Logo

Tojikiston iyul oyida qo‘shni davlatlardan yonilg‘i importini uch barobar oshirdi

Bugun 11:152 daqiqa

2026-yilning birinchi yarmida mamlakat 244 ming tonna benzin, 300,2 ming tonna dizel va 40,4 ming tonna aviatsiya kerosini import qilgan.

Tojikiston iyul oyida qo‘shni davlatlardan yonilg‘i importini uch barobar oshirdi © Sputnik

Tojikiston joriy yilning iyul oyida Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan motor yonilg‘isi importi hajmini iyun oyiga nisbatan uch barobar oshirib, 34 ming tonnaga yetkazdi. Bunga Rossiyadan yonilg‘i yetkazib berish hajmining kamayishi sabab bo‘lgan. Bu haqda «The Moscow Times» xabar berdi.

Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyadan Tojikistonga avtobenzin yetkazib berish ikki baravar kamayib, 14,1 ming tonnani tashkil etgan. Dizel yonilg‘isi importi 2 foizga pasayib, 30 ming tonnaga tushgan. Aviatsiya kerosini esa umuman yetkazib berilmagan.

Rossiyada neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar hujumlari ortidan motor yonilg‘isi tanqisligi yuzaga kelgan. Oqibatda iyul oyi boshida benzin ishlab chiqarish ichki ehtiyojning o‘rtacha darajasining atigi 65 foizini tashkil etgan. Shundan so‘ng Tojikiston Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan yonilg‘i xaridini sezilarli darajada oshirgan. Jumladan, benzin importi iyundagi 8,4 ming tonnadan 13,8 ming tonnaga, dizel yonilg‘isi 2,45 ming tonnadan 17,6 ming tonnaga, aviatsiya kerosini esa 316 tonnadan 2,5 ming tonnagacha ko‘paygan.

Manbalarning bildirishicha, 2026-yilning birinchi yarmida Tojikiston 244 ming tonna benzin, 300,2 ming tonna dizel yonilg‘isi va 40,4 ming tonna aviatsiya kerosini import qilgan. Energetika va suv resurslari vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida mamlakat jami 922 ming tonna neft mahsulotlari import qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 114 ming tonna yoki 11 foizga ko‘p.

Iyul oyida energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma hukumat Qozog‘iston, Turkmaniston, Eron, Iroq va Belarus bilan qo‘shimcha neft mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgan.

Tojikiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) a’zosi emas. Biroq mamlakat har yili Rossiya bilan bojsiz neft mahsulotlari yetkazib berish kvotasini kelishib oladi. 2026-yil uchun mazkur kvota 1,1 million tonnani tashkil etadi.

Narxlar

Avgust oyi boshida Tojikistonda AI-92 benzinining chakana narxi bir litri uchun 11–11,2 somoniydan 12–12,5 somoniygacha oshgan. Yozgi dizel yonilg‘isi narxi esa 13,4–13,8 somoniydan 16,5–18,5 somoniygacha ko‘tarilgan. Manbalarga ko‘ra, ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-95, AI-98 benzini va dizel yonilg‘isi sotuviga cheklovlar joriy etilgan.

«Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-95, AI-98 va dizel yonilg‘isini sotish cheklangan. Shu bilan birga, elektromobillarga bo‘lgan talab ortib bormoqda», — degan yonilg‘i quyish tarmoqlaridan birining vakili.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Qirg‘izistonga oyiga 20 ming tonnaga yaqin neft mahsuloti bermoqchiligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid