add

Sun’iy intellektda shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berish javobgarlikka tortiladi

Bugun 17:302 daqiqa

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sun’iy intellektdan foydalanish tartibi belgilandi. Qonunchilik buzilganda katta miqdorda jarima qo‘llaniladi.

Sun’iy intellektda shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berish javobgarlikka tortiladi

O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni huquqiy jihatdan tartibga solinib, raqamli muhitda shaxsga doir ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlanadi. Bu bo‘yicha 21-yanvarda qabul qilingan O‘RQ–1115-sonli Qonun bilan axborotlashtirish sohasidagi qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Sun’iy intellektdan foydalanishning huquqiy asoslari

Qonunga muvofiq, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunga sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilaydigan normalar kiritildi hamda ushbu sohada vakolatli davlat organining aniq vakolatlari belgilandi.

Unda sun’iy intellekt inson bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish, mustaqil o‘rganish, yechimlar izlash va aniq vazifalarni bajarish orqali inson aqliy faoliyati natijalariga taqqoslanadigan xulosalarni berish imkonini yaratuvchi texnologik yechimlar majmui deya ta’riflanadi.

Shu bilan birga, insonning huquq va erkinliklariga daxldor, yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga to‘liq tayanishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Bu norma inson omilini saqlab qolish va avtomatlashtirilgan qarorlardan kelib chiqadigan xavflarni cheklashga qaratilgan.

Qanday javobgarlik qo‘llaniladi?

Qonunda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish yoki ularni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari hamda Internet orqali tarqatish uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Bunday holatlarda huquqbuzarlikni sodir etish qurollari musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha, ya’ni 41 million 200 ming so‘mgacha jarima solinishi mumkin.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qonunchilik palatasi «Apple Pay» va «Google Pay» kabi xalqaro to‘lov tizimlarini O‘zbekistonda joriy etilishi uchun tegishli qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni ma’qullagan edi.

Teglar

Mavzuga oid