishni ham boshladi.

Biroq kompaniyaning asosiy faoliyati raketalar hamda «Starlink» telekommunikatsiya sun’iy yo‘ldoshlarini ishlab chiqarish va koinotga uchirishdan iborat. Yirik ma’lumotlar markazi qurilishi bo‘yicha mahalliy aholining noroziliklari fonida «Starlink» Tennessi shtatining Memfis hududida o‘z xizmatlari narxini arzonlashtirishini e’lon qilgach, o‘sha kunning o‘zidayoq «SpaceX» aksiyalari 8 foizga qadrsizlandi.

«SpaceX» ayni paytda aslida nimaning ortidan daromad qilayotgani haqidagi haqiqat oydinlasha boshlagach, kompaniya aksiyalari ham pastga sho‘ng‘idi.

Texnologiya kompaniyalari aksiyalari uchun kechgan so‘nggi beqaror haftalarda eng katta zarbani aynan «SpaceX» qabul qilib oldi. 7-iyul kuni kompaniya «Nasdaq100» indeksiga kiritilganida, umumiy indeks 1,7 foizlik pasayish bilan yopilganiga qaramay, «SpaceX» aksiyalari 4,4 foizga arzonlashdi.

Bunga qadar uning «FTSE Russell» indeksiga kiritilishi aksiyalar narxining biroz ko‘tarilishiga xizmat qilgan edi.

Dastlabki savdo oyining yakuniga kelib, «SpaceX» aksiyalarining donasi taxminan 145 dollardan sotildi. Bu ko‘rsatkich savdoning birinchi kunidagi eng yuqori natijadan qariyb 18 foizga, shu paytgacha qayd etilgan mutlaq rekorddan esa 35 foizga past.

«Haqiqiy zarar»

Narxlarning bu qadar keskin pasayishi savdoning dastlabki besh kunida «SpaceX» aksiyalarini xarid qilgan chakana investorlar o‘z sarmoyalaridan zarar ko‘rish xavfi ostida qolganini bildiradi.

«Agar siz aksiyalarni savdo boshlangan dastlabki lahzalardayoq xarid qilgan bo‘lsangiz, hozir aniq zarar ko‘rmoqdasiz», — deydi Snayder.

Tahlilchi kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, «SpaceX» aksiyalari narxi yanada pasayishini va bir donasi uchun taxminan 115 dollarga tushib ketishini taxmin qilmoqda. Bu esa kompaniyaning umumiy qiymati 1,5 trillion dollar atrofida baholanishini anglatadi.

Shunday bo‘lsa-da, Ilon Mask «SpaceX» biznesining kelajagiga juda katta ishonch bilan qaramoqda.

Kompaniyaning birjaga chiqishi uni dunyodagi birinchi trillionerga aylantirganidan so‘ng, Mask «SpaceX» 2030 yilga borib yiliga 1 trillion dollar daromad keltirishini ma’lum qildi.

Shuningdek, Mask «SpaceX» aksiyalari va ularning o‘zgaruvchanligidan o‘ziga xos valuta sifatida foydalanishga tayyor ekanini ham кўрсатди.

16-iyun kuni aksiyalar narxi keskin ko‘tarilgan bir paytda, «SpaceX» dasturlash kodini yozishga mo‘ljallangan sun’iy intellekt botini yaratgan «Cursor» startapini sotib olayotganini e’lon qildi. Qiymati 60 milliard dollarlik ushbu kelishuv to‘liq aksiyalar hisobidan moliyalashtirildi.

O‘sha vaqtda «SpaceX» aksiyalari qanchalik qimmatlashgani hisobga олинса, Mask bu kelishuv orqali «Cursor» loyihasini amalda tekinga qo‘lga kiritdi.

Barchaning e’tibori kompaniyaning ommaviy moliyaviy hisobotiga qaratilgan

«BBC» nashrining yozishicha, «SpaceX» IPOsi jarayonida asosiy bankir vazifasini bajargan «Morgan Stanley» bu pasayishni faqatgina vaqtinchalik chekinish deb baholayotganga ўхшайди.

O‘tgan haftada bankning moliyaviy tahlilchilari kompaniya faoliyatini o‘rganishni boshladi va aksiyalarning maqsadli narxini 300 dollar qilib belgiladi. Bu esa shu paytgacha qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan ham 33 foizga yuqori.

Ommaviy savdoga chiqish uchun talab etiladigan moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, «SpaceX» ayni paytda zararda ishlamoqda. Kompaniya o‘tgan yili 18 milliard dollar daromad qilgan edi.

Ilon Mask tomonidan prognoz qilinayotgan 1 trillion dollarlik daromad esa bu ko‘rsatkichdan taxminan 55 barobar ko‘p.

Ayni paytda, investorlarning kompaniya tomonidan taqdim etiladigan ilk ommaviy moliyaviy hisobotga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. «SpaceX» hisobot e’lon qilinadigan sanani hali ochiqlamadi, biroq moliyaviy tahlilchilar bu jarayon avgust oyining boshlarida yuz berishini taxmin qilmoqda.

Katta ehtimol bilan, kompaniya hisobotining e’lon qilinishi «lok-ap» (sotuvga qo‘yilgan cheklov) davrining yakunlanishiga to‘g‘ri keladi. Bu davr tugagach, kompensatsiya tariqasida olingan firma aksiyalarini sotishi taqiqlangan «SpaceX» xodimlari ularni ochiq bozorga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ochiq savdoga ko‘proq aksiyalarning chiqarilishi, shuningdek, «SpaceX» biznesi va uning kelgusi rejalari haqidagi batafsil ma’lumotlar birjada narxlarning yanada keskin tebranishiga sabab bo‘lishi mumkin. 

Teglar

Mavzuga oid